Bepul muzqaymoqdan avtomobilgacha – dunyo mamlakatlarida koronavirusga qarshi emlanganlar qanday rag‘batlantirilmoqda?
Moskvada koronavirusga qarshi emlanganlar avtomobil yutib olishlari mumkin, AQShda esa omadi kulib boqqanlar 5 mln dollar sohibiga aylanadi. Forbes dunyo mamlakatlarida koronavirusga qarshi emlanganlar qanday tarzda rag‘batlantirilayotgani haqida ma'lumot berdi.
Rossiya
Avtomobil. Moskvada 14 iyundan 11 iyulgacha koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi dozasini olganlar o‘rtasida 20 dona Renault Logan avtomobili o‘ynaladi. Bu haqda Moskva savdo-sanoat palatasi prezidenti Vladimir Platonov ma'lum qildi.
Avtomobillar haftada bir marta o‘z egasini topadi, natijalar «Moskva 24» telekanali orqali e'lon qilinadi.
«Moskva-Siti» tomosha maydonchasiga bepul chipta. «16 iyundan «Moskva-Siti»dagi emlash punktida har kuni 200 donadan bepul chipta ajratiladi», — deb xabar berdi Panorama360 tomosha maydonchasi matbuot xizmati.
Shokoladli eskimo. Moskva bosh univermagidagi emlash punktida vaksinaning har bir dozasi bilan emlanganlarga shokoladli eskimo muzqaymog‘i taqdim etiladi.
Chegirmalar. Moskvadagi keksalar uchun «Millionta yutuq» dasturi joriy etilgan. Birinchi emlashdan keyin ularga 1000 ball (rubl) qiymatga ega sovg‘a kartasi beriladi. Sovg‘a kartasidan mahsulot yoki xizmatlar uchun pul to‘lashda foydalanish mumkin.
Moskva oblastida koronavirusga qarshi emlanganlar xonadon yutib olishlari mumkin. Aksiyada qatnashishning asosiy sharti: vaksinaning birinchi dozasini 15 iyundan 25 iyungacha oblast sog‘liqni saqlash vazirligi emlash punktlarida olish lozim. G‘olib 27 iyun kuni qur'a tashlash orqali aniqlanadi, unga uch xonali xonadon taqdim etiladi.
Voronej oblastidagi Semilukskiy rayonida emlangan aholi o‘rtasida LADA Granta avtomobili o‘ynaladi. G‘olib 1 sentyabrda e'lon qilinadi.
Ufada 14 maydan 20 iyungacha emlanganlar uchun bir xonali xonadon va 10 dona zamonaviy smartfon yutuq sifatida qo‘yilgan. G‘olib 23 iyun kuni aniqlanadi.
Xabarovskda pasxa oldidan emlangan keksalarga o‘n donadan tuxum berildi.
AQSh
Prezident Jo Bayden 4 iyulgacha aholining 70 foizi vaksinaning kamida bir dozasini olishi maqsad qilingan dasturni e'lon qilgan. Agar bu maqsadga erishilsa, Anheuser-Busch kompaniyasi 21 yoshdan oshgan har bir amerikalikka bir porsiyadan pivo va'da qilgan.
Nyu-Yorkda emlanganlar 5 mln dollar, Ohayoda besh kishi 1 mln dollardan, Merilendda 40 mingdan 400 ming dollargacha yutuqli lotereya g‘olibiga aylanishi mumkin.
Shuningdek, Oq uy emlanganlarni rag‘batlantirish uchun sport tadbirlariga bepul chiptalar, sovg‘a kartalari, pul va maosh to‘lanadigan ta'tilni taklif qilmoqda.
Serbiya
31 maygacha koronavirusga qarshi vaksinaning kamida bir dozasi bilan emlangan serbiyaliklar davlatdan 3000 serb dinori (30 dollar) olishi e'lon qilingandi.
Mongoliya
Mongoliyada 5 maydan boshlab to‘liq emlanganlarga 50 ming tugrik (18 dollar) pul berilmoqda.
Polsha
Mamlakatda 1 iyuldan emlangan fuqarolar o‘rtasida lotereya o‘yini o‘tkaziladi. Emlash dasturining har 2 minginchi qatnashchisi 500 zlotiy (130 dollar) oladi. Har hafta 50 ming zlotiy (13 ming dollar), har oyda 100 ming zlotiy (26 ming dollar) o‘ynaladi. Finalda ikki kishi 1 mln zlotiydan (261 ming dollar) yutib olishi mumkin. Lotereyaga bundan tashqari, vaucherlar, elektr samokatlar va hibrid avtomobillar ham qo‘yiladi.
Tailand
Tailand shimolida koronavirusga qarshi emlanganlar sigir yutib olishlari mumkin. Iyundan boshlab olti oy davomida har hafta bir nafar omadli inson sigir sohibiga aylanadi.
Mavzuga oid
17:48 / 01.11.2024
Dunyodagi eng halokatli infeksiya nomi ma’lum bo‘ldi
20:25 / 23.10.2024
Britaniyada norovirusga qarshi dunyodagi birinchi vaksinani sinovdan o‘tkazish boshlandi
18:52 / 19.09.2024
Koronavirusning yangi shtammi O‘zbekistonda aniqlanmadi - SSV
21:15 / 13.09.2024