YHXBB vakili qishloq xo‘jaligi xodimlarining avtomobilda harakatlanish tartibini tushuntirib berdi
Bahor oylari qishloq xo‘jaligida ish ayni qizigan payt. Ammo bu yil koronavirus infeksiyasi tarqalishi ortidan ko‘pchilik o‘zbek dehqonlari dalasiga erkin borib kelolmayapti. Bu borada tahririyatimiz har kuni yuzlab murojaatlarni qabul qiladi.
14 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev hukumat a'zolari ishtirokida qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga oid videoselektor yig‘ilishini o‘tkazgan edi. Unda prezident tomonidan Ichki ishlar vazirligiga qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarish bilan bog‘liq avtotransport vositalarining erkin harakatlanishini ta'minlash bo‘yicha topshiriq berildi. Ushbu topshiriqdan keyin ham joylarda ayrim tushunmovchiliklar bo‘layotgani qiziq holat. Biz bu tushunmovchiliklarga sabab izlab Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakat xavfsizligi Bosh boshqarmasi axborot xizmati mutaxassisi Aziz Murodov bilan bog‘landik.
— Aziz aka, maxsus ruxsatnoma qishloq xo‘jaligi xodimlari orasida kimga va qanday hollarda berilishiga oydinlik kiritsangiz.
— Maxsus komissiyaning 2020 yil 13 apreldagi 18-son bayonining 11 bandiga ko‘ra, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxat asosida Adliya vazirligi tomonidan mavsumiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi tashkilotlarga tegishli xizmat va shaxsiy avtotransport vositalarining harakatlanishi uchun maxsus ruxsatnoma rasmiylashtirilishini istisno tariqasida ta'minlanishi belgilab berilgan.
— Siz qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qiluvchi tashkilotlarga tegishli xizmat va shaxsiy avtotransport vositalari deya umumiy aytyapsiz. Tomorqachi va dehqonlar, ijarachilar-chi? Aynan ular bizga eng ko‘p murojaat yo‘llashmoqda.
— To‘g‘ri aytyapsiz, hozir qishloq xo‘jaligida ayni ish qizigan payt. Maxsus komissiyaning 2020 yil 13 apreldagi 18-son bayonining 12-bandiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanayotganlar hududiy hokimiyatlarga murojaat qilishlari kerak bo‘ladi. Bunda hokimiyatlar istisno tariqasida qisqa muddatli ro‘yxat shakllantirib, hududlardagi tezkor shtabga yuboradi va tezkor shtab tomonidan «Yashil yo‘lak» dasturi yaratilgan. Respublikamizning barcha hududlaridagi YPX maskanlari, blok va to‘siq postlarda xizmat olib borayotgan IIO xodimlarining uyali telefonlarida ushbu «Yashil yo‘lak» dasturi mavjud bo‘lib xodimlar YPX maskanlari, blok va to‘siq postlarga kelgan transport vositalarini dastur orqali tekshirib ko‘radi va dasturda hokimiyatlar tomonidan berilgan ro‘yxatdagi transport vositalari mavjud bo‘lsa maskanlardan to‘siqsiz harakatlanishini ta'minlab beriladi.
YPX maskanlari, blok va to‘siq postlardan to‘siqsiz harakatlanishda muammolar vujudga kelgan taqdirda tezkor shtab tomonidan tuzilgan call sentrning telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilish lozim. Ushbu telefon raqamlari yhxbb.uz rasmiy sayti va YHXBB_UZ telegramm tarmoqlarida joylashtirilgan.
— Masalan, samarqandlik fuqaro Qashqadaryoda ekkan ekiniga ishlov berishi uchun bemalol o‘tib qaytishi mumkin shundaymi?
— Juda to‘g‘ri savol. Bunday hollarda ham hududiy hokimliklarga murojaat qilish kerak. Hokimliklar esa yuqoridagi kabi ro‘yxatga uni kiritib, yo‘ldagi tezkor shtabni ogohlantirib qo‘yadi. Dehqonlar esa «Yashil yo‘lak» dasturi orqali bemalol o‘tib qaytaverishadi. Bunda fuqaroga borib kelishi uchun yo‘nalishlar ham belgilab beriladi.
Mavzuga oid
11:20 / 04.06.2024
Qoraqalpog‘istonda YPX xodimini urib tan jarohati yetkazgan shaxs qamoqqa olindi
20:41 / 13.05.2024
Xorazmda YPX xodimidan yo‘lovchilari bilan birga qochgan taksichi jazolandi
16:31 / 02.05.2024
Navoiyda YPX xodimlari ko‘z oldidagi qoidabuzarlikka ko‘z yumdi
15:15 / 02.05.2024