Surxondaryoda viza masalasida muammolarga duch kelayotgan afg‘onistonlik tadbirkorlar viloyat hokimiga murojaat qilishdi
Surxondaryo viloyatida tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan afg‘onistonlik tadbirkorlar viza masalasida muammolarga duch kelmoqda. Bu haqda afg‘onistonlik investorlar viloyat hokimi To‘ra Bobolov bilan uchrashganda ma'lum qilishgan.
Ma'lum qilinishicha, To‘ra Bobolov Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan afg‘onistonlik investorlar bilan uchrashib, ularning taklif, g‘oya va muammolarini tinglagan. Viloyat hokimi afg‘onistonlik sarmoyadorlarga qo‘shni davlatdagi vaziyat haqida atroflicha ma'lumot bergan. Ochiq muloqotda qo‘shni mamlakat sarmoyadorlarining 55 ta masalasi tinglanib, yechimini topish yo‘llari izlangan.
Qayd etilishicha, uchrashuvda 46 nafar afg‘onistonlik tadbirkor viza olishni, muddatini uzaytirishni, bir nafari yashash huquqini berishni so‘rab murojaat etgan. Bir tadbirkor bog‘ uchun suv muammosi paydo bo‘lgani uchun, besh nafari ziroat yetishtirish uchun yer olish masalasida yordam so‘ragan. Yechimi vaqt talab etadigan masalalar bo‘yicha aniq muddat belgilanib, ijrosi qat'iy nazoratga olingan.
Viloyat hokimi afg‘onistonlik tadbirkorlarga Afg‘onistonga gumanitar yordam jo‘natilgani, muvaqqat hukumat vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilgani, O‘zbekiston yangi hukumat bilan iqtisodiy-savdo, gumanitar aloqalarni mustahkamlash tarafdori ekanini tushuntirgan. Shuningdek, u viza masalasidagi muammolardan xabardor ekanini, bu masalaning sabablari borligini va buni soha xodimlari batafsil tushuntirib berishini ma'lum qilgan.
Bundan tashqari, To‘ra Bobolov afg‘onistonlik tadbirkorlarning Surxondaryo viloyatida tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilgani va bundan keyin ham ularni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirgan.
Ta'kidlanishicha, afg‘onistonlik tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Otabek Choriyev ishtirok etgan.
Ma'lumot uchun, Surxondaryoda afg‘onistonlik sarmoyadorlar ishtirokida 340 dan ortiq tadbirkorlik sub'yekti sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritmoqda.
Mavzuga oid
11:53 / 13.11.2024
Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Surxondaryoda sezildi
08:15 / 13.11.2024
Uch hududda elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi
13:36 / 06.11.2024
Surxondaryoda Cobalt'ning gaz quvuriga urilishi oqibatida avariya holati sodir bo‘ldi
18:48 / 05.11.2024