“Yevropa bilan hamkorlikka ko‘p qirrali, strategik jihatdan yondashish kerak” - ekspertlar
Yanvar oyida Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoda o‘z ishtirokini kengaytirish bo‘yicha rezolyutsiya qabul qildi. “Geosiyosat” dasturi ikki mintaqa munosabatlaridagi o‘zgarishlar, Rossiyani chetlab o‘tib Yevropani Xitoy bilan bog‘lovchi transport yo‘lagi va 5+1 formatlari haqida so‘z yuritish uchun siyosiy tahlilchilar Farhod Tolipov va Kamoliddin Rabbimovni taklif etdi.
— Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangilangan strategiyasi nimani anglatadi?
Farhod Tolipov: — YeI Markaziy Osiyo bo‘yicha asosiy 2007 va 2019 yillarda strategiya qabul qilgan. Uchinchi strategiya bo‘lyaptimi-yo‘qmi – men uchun mavhum. Yaqinda Yevropada bir konferensiyada bo‘ldim, u yerda YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili menga Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyaga hojat yo‘q, 2019 yildagi strategiya juda yaxshi ishlangan, shuning amaliy ishlashi haqida ishlar bo‘lyapti, dedi. Balki qandaydir o‘zgartirish kiritilar. Hozir ham o‘sha strategiyani o‘qisak, uning matni eskirmagan, masalalar dolzarb bo‘lib turibdi. Yangilashga hojat yo‘q, shuning o‘zini amalga oshirsa ham, ancha katta ish bo‘lardi.
YeI bilan munosabatlarimizda strategiyadagi masalalar bo‘yicha nimalar amalga oshdi, deb sarhisob qilsak, hali ko‘p ishlar borligini ko‘rish mumkin. Shu ma’noda hali yangi strategiya qabul qilinmasa kerak, o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
— Yevropa Ittifoqi komissiyasi va MO respublikalari tashqi siyosat vazirlari nima sababdan 5+1 formatidagi sammitlarni o‘tkazishni afzal ko‘rmoqdalar va bu format kelgusida yanada kengayishi mumkinmi?
Kamoliddin Rabbimov: — Bu format tashqi dunyo mintaqani yaxlit ko‘rayotganidan darak, bizning yutug‘imiz bu. Bu besh respublikaning tarixi ham bir-biri bilan bog‘liq, bitta. Sovet ittifoqi davrida parchalandi. Lekin Rossiya propagandasi o‘zbek degan millatni biz o‘ylab topdik deyishi ham g‘irt yolg‘on.
Tashqi dunyo mintaqani bitta ko‘rishi mintaqa istiqboli uchun yutuq hisoblanadi. YeIda Fransiya, Germaniya kabi davlatlar bilan 5+1 formatida uchrashuvlar bo‘layotgan edi. Birinchi marta 5+1 tarzda YeI va Markaziy Osiyo sammiti bo‘ladi Samarqandda. Samarqand bo‘lishining ham ramziy ma’nosi bor, ya’ni birorta davlat poytaxti emas, mintaqaning tarixiy markazi bo‘lgani uchun.
YeI uchun Markaziy Osiyoning geosiyosiy ahamiyati o‘zgarib boryapti. Bir necha yillar oldin YeIning Markaziy Osiyoga geosiyosiy qarashi 2 ta narsani maqsad qilib qo‘yar edi: Afg‘onistondagi xavfsizlik va Rossiyaning geosiyosiy loyihalariga shubha bildirish, ishonchsizlik. Imperiyachilik kayfiyati kuchaygan fonda Ukraina urushidan keyin Markaziy Osiyoga e’tibor kuchaydi. Chunki bir tomondan geosiyosiy vaziyat, ikkinchi tomondan YeIning xavfsizligi, energetikasi, Xitoy, umuman, Sharq bilan aloqalarida Markaziy Osiyoning ahamiyati nihoyatda o‘sdi.
Farhod Tolipov: — 5+1 formatlari nisbatan yangi fenomen, oxirgi yillarda kuchayyapti. Lekin YeI siyosatida Markaziy Osiyoga yaxlit mintaqa sifatida qarash 90-yillardan boshlangan edi. Ya’ni aynan S5+1 shaklida muloqot qilmagan bo‘lsa-da, birinchilar qatorida mintaqa sifatida qaragan. 2007 yilda Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiya qabul qilingan, YeIda Markaziy Osiyo bo‘yicha diplomatik vakil lavozimi ham kiritilgan.
Ilmiy faoliyatim davomida YeIning Markaziy Osiyo bo‘yicha diplomatik vakillari bilan suhbatlashganman, fikr almashganman. Bundan tashqari, YeIning xavfsizlik masalalari bo‘yicha komissari Fedirika Mogerini xonim (2014-2019) doim biz Markaziy Osiyo bilan integratsion tajribamizni bo‘lishishga tayyormiz, degan fikrni bildirib kelgan. Markaziy Osiyo integratsiyasidan manfaatdor ekanliklarini ko‘rsatib kelishgan.
— Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun bu Transkaspiy transport yo‘lakning geosiyosiy ahamiyati nimada va bu ularning tashqi siyosatida qanday o‘zgarishlarni yuzaga keltirishi mumkin?
Farhod Tolipov: — Oxirgi vaqtlarda ekspertlarimiz, media, rasmiy doiralar koridorlar, tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya deb atagan holda, turli yo‘llarni, istiqbolli loyihalarni ko‘rsatishga harakat qilishyapti. Bular to‘g‘ri gap, lekin bu masalaning ichiga kirib borib, raqamlarga, strukturaga qaraydigan bo‘lsak, unchalik oson masala ham emas. Xitoy ham aynan shu masala ustida bosh qotiryapti, u ham Rossiyaga bog‘liq bo‘lmagan yo‘llarni izlayapti. Hozir Markaziy Osiyodan o‘tib Transkaspiy yo‘nalishidan Yevropaga chiqish ishlarini boshlagan.
Bitta misol aytaman. O‘tgan yili Shanhayda bo‘lgan konferensiyada Xitoy va YeI tomonlari savdo aloqalarini muhokama qilar ekan, xuddi o‘rtada boshqa davlatlar yo‘qdek muhokama qilishdi. Shunda men Markaziy Osiyo, Kavkaz mintaqalaridagi davlatlar nima deydi, qanday vaziyat bo‘ladi, shuni ham muhokama qilish kerak, dedim. Shundan keyin bu bo‘yicha ham alohida muhokamalar bo‘lishi kerak degan fikrga kelishdi. Ya’ni bir qarashda, muhokama qilishda oson bo‘lib ko‘rinadi, boshqalarning manfaatlari bor, mos kelmay qolishi mumkin. Shu sabab bu borada hali izlanishlar kerak bo‘ladi.
Kamoliddin Rabbimov: — Markaziy Osiyoning 5 ta respublikasi so‘nggi bir yarim asrda Rossiyaga kuchli bog‘landi, ma’lum vaqt tarkibida ham bo‘ldi. Shu sabab yo‘llar Rossiyaga bog‘lanib qolgan. Bir so‘z bilan aytganda Rossiya monopoliyasida. Monopoliyadan chiqish sharti ham bir qancha muqobil yo‘llar yaratishdir. Farhod aka aytgandek, texnik tomonlari juda og‘ir buning, katta tog‘lar, cho‘llar bor, moliyalash masalasi bor. Hali Yevropaning o‘zida ham Xitoy bilan savdo aloqalarida ikki xil qarash bor. TransAtlantik qarashli, ya’ni AQSh tarafdorlariga bu yoqmaydi.
YeIdagi qudratli davlatlar muqobil, dengiz yo‘lidan boshqa yo‘llarni ham izlaydi. Oldin Markaziy Osiyoga potensiali kam mintaqa sifatida qaralar edi. Chunki dengiz yo‘llari arzon edi, mintaqada ham hozirgidek yakdillik yo‘q edi, Rossiyaning ham ta’siri katta edi. Bugungi kunda shunday qarash borki, agar AQSh va Xitoy jiddiy konfliktga borsa, dengiz yo‘llari tizimi izdan chiqishi mumkin, shu sabab muqobil yo‘l kerak. Bu esa Markaziy Osiyo rolini oshiryapti. Bizning manfaatlarimiz esa Rossiya monopoliyasidan chiqish va erkin savdo orqali foyda ko‘rish bo‘ladi.
— Markaziy Osiyo mintaqaviy xavfsizligi va barqarorligi sohasida Yevropa Ittifoqining qanday roli bor?
Farhod Tolipov: — Bu savolni YeI va AQSh vakillariga doim beraman uchrashuvlarda. Strategiyalarda, boshqa hujjatlarda Markaziy Osiyoning xavfsizligi borasida juda katta gaplar bor, lekin mabodo real tahdidlar yuzaga kelsa, aytilgan ishlarni qanday amalga oshirasiz, qanday choralar ko‘riladi, deb so‘rayman. Lekin yevropaliklar ham, amerikaliklar ham javob berisholmadi. Ya’ni de-yure darajasidagi hujjatlar, bayonotlar bor, ammo de-fakto darajasiga ko‘chganda katta masofa borligini ko‘rish mumkin. Shu masofani qisqartirish kerak.
Ular savollarga javob berolmay qolyapti, deyapmiz, lekin ayni paytda o‘zimiz harakat qilishimiz kerak yaqinlikka. O‘zimizning imijimizni, jozibadorligimizni oshirishimiz kerak, bundan tashqari, mintaqaviy yaqin hamkorlik bilan ham ularning oldida statusimiz o‘sishi mumkin. 2019 yildagi Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasining birinchi bobida ham mintaqaviy hamkorlikka, integratsiyaga urg‘u berilgan.
Kamoliddin Rabbimov: — YeI Afg‘onistonda xavfsizlik va davlatchilik shakllanishida katta rol o‘ynadi, lekin bu strategiya ish bermadi va 2021 yilda hokimiyatga toliblar keldi. Lekin e’tibor berish kerak, YeI davlatlari, AQSh doim biz davlatlarning mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini qadrlaymiz, deydi.
Geosiyosiy kontekstda olsak, possovet hududidagi kuchli davlatning boshqa kuchsizroq davlatlarga bosimi ko‘p uchradi. Masalan, Rossiyaning Ukrainaga bosqini, Gurjistonning parchalab tashlanishi. Markaziy Osiyoning 5 respublikasida ham iqtisodiy, hududiy, ijtimoiy va boshqa muammolar bor, bu muammolar Rossiya tomonidan to‘liq rasmiylashtirilmagan. Chunki mintaqa hali aksilrossiya bo‘lgani yo‘q, bizning mintaqa davlatlari geosiyosiy mustaqillikni Ukraina, Boltiqbo‘yi davlatlari, Kavkaz respublikalari darajasiga olib chiqishga intilmadi ehtiyotkorlik yuzasidan, ba’zida esa bu ehtiyotkorlik oshib ham ketdi.
YeI mintaqamiz integratsiyasi va mustaqilligidan manfaatdor. Ularning strategiyasi ma’nosi shundayki, iqtisodiy qudratli va geosiyosiy mustaqil bo‘lishi kerak, chunki qo‘shni qudratli davlatlar tomonidan yutilib ketmasligi lozim. Bu narsa ochiqdan-ochiq aytilmaydi odatda, lekin bizning manfaatlarimizga to‘g‘ri keladigan yondashuv bu.
— Kelajakda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo munosabatlari o‘rtasida qanday potensial strategik sherikchilik yoki ziddiyatlar yuzaga kelishi mumkin?
Farhod Tolipov: — MO va YeI haqida gap borganda, savdo yo‘llari, koridor, iqtisodiy foyda haqida gap boradi, mana shu tor qarashdan voz kechish kerak. YeI bilan hamkorlikka ko‘p qirralilik, strategik tomonlama yondashish kerak. Qadriyatlarga tayangan siyosat degan narsa bor, ya’ni faqat iqtisodiy emas, davlatchilik nuqtayi nazardan yaqin munosabatlar.
Temur davrida ham Yevropa bilan aloqalar bo‘lgan. Xalqimizda ham yevropacha sharoit, qurilish kabilarga qiziqish katta, umuman, yevrosentrizm bizga begona emas. Yuqorida aytilgandek, mintaqamiz Rossiya, Xitoy qurshovida turgan bir paytda Yevropaga intilib geosiyosat olib borish Markaziy Osiyo uchun yutuq bo‘lardi. Lekin aytganimdek, Yevropa ham shunchaki Markaziy Osiyoni qo‘llamaydi, intilish, qadriyatlarga tayangan siyosat bo‘lishi kerak. Bilamizki, Yevropa, AQSh shartli yordamlar beradi, ya’ni demokratiya, inson huquqlari kabilarni talab qilgan holda, qadriyatlar bular. Tabiiyki, shartlarga amal qilinmasa, tanqid qilinadi, yordam qisqaradi. O‘zining a’zosi bo‘lgan Vengriyaga ham mana shunday siyosat olib boryapti YeI, qadriyatlarga tayangan siyosat mana shunday kuchli. Shuni inobatga olgan holda YeI bilan munosabatlarni qurish kerak.
Kamoliddin Rabbimov: — YeI bugungi kunda og‘ir davrni boshdan kechiryapti. YeI integratsiyalashgan, konfederatsiya shaklida rivojlangan eng yaxshi ittifoq namunasi. Inson huquqlari, liberalizm ta’minlandi. Lekin erkin jamiyat bo‘lgach, ziddiyatlar tabiiy ravishda bo‘ladi. YeI, umuman, so‘nggi bir necha asrdagi G‘arbiy Yevropa dunyodagi siyosiy tafakkur o‘chog‘i bo‘lib kelyapti. Asosiy siyosiy-falsafiy oqimlar, g‘oyalar, mafkuralarning o‘chog‘i Yevropa. Yevropada boshlangan koloniyalizm oqibatida Rossiya bizga bostirib keldi, keyinchalik mustamlakalarni ozod qilish siyosati ortidan esa kech bo‘lsa ham mustaqillikka erishdik. Ya’ni Yevropa shunday muhim nuqtaki, u yerdagi g‘oyalar dunyoning asosiy trendlarini ko‘rsatib beradigan markaz sifatida ko‘riladi.
Biz uchun YeI ahamiyati shundaki, mustaqilligimizni saqlashdagi geosiyosiy turfa xillik va muvozanat tizimi. Markaziy Osiyo va YeI munosabatlari shunday bo‘lishi kerakki, mintaqamiz atrofidagi qudratli davlatlarga yutilishga yo‘l qo‘yiladigan, tiyib turiladigan bo‘lishi kerak.
Farhod Tolipov: — Bryusselda Markaziy osiyolik mutaxassislar bilan uchrashuvda bir taklif bergandim, balki shundandir yoki o‘zlarida shu g‘oya paydo bo‘lgandir: hozir Markaziy Osiyo davlatlari va YeIdagi davlatlar o‘rtasidagi alohida hamkorlik, bundan tashqari, yuqori tashkilotlarning (YeI, NATO, Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti) birgalikdagi umumiy strategiyasi orqali siyosat olib borish ishlari ustida ham ishlanyapti.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
01:00 / 31.10.2024
YeI fuqarolariga uch kunga yetadigan zaxira mahsulotlarini to‘plab qo‘yish tavsiya qilindi
22:15 / 29.10.2024
AQSh va Yevropa nima sababdan turlicha iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelyapti?
22:49 / 28.10.2024
NATO KXDR askarlariga qarshi nima qilmoqchi?
18:21 / 28.10.2024