Shu yilning fevral oyida Kun.uz tahririyatiga Xorazm viloyati Urganch tumani G‘alaba mahallasining Amudaryo ko‘chasida yashovchi aholi vakillari ijtimoiy muammolar yechimsiz qolayotganidan shikoyat qilishgan edi.
Murojaatda mahalla yo‘llari holati juda yomonligi, elektr energiyasi ta'minotidagi tez-tez uzilishlar, elektr simyog‘ochlari yo‘qligi, ichimlik suvi tarmog‘idagi muammolar, maishiy chiqindilar to‘planib qolayotgani kabi muammolar qayd etilgandi.
Murojaat asosida mahallaga borib, vaziyatni o‘rganildi, aholi vakillari bilan muloqot chog‘ida shikoyat o‘rinli ekani o‘z tasdig‘ini topdi. Murojaat asosida saytda «Hayot yo‘q mahalla!» - Urganch tumanidagi «dunyodan uzilgan» mahalla muammolari sarlavhali tanqidiy maqola ham e'lon qilindi.
Urganch tumani hokimligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar Amudaryo ko‘chasi aholisi shikoyatiga e'tibor qaratishi, muammolarni bartaraf qilishda yordam berishini kutgan edik.
Afsuski, tanqidiy maqola chiqqanidan so‘ng ham mahalla aholisining qo‘ng‘iroqlari tinmadi, shikoyatlari to‘xtamadi. Oradan besh oy o‘tgach, vaziyatni o‘rganish uchun yana Amudaryo ko‘chasiga bordik.
Maqolada qayd etilgan muammolarni yana bir bor eslab, ularning yechimiga mahalliy hokimiyat va mutasaddi tashkilotlar tomonidan munosabat qanday bo‘lganiga e'tibor qaratamiz.
Urganch tumani G‘alaba mahallasidagi Amudaryo ko‘chasida 200dan ortiq xonadonda 1500dan ortiq aholi istiqomat qiladi. Mahallani viloyat markazi Urganch shahridan 3 kilometr masofa, Navro‘z shaharchasidan esa atigi bitta zahkash ajratib turadi. Mahalliy taksi haydovchilari orasida u «hayot yo‘q mahalla», ya'ni «dunyodan uzilgan mahalla» nomi bilan mashhur. Yo‘llari rasvoligi tufayli «dunyodan uzilib qolishi», elektr energiyasi ta'minotidagi muammolar, aholining oddiy maishiy qulayliklardan mahrum ekani shunday nomga sabab bo‘lgan.
Amudaryo mahallasida yo‘l yo‘q desa ham bo‘ladi. Agar tuproq tortilgan, yozda chang-to‘zon bo‘lib yotadigan, qishda botqoqqa aylanadigan so‘qmoqlarni yo‘l deb hisoblash mumkin bo‘lsa, bor. Mahalla yo‘llari aynan shunday.

Tanqidiy maqola e'lon qilinganidan 5 oy o‘tgan bo‘lsa-da, mahalla yo‘llarida deyarli hech qanday o‘zgarish yo‘q. Faqat greyder bilan ba'zi o‘nqir-cho‘nqir joylar tekislangan, xolos.














