2021 yilda 20 nafar o‘g‘il va 27 nafar qiz bola chaqaloqlar savdosi obektiga aylangan
Senat 2021 yilda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan asosiy ishlar haqida axborot berdi.
Qayd etilishicha, 2021 yilda Ichki ishlar vazirligiga odam savdosi bilan bog‘liq jami 840 ta murojaat, shundan, 144 tasi “dolzarb aloqa tarmog‘i” orqali va 696 tasi boshqa manbalardan kelib tushgan.
Murojaatlarning 162 tasi bo‘yicha 195 nafar aybdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 300 tasi bo‘yicha fuqaroviy-huquqiy munosabatlar doirasida hal etilishi yuzasidan malakali huquqiy tushuntirish berilgan, 378 tasi amaliy yordam ko‘rsatilishi munosabati bilan qanoatlantirilgan.
Jinoyat kodeksining 135-moddasi bo‘yicha 162 ta odam savdosi jinoyatlari aniqlangan. Shuningdek, odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar turkumiga kiruvchi jinoyatlar, xususan “O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish” (JKning 128-moddasi) bo‘yicha 338 ta hamda “Qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash” (JKning 131-moddasi) bo‘yicha 1 043 ta jinoyat aniqlangan.
Odam savdosiga (JKning 135-moddasi) oid sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha 195 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lib, ulardan 156 nafarini (80 foiz) ayollar va 39 nafarini (20 foiz) erkaklar tashkil etgan.
Jinoyatlarning 96 tasi shahvoniy, 11 tasi mehnat ekspluatatsiyasi va 55 tasi chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar.
Senat raisi Tanzila Norboyeva 2021 yilda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash va aybdor shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish ko‘rsatkichlari ortganini qayd etdi.
"2021 yilda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash ishlari 2020 yilga nisbatan 43 foizga, aybdor shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish ishlari 47,5 foizga ortgan. Ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham ijobiy baholanib, mamlakatimiz imijini oshirishga xizmat qilmoqda", deydi Tanzila Norboyeva.
2021 yilda voyaga yetmagan shaxslardan shahvoniy maqsadlarda foydalanish holatlari 2020 yilga nisbatan qariyb 2 baravarga ko‘p aniqlangan bo‘lib, ushbu holatlar asosan Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida qayd etildi. Shahvoniy maqsadlarda sodir etilgan jinoyatdan 120 nafar ayol jabrlangan.
20 nafar o‘g‘il va 27 nafar qiz bola chaqaloq savdosi jabrdiydasi bo‘lgan. 2021 yil davomida chaqaloq savdosi bilan bog‘liq 55 ta jinoyatlar aniqlangan bo‘lib, 73 nafar shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Mamlakatda sudlar tomonidan 155 nafar shaxsga nisbatan 107 ta odam savdosi bilan bog‘liq jinoyat ishi ko‘rilgan bo‘lib, 1 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi, 154 nafar shaxsga nisbatan ayblov hukmi chiqarilgan.
Mavzuga oid
19:17 / 28.11.2024
Sakkiz yildan beri qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayol Turkiyada qo‘lga olindi
15:24 / 25.11.2024
Turkiyada odam savdosi qurboniga aylangan o‘zbekistonlikka yordam ko‘rsatildi
15:48 / 20.11.2024
Senat qo‘mitalariga raislar saylandi
13:56 / 19.11.2024