«Direktor ham, o‘qituvchi va qorovul ham o‘zim» - Xorazmdagi mo‘'jaz maktab muallimasi
Xorazmlik 66 yoshli o‘qituvchi Gavhar Boboyeva eng chekka qishloqlardan biridagi maktabni yolg‘iz o‘zi boshqarmoqda. U ham direktor, ham o‘qituvchi, ham qorovul vazifasini bajaryapti. Kun.uz muxbiri muallima bilan suhbatda bo‘ldi.
Xorazm viloyati, Tuproqqal'a tumani, Bazirgon qishlog‘i – O‘zbekistonning eng chekka hududlaridan. Uni yurtimizning eng kichik maskanlaridan biri desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi: qishloq atigi 8ta uydan iborat.
Sahro bag‘rida joylashgan bu qishloqda ijtimoiy obektlar deyarli yo‘q, ammo kichikkina maktab bor.
Qishloq bolalari 35 km uzoqlikdagi maktabga qatnay olishmaydi: bu yerlarda jamoat transporti yo‘q. Shu sababli maskanda mo‘'jaz maktab, kichik sinfxona tashkil etilgan.
66 yoshli Gavhar Boboyeva 20 yildan beri o‘z uyida tashkil etilgan mana shu sinfxonada bolalarga bilim berib kelmoqda. Fidoyi ayol – shu maktabning ham direktori, ham o‘qituvchisi, ham qorovuli.
«1955 yilda Bog‘ot tumanining O‘g‘uzravot qishlog‘ida tug‘ilganman. 1979 yilda Toshkent davlat universitetining Biologiya fakultetini tugatdim. 1995 yilda Pitnak shahridagi Sizov nomli 2-son maktabga ishga kirdim.
2001 yilda meni Bazirgon qishlog‘iga, maktab filialiga jo‘natishdi. Shu yerdan uy berishdi, uning bir qismida qishloq bolalari uchun kompleks sinfxona tashkil etildi. Mana, 20 yildan beri shu yerda ishlab kelmoqdaman», – deydi muallim ayol.
Kompleks sinfda 10 nafar bola ta'lim olmoqda. Qizig‘i shundaki, ularning sinfi ham turlicha – 1-sinfdan 11-sinfgacha. Ularning hammasiga bir sinfxonada, bir vaqtning o‘zida dars o‘tiladi.
«Qishlog‘imizda 8 ta oila bor. Ularning 10 nafar farzandini kompleks sinfda o‘qityapman. 1-, 6-, 7- va 11-sinfda 1 nafardan, 3-, 4- va 5-sinfda 2 nafardan o‘quvchim bor».
Kompleks sinfda darslar ertalab soat 8da boshlanadi. Mashg‘ulotlar har bir o‘quvchi uchun alohida, individual tarzda o‘tkaziladi. Gavhar Boboyeva mutaxassisligi kimyo va biologiya o‘qituvchisi bo‘lishiga qaramay, barcha asosiy fanlardan dars beradi.
«Mutaxassisligim – kimyo va biologiya o‘qituvchisi, ammo barcha asosiy fanlardan dars beraman. Qishloq bolalarida boshqa maktablarga borish imkoniyati yo‘q. Shu tufayli, kompleks sinfda ularga barcha fanlar o‘qitiladi».
Gavhar opa o‘quvchilari fanlarni yaxshi o‘zlashtirmoqda. Ulardan 2 nafari Nukus davlat pedagogika institutiga o‘qishga kirgan. Boshqalari kollejlarni tugatishgan.
Chekka hudud bo‘lsa-da, koronavirus pandemiyasi qishloqni chetlab o‘tmadi.
«Pandemiyani ham boshimizdan o‘tkazdik. 2–3 nafar o‘quvchidan chaqirib, dars berdim. Bolalar niqob taqib kelishdi, antiseptiklar yonida bo‘ldi».
Gavhar Boboyeva ham pensiyasini, ham oylik maoshini olmoqda.
«Oylik maoshim va pensiyam hisobiga 2 farzandimni institutda, kontraktda o‘qityapman. Hozirgi vaqtda maosh va pensiya to‘liq berilmoqda, prezidentimizga rahmat, ko‘p yashasin. Oldin to‘liq berilmasdi, shu sababli katta farzandlarimni o‘qita olmadim. To‘g‘risi, kuchim yetmadi...»
Bazirgon qishlog‘idagi sharoitlar yomon emas. Elektr energiyasi bor, gaz bor. 4–5 yil oldin ichimlik suvi muammo bo‘lgan, ammo eski quduq qayta qazilib, tozalangach, suvni nasos bilan tortib olish imkoniyati paydo bo‘lgan.
Gavhar opa hozirgi vaqtda nabirasi bilan birga yashamoqda. Ro‘zg‘orda echki boqilmoqda, kuchukcha va mushukcha ham bor.
«2 bosh echkim bor edi, ko‘payishib 13 boshga yetdi. Echki tez ko‘payarkan, 1–2 tadan bolalar ekan. Mana bu echkicha kecha tug‘ildi. Bunisi esa sizlar kelishingizdan sal oldin, shu bugun tug‘ildi. Hali uncha esi yo‘q. Onasini bir-ikki marta emsa, jonlanib, chopqillab ketadi».
Bazirgon qishlog‘idagi kompleks sinfga Pitnak shahridagi maktab rahbariyati, shuningdek, Tuproqqal'a tumani hokimligi ham yordam bermoqda.
«Pitnak shahridagi 2-son maktab direktori, o‘qituvchilari kelib, xabar olib turishadi, yordam berishadi. Tuman hokimi (Alisher Salayev) yangi yil arafasida kelib kompyuter jamlanmasi va o‘quvchilarga kitoblar sovg‘a qildi. Yordam berib turgan hammadan minnatdorman, sog‘-salomat bo‘lishsin», – dedi Gavhar opa biz bilan xayrlashib.
Nurmuhammad Said, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Sirojiddin Qodirberganov
Mavzuga oid
14:01 / 13.10.2024
“Ko‘p narsa hokimlarning saviyasiga bog‘liq” - vatanga qaytgan investor qanday to‘siqlarga uchradi?
12:08 / 27.09.2024
Xorazmda MChJ mas’ul shaxslari ijtimoiy soha obektlariga beriladigan ko‘mir uchun ajratilgan pullarni o‘zlashtirdi
16:06 / 08.08.2024
Xorazm viloyatining ikki tumaniga yangi hokimlar tayinlandi
08:26 / 10.07.2024