Politsiyachi o‘smirni otib qo‘yishi ortidan Fransiyada tartibsizliklar boshlandi. So‘nggi tafsilotlar
Tartibsizliklarning ikkinchi kuniga kelib 150 dan ortiq kishi qo‘lga olingan, o‘nlab mashinalarga o‘t qo‘yilgan.
Politsiyachilar Nanterreda (Parij markazidan 11 km masofada, poytaxtning eng yirik chekka rayonlaridan biri) 17 yoshli o‘smirni otib qo‘yganidan keyin Fransiyaning yirik shaharlarida ikkinchi tun tartibsizliklar davom etdi. Il-de-Frans, Lion, Tuluza, Lill va Dijon tartibsizliklar ichida qolgan. 29 iyunga o‘tar kechasi politsiya mamlakat bo‘ylab kamida 150 kishini qo‘lga oldi, deb xabar berdi ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanen.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatning turli shaharlarida namoyishchilar boshqa ishlar qatorida avtomobillar va ma’muriyat binolariga mash’alalar uloqtirishgan. Agence France-Presse agentligi politsiyadagi manbasiga tayanib xabar berishicha, bir guruh kishilar Fresn qamoqxonasi hududiga kirishda o‘rnatilgan qo‘riqlash postiga hujum uyushtirib, bu yerga ham o‘t qo‘ymoqchi bo‘lishgan.
«Respublika ramzlariga toqat qilib bo‘lmas zo‘ravonliklar kechasi: meriyalar, maktablar va politsiya mahkamalariga hujumlar va o‘t qo‘yishlar. 150 kishi qo‘lga olingan. [Tartibsizliklar ishtirokchilariga] mardonavor qarshi turgan politsiyachilar, jandarmlar va o‘t o‘chiruvchilarni qo‘llab-quvvatlayman. Xotirjamlikka chaqirmayotganlar uchun bu sharmandalik», — degan Darmanen tvitterida.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron «izohlab va yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan» bu zo‘ravonlikni qoraladi. Bir kun oldin u mamlakat aholisini tinchlanishga, jumladan Nanterreda qurbonning dafn marosimi vaqtida xotirjamlik saqlashga chaqirgandi. Marsh 29 iyun kuni o‘tkazilmoqda. Fransiya IIV xabariga ko‘ra, Parij rayonida ikki mingga yaqin politsiyachilar safarbar qilingan.
Hozircha tartibsizliklar oqibatida yetkazilgan zararning yakuniy miqdori ma’lum emas. Birinchi kungi namoyishlardan keyin Darmanen 31 kishi qo‘lga olingani, 24 nafar politsiyachi yengil jarohat olgani, 40 ga yaqin avtomobillar yoqib yuborilganini aytgandi.
Fransiyada namoyish va tartibsizliklar 27 iyun tongida Nanterreda politsiyachi 17 yoshli o‘smir Nael M.ni (qurbonning to‘liq ism-sharifi oshkor etilmayapti) qo‘lga olish chog‘ida otib o‘ldirganidan keyin boshlanib ketdi. Prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, politsiyachilar patruli Naelning avtomobilini yo‘l harakati qoidasi buzilgani uchun to‘xtatishgan.
Avvaliga politsiyachilardan biri mashinasini o‘z ustiga haydab kelgan o‘smirga o‘q uzib, uni ko‘kragidan yaralagani aytilgandi. Ammo bu versiya hodisaning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuviga mos kelmaydi. Le Monde va AFP jurnalistlari video haqiqiyligini tasdiqlashgan.
Videoyozuvda to‘xtab turgan mashina yonida ikki politsiyachi turgani, ulardan biri haydovchiga qurol o‘qtalayotganini ko‘rish mumkin. Shu bilan birga shunday ovoz eshitiladi: «Boshingdan o‘q yeysan». Keyin avtomobil joyidan keskin qo‘zg‘aladi, politsiyachi esa haydovchini yaqin masofadan turib otib tashlaydi. Bir necha metr yurganidan keyin mashina to‘siqqa borib uriladi.
Keyinroq AFP agentligining politsiyadagi manbasi ma’lum qilishicha, o‘smir politsiyachilar talabiga bo‘ysunishdan bosh tortgan. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, hodisa vaqtida avtomobilda yana ikki kishi bo‘lgan. Ulardan biri tezda qo‘lga olingan, ikkinchisi qochib ketgan.
O‘smirni otib o‘ldirgan 38 yoshli politsiyachi hibsga olingan va qotillik ishi bo‘yicha so‘roq qilinmoqda. Qurbonning oilasi vakillari yolg‘on ko‘rsatma bergani uchun politsiyachiga qarshi yana bir da’vo qo‘zg‘amoqchi, shuningdek uning hamkasbiga qarshi — qotillikdagi ishtiroki uchun.
Fransiyadagi ikkita yetakchi politsiyachilar kasaba uyushmasi politsiya xodimlarini himoyasiga olib, gumonlanuvchi aksi isbotlanmaguncha aybsiz bo‘lib qolishini qayd etgan. Bundan tashqari, Nanterre prokuraturasi yana bir ish ochgan: politsiya talablariga bo‘ysunishdan bosh tortish va «hokimiyat vakilini o‘ldirishga urinish» bilan bog‘liq.
Emmanuel Makron Nael M.ning o‘ldirilishini «kechirib bo‘lmas» deb atadi va uning qarindoshlariga hamdardlik bildirdi. U «adliya o‘z ishini bajara olishi» uchun mamlakat aholisini xotirjamlikka chorladi.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, o‘ldirilgan o‘smir fransuz-jazoir oilasi vakili bo‘lgan. Agentlikning qayd etishicha, bu Fransiyada 2023 yilda qo‘lga olish vaqtidagi o‘lim bilan bog‘liq uchinchi holat bo‘ldi. O‘tgan yili bu kabi 13 holat ro‘y bergan. 2021 yilda haydovchilarni qo‘lga olish chog‘ida uch o‘lim sodir bo‘lgan, 2020 yilda esa — ikki holat. Reuters hisoblariga ko‘ra, 2017 yildan buyon qo‘lga olish chog‘ida vafot etganlarning ko‘pchiligi — kelib chiqishiga ko‘ra afrikalik yoki arab bo‘lgan.
Mavzuga oid
08:31 / 14.11.2024
Parij prokuraturasi Marin Le Penga 5 yillik qamoq jazosini talab qilmoqda
09:30 / 25.10.2024
Livanga yordam berish uchun Parijda taxminan 1 mlrd yevro yig‘ildi
22:36 / 24.10.2024
Parijdagi Notr-Dam soboriga kirish pulli bo‘ladi
09:30 / 09.09.2024