O‘zbekiston | 08:02 / 04.10.2021
4054
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda mehnatni me'yorlash konsepsiyasi ishlab chiqiladi

“Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.

Quyidagilar tasdiqlandi:

  • Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari instituti tuzilmasi hamda Institut to‘g‘risidagi nizom;
  • Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish bo‘yicha tarmoq kengashlari to‘g‘risidagi namunaviy nizom;
  • Malakalarni baholash markazi to‘g‘risidagi namunaviy nizom.

Mehnat institutining faoliyati Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

2021 yil 31 dekabrgacha quyidagilar ishlab chiqiladi:

  • zamonaviy bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradigan O‘zbekistonda mehnatni me'yorlash konsepsiyasi;
  • kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish tizimini strategik boshqarish mexanizmini shakllantirishga doir amaliy chora-tadbirlar.

2021 yil 1 noyabrdan Mehnat instituti tomonidan, jumladan, quyidagilar shakllantiriladi va yuritiladi:

  • Malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni baholovchi tizim hamda kasbiy standartlarni va mustaqil baholashning ma'lumotlar bazasi;
  • Mehnat migratsiyasida talab yuqori bo‘lgan kasblar to‘g‘risidagi yagona ma'lumotlar bazasi.

Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasidagi Davlat mehnat inspeksiyasi tizimida tajriba-sinov tariqasida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Mehnat sohasidagi murojaat va nizolarni o‘rganish hamda hal qilishga ko‘maklashish markazi tashkil etildi.

Mavzuga oid