Jahon | 08:17 / 18.05.2024
7147
2 daqiqa o‘qiladi

Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso yana operatsiya qilindi

Shifokorlar o‘qotar qurol orqali yetkazilgan jarohatlardan qolgan nekrotik to‘qimalarni olib tashlashdi. Slovakiya bosh vazirining ahvoli og‘irligicha qolmoqda.

Foto: AP

Ikki kun oldin suiqasdga uchragan Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso yana operatsiya qilindi. «Shifokorlar o‘q jarohatlaridan qolgan nekrotik to‘qimalarni olib tashlashdi. Operatsiya taxminan ikki soat davom etdi. Bemor hamon jonlantirish bo‘limida. U hushida, ahvoli barqaror, ammo og‘ir», - dedi hukumat rahbari davolanayotgan Banska-Bistritsa klinikasi direktori Miriam Lapunikova 17 may, juma kuni

O‘z navbatida, Slovakiya bosh vazir o‘rinbosari va mudofaa vaziri Robert Kalinyak Fitso bilan kasalxonada gaplasha olganini, biroq jarohat og‘irligi bois uchrashuv qisqa bo‘lganini aytdi. Kalinyak so‘zlariga ko‘ra, Fitso holatining dinamikasi haqida gapirish uchun yana bir necha kun o‘tishi kerak. 

Robert Fitsoga suiqasd 

Robert Fitsoga hujum mamlakatning markaziy qismidagi Gandlova shahrida sodir bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalarining guvohlarga tayanib xabar berishicha, hukumat sayyor majlisidan so‘ng Slovakiya bosh vaziri mahalliy aholiga murojaat qilgan va shu vaqtda o‘q uzilgan. Siyosatchi qorni, qo‘li va oyog‘idan yaralangan, deya ta’kidladi Standard. Fitso vertolyotda Banska-Bistritsa shahriga olib ketilgan va u yerda operatsiya qilingan.

Ertasi kuni 59 yoshli bosh vazir gapirishni boshladi, ammo uning ahvoli og‘irligicha qolmoqda, dedi rossiyaparast Robert Fitsoning ittifoqchisi bo‘lgan Slovakiya bo‘lajak prezidenti Peter Pellegrini. 

Hujum sodir etganlikda gumon qilingan shaxs - Slovakiya markaziy qismidagi xususiy xavfsizlik agentligining 71 yoshli sobiq xodimi - hujum sodir bo‘lgan joyda xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘lga olindi. Slovakiya Ichki ishlar vazirligi u yolg‘iz o‘zi harakat qilganini aytdi. Hodisa taxminiy sababi - 71 yoshli shaxsning Slovakiyadagi prezidentlik saylovlari natijalaridan noroziligi. 

Mavzuga oid