Jahon | 20:03 / 05.07.2021
61725
17 daqiqa o‘qiladi

«Qo‘rquv va dahshat»: G‘arb harbiylari butunlay ketgach Afg‘oniston bilan nima bo‘ladi?

«Tolibon» muvaffaqiyatli yurishlar qilib tobora ko‘proq tumanlarni egallamoqda va harakat ayni vaqtda Afg‘onistonda so‘nggi 20 yillikdagi eng ko‘p hududlarni nazoratiga olgan. Ko‘p yillar mobaynida NATO mamlakatlari aviatsiyasi ushbu mintaqada toliblarni tiyib turgan asosiy kuch bo‘lib keldi. Hozirda AQSh harbiy operatsiyalarni to‘xtatib ortga qaytayotganida esa, guruh jangarilari ko‘p kuch sarflamasdan yangidan yangi hududlarni egallab olmoqda.

Foto: AFP

Bir paytning o‘zida Afg‘onistonning bir necha hududida qaqshatqich janglar ketmoqda. Hukumat kuchlari ham, toliblar ham katta yo‘qotishlar bermoqda. Ammo afg‘on armiyasi qurg‘oqchilik, iqtisodiy muammolar va koronavirus pandemiyasi tufayli ta'minot bo‘yicha jiddiy muammolarga duch kelgan. Aksincha, toliblarning moliyaviy oqimi barqarorligicha qolmoqda. Natijada ular ko‘plab aholi punktlarini umuman jangsiz egallashmoqda - psixologik operatsiyalar samarali bo‘lmoqda.

«AQSh va NATO kuchlarining zudlik bilan olib ketilishi afg‘on xavfsizlik kuchlarini ruhiy jihatdan sindirdi. Toliblar birdaniga bir necha frontdan hujumga o‘tgani bois hukumat kuchlari mamlakatning qator tumanlarida, ayniqsa amerikalik harbiylarning havodan qo‘llab-quvvatlovi to‘xtagan pallada, o‘z pozitsiyalarini himoya qilish uchun imkoniyat va resurslar yetishiga ishonch bildirmayapti.

«Tolibon» esa o‘ziga xos taktika qo‘llamoqda - qurolni topshirishga tayyor bo‘lgan barcha hukumat harbiylariga umumiy amnistiya e'lon qilgan. Ayrim holatlarda toliblar askarlarga o‘z uylariga yetib olishi uchun pul ham bermoqda», deya qayd etadi BBC radiosi Afg‘on xizmati muharriri, professor Dovud A'zamiy.

O‘z navbatida, toliblarning qo‘mondonlarida o‘z kuchiga bo‘lgan ishonch ortib bormoqda.

«Toliblar hukumat kuchlari jangchilari bilan muzokaralarga kirishmoqda va ularga demoqda: «Sizlarda uch haftadan buyon yeyishga ovqat yo‘q, sizlarda o‘q-dori yetishmayapti, hech kim sizlarni qutqarishga kelmaydi, jarohatlanganlar va halok bo‘lganlarni hech kim olib ketmaydi. Biz esa sizlarni qo‘yib yuborishga tayyormiz, faqat qurollarni topshirsangiz bo‘lgani», deya hikoya qiladi BBC’ga Afg‘oniston armiyasi maxsus otryadi bilan reydda bo‘lgan Times jurnalisti Entoni Loyd.

Gap Afg‘oniston armiyasining yirik harbiy bazalari haqida borganda esa, «Tolibon» hatto askarlarga o‘z shaxsiy qurollarini olgan holda ketishni taklif etmoqda. Natijada askarlar chekinmoqda, bazalardagi o‘nlab texnikalar, jumladan amerikaliklar tomonidan afg‘on armiyasiga berilgan zamonaviy zirhli avtomobillar toliblar qo‘liga tushmoqda. Shuningdek, jangarilar minomyotlar, ulkan miqdordagi o‘q-dori va boshqa og‘ir qurollarni o‘lja qilib olishmoqda.

Afg‘on armiyasi toliblar qarshisida yolg‘iz qolmoqda

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, may oyi boshidan buyon Afg‘onistonning 60dan ortiq tumani toliblar nazoratiga o‘tdi (mamlakatdagi tumanlar soni 370 atrofida, endi shundan 90dan ortig‘i toliblar qo‘lida). Shu bilan birga, mutaxassislarning qayd etishicha, «Tolibon» asosan mamlakatning muhim shaharlari yaqinidagi strategik pozitsiyalarni egallab, hududiy ustunlikka ega bo‘lmoqda.

«Tolibon»ga qarshi oldingi chiziqlarda turib kurashgan ayrim askarlar va zobitlar G‘arb koalitsiyasi harbiylari ularni eng noo‘rin pallada jangarilar bilan yolg‘iz qoldirib ketmoqda, deb hisoblaydi.

«Men gaplashgan hukumat askarlari xorijiy harbiylar haqida nafrat bilan gapirishmayapti. Ammo ularning so‘zlarida alamzadalik bor. Ular amerikaliklarning kelishi vaziyatni og‘irlashtirgani, yangi urush olovi yoqilgani haqida aytishadi. Afg‘onlarning fikricha, endi amerikaliklar eng qiyin pallada ketib qolmoqda», deydi Loyd.

Soyadagi hukumat va «Tolibon»ning shiddatli hujumlarga o‘tishi

Toliblarning «soyadagi hukumati» ko‘p yillardan buyon toliblarning qurolli otryadlari mavjud bo‘lgan barcha tumanlarda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bu Afg‘oniston rasmiy davlat tuzilmalari va amaldorlariga parallel ravishda yo‘lga qo‘yilgan tizimdir.

Toliblar o‘zlarini shunchaki isyonchi guruh deb bilishmaydi, ular «Afg‘oniston islom amirligi» tiklanmaguncha kurashishda davom etishlarini aytishadi - 1996 yildan 2001 yilgacha Afg‘onistonni boshqargan toliblar davlati aynan shunday atalgandi.

Hozirda Afg‘onistonning qancha hududi qaysi kuchlar tomonidan boshqarilayotganini aniq aytish imkonsiz. Mohiyatiga ko‘ra, mamlakatning barcha tumanlarini uch toifaga ajratish mumkin:

  • rasmiy Kobul tomonidan qattiq nazorat qilinadigan tumanlar;
  • amalda to‘liq toliblar tomonidan boshqariladigan tumanlar;
  • bahsli hududlar.

«Bahsli hududlarda ikki tomon ham qanchadir hokimiyatga ega bo‘ladi. Ba'zida shunday bo‘ladiki, rasmiy hukumat hududni kunduzi boshqaradi, kechqurun esa bu yerda «Tolibon» faollashadi. Yoki, masalan, hukumat va toliblar bu hududlarga navbatma-navbat egalik qiladi», deya izohlaydi A'zamiy.

2017 yilda BBC Afg‘onistonning har bir tumanidagi vaziyat haqida tushuncha hosil qilish uchun keng ko‘lamli tadqiqot o‘tkazgan. Uning yakunlariga ko‘ra, «Tolibon» Afg‘oniston hududining 70 foizlik qismida o‘z harbiy amaliyotlarini o‘tkazib turishi ma'lum bo‘lgandi.

«Hozirda toliblar faol harakat qilayotgan hududlar ulushi yanada ortgan. Amalda toliblar 2001 yildan keyingi davrda eng ko‘p hududlarga egalik qilmoqda», deya qayd etgan A'zamiy.

Ko‘pchilik AQSh va ittifoqchilarining Afg‘onistondan butunlay ketishi toliblar Kobulni bosib olib, mamlakatni to‘liq o‘z nazoratiga olishi uchun yo‘l ochishiga shubha qilmayapti.

«Kichik ayb uchun ham kaltak»

Toliblar tomonidan ilgari suriladigan o‘ta konservativ qarashlar Afg‘onistonning tog‘li va chekka hududlarida e'tirozsiz qabul qilinadi. Bunday hududlarda odamlarning hayot tarzi, axloqiy munosabatlar va qadriyatlar XIX asr oxirlaridan buyon deyarli o‘zgarishlarga uchramagan.

Ammo nisbatan taraqqiy etgan hududlarda, ayniqsa yirik shaharlarda yashovchi odamlar toliblar tom ma'noda shariat normalariga asoslangan qat'iy (ba'zida shafqatsiz ham) boshqaruv tizimini qaytarishidan xavotirlanishmoqda. Toliblar 1990-yillarda hokimiyat tepasida bo‘lganida Afg‘onistonni shariat qonunlari bo‘yicha boshqarishgandi.

Aprelda BBC jurnalistlari Balx viloyatida toliblar nazoratidagi qishloqda bo‘lishgandi. Qurolli odamlar borligida mahalliy aholi «Tolibon»ga minnatdorchilik bildirib, harakatni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Ammo jurnalistlar bilan biroz muddat xoli qolishganda odamlar butunlay boshqacha voqealarni aytib berishgan.

«Bizda tanlov yo‘q, odamlar o‘zlariga farmon qilingan ishlarni qilishadi. Hatto kichik qoidabuzarlik uchun ham jismoniy jazo qo‘llanadi. Odamlar qo‘rquvda yashashadi», degan BBC suhbatdoshi. Mahalliy aholi vakillari toliblar shafqatsiz kayfiyatda ekani haqida gapirishgan: ular soqolini olgan erkaklarni kaltaklashadi, musiqa eshitishni taqiqlashadi, audiotexnikalarni tortib olib, sindirib tashlashadi.

Yosh afg‘onlar o‘zlari yashab kelayotgan so‘nggi 20 yillikdagi fuqarolik jamiyati barbod bo‘lib, ma'lum erkinliklarini yo‘qotishdan xavfsirashmoqda.

Ko‘plar toliblarning Afg‘onistonda ta'siri kengayishi birinchi navbatda ayollar va bolalarning hayotiga ta'sir ko‘rsatishidan xavotirda

«Xalqaro koalitsiya Afg‘onistonga faqatgina terrorizm ustidan g‘alaba qozonish uchun emas, balki ayollar va bolalar huquqlarini, so‘z erkinligini himoya qilish uchun ham kelgandi. Endi ular ketmoqda va bu odamlarning keyingi taqdiri qanday kechishi haqida qayg‘urmayapti», deydi Kobulda yashovchi faol Freshta Karim.

Freshta 28 yoshda, u Oksford universitetida magistr darajasini olgan, ammo Afg‘onistonga qaytib, afg‘on bolalari uchun ko‘chma kutubxonalar tashkil etgan. So‘nggi uch yilda minglab bolalar Kobul va uning atrofi bo‘ylab harakatlanuvchi avtobusda yangi kitoblarni o‘qish imkoniyatidan bahramand bo‘lishdi.

Ammo hozirda Freshta vatanni tashlab ketish haqida o‘ylashga majbur bo‘lmoqda: «Biz oilamiz bilan buni muhokama qildik, men agar toliblar Kobulni egallay boshlasa, biz Afg‘onistondan ketishimiz kerakligini aytdim. Ammo ota-onam Afg‘onistondagi fuqarolik urushining avvalgi bosqichida qochqin bo‘lib yashab ko‘rishgan. Bu qo‘rquv va dahshatga to‘la yillar bo‘lgan. O‘shanda ular Pokistonga qochishga majbur bo‘lishgan. Hozir esa dunyo qochqinlar uchun yanada qiyinroq».

AQSh «Tolibon» bilan tinchlik kelishuvi imzolaganidan beri toliblar Afg‘onistonda ayollar huquqi va boshqa faollarni himoya qilish uchun kurashuvchi jurnalistlarga hujumlarni ko‘paytirgan.

«So‘nggi bir yilda olti nafar jurnalist o‘ldirilgan. O‘nlab hamkasblarim OAVdagi ishni tashlab, kasbini o‘zgartirgan. Ko‘plab jurnalistlar va faollar mamlakatni tark etishga majbur bo‘lishdi», deydi BBC’ning Afg‘onistondagi byurosi rahbari Karim Haydariy.

Unutilgan qochoqlar

Mujtaba Qalandariy olti yildan buyon qochqin maqomini olishini kutmoqda.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonga mansub bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab tarqalgan qochqinlarning soni  2,8 mln kishini tashkil etadi. So‘nggi bir necha yil ichida yana yuz minglab afg‘onlar majburan ko‘chishiga to‘g‘ri kelgan - ya'ni mamlakat ichkarisida qochqinlarga aylanishgan. Odamlarning bir qismi harbiy harakatlar tufayli, qolgani Afg‘onistonda so‘nggi ikki yil mobaynida qishloq xo‘jaligini og‘ir ahvolga solib qo‘ygan qattiq qurg‘oqchilik sababli o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lishgan.

Mujtaba Qalandariy 2015 yilda rafiqasi va o‘g‘li bilan Afg‘onistondan Indoneziyaga qochib borgan. O‘tgan vaqt mobaynida oilada yana ikki farzand tug‘ilgan. Ammo ulardan hech biri hozirgacha qonuniy ravishda qochqin maqomini ololmagan.

«Biz 2015 yildayoq BMTning qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasida ro‘yxatdan o‘tganmiz. Ammo shu vaqtgacha biz bilan hech kim bog‘lanmadi. Bizni unutib yuborishdi», deydi Mujtaba.

Qochqinlik maqomini yuridik jihatdan tasdiqlamasdan ular biror davlatda rasman ishga kira olishmaydi. Natijada ular tibbiy xizmatlar va ta'limdan foydalana olishmaydi, shu va boshqa ehtiyojlariga to‘lov qilish qobiliyatiga ega bo‘lish uchun ishga kirib pul ishlab topishning ham imkoni bo‘lmaydi. Butun dunyodagi qochqinlar lagerlari to‘lib-toshgan, bunday lagerlarning aksarida odamlar juda og‘ir sharoitlarda yashab kelishadi. Ayrimlar uzoq yillik noma'lumlik azoblariga dosh bera olishmaydi.

Abdul qochqin maqomini olish uchun yetti yil kurashgan. Ammo uning ruhiyati taqdir zarbalariga dosh berolmagan.

Abdul (oila uning familiyasini ochiqlamaslikni so‘ragan) 2014 yilda Afg‘onistondan Indoneziyaga qochib borgan. U o‘tgan yillar davomida o‘z rafiqasi va ikki farzandi bilan yana birga yashash uchun harakat qiladi - u oilasini o‘zi bilan olib ketolmagandi. Ammo Abdullaning barcha urinishlari besamar ketadi - uning rasmiy qochqinlik maqomini berishni so‘rab qilgan murojaatini ko‘rib chiqish vaqti kelmaydi, tashqi yordamsiz oilasini Afg‘onistondan olib ketishning ham imkoni bo‘lmaydi. O‘tgan yil dekabrida Abdul o‘z joniga qasd qiladi.

Bundan keyin nimani kutish mumkin?
Toliblar yetakchilari intervyular va diplomatik muzokaralar vaqtida o‘zlari qurishni istayotgan «islomiy hukumat» bo‘yicha rejalari haqida juda mavhum gapirishmoqda.

Amerikalik harbiylar Afg‘onistondan to‘liq olib chiqilishi 2021 yil 11 sentyabrida yakunlanishi mo‘ljallangan

Bir qator tahlilchilarning fikricha, «Tolibon» ichida konservatorlar va mo‘'tadillar o‘rtasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ziddiyatni imkon qadar kechiktirish uchun shunday qilinmoqda. Hozirda ham AQSh boshchiligidagi G‘arb harbiy koalitsiyasi timsolidagi tashqi dushman ketgach ham bu ikki lagerdagilar bir g‘oya ostida birlashishi aniq emas.

«Ko‘p o‘tmay harbiy harakatlar jadallashuviga guvoh bo‘lamiz, toliblar va Afg‘onistonning rasmiy hukumati vakillari o‘rtasidagi tinchlik muzokaralari juda sust kechmoqda», deya qayd etadi A'zamiy.

Muzokaralarning keyingi bosqichi arafasida tomonlar raqibga ta'sir ko‘rsatish uchun imkon qadar ko‘proq richagga ega bo‘lishga va strategik muhim yo‘nalishlarda pozitsiyalarini mustahkamlashga urinmoqda.

Afg‘onistonning qaysidir hududi ustidan nazorat yo‘qotilishi yoki qo‘lga olinishi tomonlarning biri uchun nafaqat harbiy, balki iqtisodiy muvaffaqiyat ham sanaladi.

Agar «Tolibon» qaysidir hududni egallab olsa, mahalliy ma'muriyatning pul resurslari va infratuzilma ham ularning qo‘liga o‘tadi. Qolaversa, toliblar mahalliy ishlab chiqaruvchilar va mayda savdogarlarga soliq to‘latishni boshlaydi, hukumat esa aksincha, bunday tushumlardan mahrum bo‘ladi. O‘z navbatida, «Tolibon» biror hududni tashlab chekinsa, teskari jarayon ro‘y beradi.

Hali ham tomonlar janglarni to‘xtatib, diplomatiyaga o‘tishiga umid bor. Ammo bunday muzokaralar muvaffaqiyati amaldagi rejim tashqaridan qay darajada qo‘llab-quvvatlanishiga bog‘liq.

«AQShdan tashqari Afg‘onistondagi urush va tinchlik masalasiga o‘z siyosati bilan ta'sir ko‘rsata oladigan besh mintaqaviy o‘yinchi bor. Bular Pokiston, Rossiya, Eron, Xitoy va Hindiston. Agar ushbu davlatlar o‘z sa'y-harakatlarini Afg‘onistondagi tinchlik uchun muvofiqlashtirishsa, buning uchun o‘z richaglarini qo‘llashsa, vaziyat barqarorlashuvi va tinchlik o‘rnatilishi uchun yaxshi sharoit yuzaga keladi. Ammo turli mamlakatlar Afg‘onistondagi turli guruhlarni qo‘llashga qaror qilsa, harbiy harakatlar faqat kuchayadi va umumiy vaziyat yanada xavfliroq tus oladi. Bu esa o‘z navbatida butun mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatadi», deb hisoblaydi A'zamiy.

«Agar hozirgi trayektoriya bo‘yicha rivojlanishda davom etsa, fuqarolik urushi boshlanishi muqarrar», degan jurnalistlarga NATO va AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondagi harbiy amaliyotlariga qo‘mondonlik qilgan general Skott Miller.

So‘nggi kunlarda toliblar hukumat kuchlarining Tojikiston bilan chegaradagi bir necha postlarini egallab olishdi. Shu vaqtgacha Tojikiston tomoni jangarilardan qochib chegaradan o‘tgan 1500ga yaqin harbiyni qabul qildi. O‘zbekiston esa iyun oyi oxirida ikki marta chegaradan kirib kelgan (53 va 47 nafardan) afg‘on harbiylarini ortga qaytarib yuborgan. Moskvadagilar bu hududdagi vaziyatdan tashvishda ekanini aytmoqda, RF prezidenti Vladimir Putin Tojikistonga yordam ko‘rsatishni va'da qilgan.

«Tolibon» Afg‘oniston hududining 80 foizini nazorat qilishini aytib keladi. Men bu raqamlar qanchalik haqqoniy ekanini bilmayman va buni izohlay olmayman. Ammo «Tolibon» yana Afg‘oniston siyosiy landshaftining bir qismiga aylangani hisobga olinmasa, masalaga yechim topib bo‘lmaydi», degan Rossiyaning BMT qoshidagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya.

«Biz hali amerikaliklar butunlay ketganidan keyin mamlakatda yuzaga keladigan vaziyatni ko‘rishimiz kerak», deya qo‘shimcha qilgan diplomat.

Amerika harbiylarini Afg‘onistondan olib chiqish reja bo‘yicha ramziy kunda - 2021 yilning 11 sentyabrida yakunlanishi kerak. Ammo, Reuters agentligi va CNN telekompaniyasi o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, bu jarayon ancha oldinroq yakunlanishi ham mumkin.

Mavzuga oid