O‘zbekiston | 10:30 / 24.02.2020
177174
4 daqiqa o‘qiladi

1 martdan qonunchilikda nimalar o‘zgarmoqda?

O‘z kuchini yo‘qotadigan tangalar, oshiriladigan ish haqi, plastik kadastr hujjati, Agrar universitetning ochiladigan filiallari.

Kun.uz sayti 2020 yil 1 martdan boshlab kutilayotgan ayrim o‘zgarishlarni e'tiboringizga havola etadi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yilning 12 dekabrdagi «Ko‘chmas mulk obekti kadastr pasportining yangi namunasini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 987-sonli qaroriga asosan ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirilib, 2020 yil 1 martdan yangi namunadagi plastik shaklda tayyorlanadigan ko‘chmas mulk obekti kadastr pasporti bosqichma-bosqich joriy etiladi:

  • Plastik kadastr hujjati Toshkent shahrida, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida 2020 yil 1 martdan boshlab,
  • boshqa viloyatlarda va Qoraqalpog‘istonda 2020-2022 yillarda bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Qarorga ko‘ra, ko‘chmas mulk obektiga bo‘lgan mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar vujudga kelgan, boshqa shaxsga o‘tgan, bekor bo‘lgan yoki ko‘chmas mulk obektining huquqiy holati o‘zgarganini tasdiqlash yuzasidan murojaat qilinganda, ariza beruvchiga davlat xizmatlari markazlari orqali yangi namunadagi kadastr pasporti beriladi.

Mahalla raisi va o‘rinbosarlarining ish haqi oshadi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining farmoniga muvofiq joriy yil 1 martdan mahalla raisi va uning o‘rinbosarlarining oylik ish haqi o‘rtacha 1,35 baravarga oshirilishi belgilandi.

Fuqarolar yig‘inlari raislari va mas'ul kotiblarining oylik ish haqi fondi 2019 yil 1 maydan 1,25 baravarga va 1 oktyabrdan 1,2 baravarga oshirilgan edi.

Eski namunadagi tangalar va banknotlar kuchini yo‘qotadi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 25 so‘mlik va undan kichik nominal qiymatdagi tangalari va banknotlarini muomaladan qaytarib olish tartibi to‘g‘risidagi nizomiga muvofiq, eski namunadagi tangalar va banknotlar 2020 yil 1 martdan boshlab qonuniy to‘lov vositasi sifatida o‘z kuchini yo‘qotadi.

Nizomga ko‘ra, Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan 1994 yil namunasidagi 1 tiyinlik, 3 tiyinlik, 5 tiyinlik, 10 tiyinlik, 20 tiyinlik, 50 tiyinlik, 1997 yil namunasidagi 1 so‘mlik, 5 so‘mlik, 10 so‘mlik, 1999 yil namunasidagi 5 so‘mlik, 10 so‘mlik, 25 so‘mlik, 2000 yil namunasidagi 1 so‘mlik, 10 so‘mlik, 2001 yil namunasidagi 5 so‘mlik, 10 so‘mlik nominal qiymatdagi tangalar eski namunadagi tangalardir.

Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqarilgan 1994 yil namunasidagi 1 so‘mlik, 3 so‘mlik, 5 so‘mlik, 10 so‘mlik, 25 so‘mlik nominal qiymatdagi banknotlar esa eski namunadagi banknotlar deya e'tirof etiladi.

Muomaladan qaytarib olinadigan eski namunadagi tangalar va banknotlarning ayirboshlash muddati 2021 yil 1 yanvargacha etib belgilangan.

Oliy ta'lim muassasalarida Agrar universitetning ixtisoslashgan kafedralari filiallari tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2020 yilda amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan 2020 yil 1 martdan paxta xomashyosi va boshoqli don yetishtirishda band bo‘lmagan maydonlarda tuproq-iqlim sharoitlari va bozor kon'yunkturasidan kelib chiqqan holda tumanlarni bosqichma-bosqich ixtisoslashtirish tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, 1 martga qadar meva-sabzavotchilik va uzumchilik, zamonaviy issiqxonalarda meva-sabzavot ekinlarini yetishtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi oliy ta'lim muassasalarida Toshkent davlat agrar universitetining ixtisoslashgan kafedralari filiallarini tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid