16:09 / 12.08.2020
5611

Imtihon shaffof va adolatli bo‘lishini ta'minlab beramiz – DTM rahbari

Xalqaro press-klubning qabul masalalariga bag‘ishlangan sessiyasida Davlat test markazi direktori Majid Karimov abituriyentlarga test kuni hayajonlanmasliklarini, qo‘rqmasliklarini tavsiya qilib, imtihon adolatli va shaffof tashkillashtirilishini ta'kidladi.

«Abituriyentlar test sinovlarini eng kamida bir-ikki marta ishlab ko‘rishgan yoki sinov testlari bilan tanishishgan. Imtihonda ham xuddi o‘sha testlarga o‘xshagan savollar bo‘ladi. Shuning uchun qo‘rqish kerak emas.

Imtihonning shaffof va adolatli bo‘lishini esa biz ta'minlab beramiz. Bu jarayonda tizim juda yaxshi tashkillashtirilgan, barchasi juda qattiq nazoratga olingan», dedi Majid Karimov.

DTM rahbari to‘g‘ridan to‘g‘ri abituriyentlarga murojaat qildi.

«Imtihonda sizlardan faqat to‘g‘ri javob berish talab qilinadi. Shoshilmasdan fikringizni jamlab to‘g‘ri javob berishga harakat qiling. Biz esa, albatta, to‘plagan haqiqiy balingizni chiqarib beramiz, shaffoflikni ta'minlaymiz. Siz faqat testda ishtirok etib o‘z bilimini namoyon qiling», dedi Majid Karimov.

Shuningdek, uning qayd etishicha, kirish imtihonlari 16-17 sentyabrda yakunlansa, abituriyent talaba bo‘lgani haqidagi javobni bir haftadan keyin, taxminan 20-22 sentabr kuni bilishi mumkin bo‘ladi.

Tana harorati yuqoriligi aniqlanib, imtihonga kiritilmagan va sinovlar yakunlangandan 4 kun keyin alohida imtihon topshirgan abituriyentlar ham o‘zlarining talaba bo‘lganini shu muddatda, 20-22 sentyabrda bilib oladi.

«Bunday abituriyentlar kontingenti katta bo‘lmaydi. Ularning javobini bir kunda chiqarib, umumiy natijaga qo‘shib yuborishimiz mumkin», dedi DTM rahbari.

 

 

Top