Davlat test markazi direktori Majid Karimov bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning Telegram-kanalidagi ovozli chatda markazda tuzilayotgan savollar tashqariga chiqib ketmasligi uchun ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berdi.

“DTM 28 iyuldan boshlab yopiq rejimga kirgan. Mana shu yopiq rejimni ta’minlash maqsadida huquq tartibot organlari jalb etilgan. Test topshiriqlarining chiqib ketmasligini nazorat qilish uchun alohida guruh ajratilgan. Ular kecha-yu kunduz shu jarayonlarni to‘liq nazoratga olishgan. Bu yerda biror topshiriq chiqib ketishi mumkin ham emas.

Bunda xodimlarning hech biri tashqari bilan muloqot qilolmaydi, shuningdek, u yerda aloqa vositalaridan foydalanish ham cheklangan. Chunki juda ko‘plab ovoz so‘ndirgichlari o‘rnatilgan, hatto bizning hududga yaqin bo‘lgan qo‘shni idoralardan ham aloqa vositalarini ishlatolmagani uchun e’tirozlar bo‘lib qoladi. Bu jarayon bizga kerak bo‘lgani uchun ulardan uzr ham so‘raymiz.

DTM binosidagi savollar kitoblari / Foto: Kun.uz

Bu – qo‘shimcha choralar, qolaversa, chetdan jalb qilingan mutaxassislar jarayonni to‘liq nazoratga olishgan”, – dedi DTM rahbari.

Imtihon testlari qanday tayyorlanadi? DTMning yopiq binosidan reportaj

Karimov X-variantlar haqidagi savolga ham javob berdi.

“X-variantga kelsak, buning o‘zi yo‘q. Abituriyentlarning har biri uchun alohida imzo varaqlari beriladi, bu varaqlar kompyuterda shakllantirilgani uchun kimga qanday savol tushishi ham noma’lum.

Umuman olganda, bu yil salbiy holatlar kuzatilmaydi deb o‘ylayman, chunki buning oldini olish uchun biz barcha harakatimiz, vositalarimizni safarbar etganmiz”, – dedi u.

DTM rahbarining aytishicha, ayni paytda testlarga tayyorgarlik yakunlanish arafasida, joylarda stadion va xiyobonlar shay holatga keltirilgan. Imtihon joylariga barcha vositalar olib borilgan, hozirda ularning qanchalik sozligini tekshirish ketmoqda.