O‘zbekiston | 11:28 / 27.03.2021
7975
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentning 10ta ko‘chasida pulli to‘xtash joylari tashkil etilishi rejalashtirilmoqda

Davlat-xususiy sheriklik asosida Toshkent shahrining 10ta markaziy ko‘chasida eksperiment tariqasida pulli avtomobil to‘xtash joylari paydo bo‘ladi. Ushbu loyiha prezidentning og‘zaki ko‘rsatmalaridan biriga asoslangani aytilmoqda.

«Toshkent shahri markaziy ko‘chalarida pulli avtomobil to‘xtash joylarini tashkil etish bo‘yicha eksperimentni amalga oshirish to‘g‘risida»gi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Loyihada qayd etilishicha, davlat-xususiy sheriklik asosida Toshkent shahrining 10ta markaziy ko‘chasida eksperiment tariqasida pulli avtomobil to‘xtash joylari (parkomatlar) tashkil etiladi.

Tegishli vazirlik va idoralar tomonidan ikki hafta ichida 10ta markaziy ko‘cha ro‘yxatini shakllantirish belgilangan.

Agar eksperimentlar o‘zini oqlasa, Toshkent shahar hokimligi 2023 yil 1 yanvarga qadar ushbu sohani yanada takomillashtirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritishi ko‘zda tutilgan.

Pilot loyihasini amalga oshirishda davlat sherigi sifatida Transport vazirligining Toshkent shahar transport boshqarmasi ishtirok etadi.

Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilishi rejalashtirilgan parkomatlarda aniqlangan yo‘l harakati qoidalari buzilishi uchun jarimalar summasining 20 foizi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari jamg‘armasiga, 80 foizi xususiy sherikning hisobraqamiga o‘tkazilishi belgilangan.

Foydalanuvchilar parkomat o‘rnatilgan joydan 10 daqiqa mobaynida bepul foydalanishi mumkin.

Mavzuga oid