Turkiyada zilziladan jabrlangan ko‘p qavatli uylar «snos» qilindi
Fevral oyidagi halokatli zilziladan zarar ko‘rgan uylarni buzish davom etmoqda.
Turkiyaning Malatya shahrida fevral oyida ro‘y bergan zilzilalardan zararlangan ko‘p qavatli binolar portlovchi moddalar yordamida bir vaqtning o‘zida buzib tashlandi.
9 ta 15 qavatli uyni buzib tashlash uchun 1 tonna 660 kg miqdoridagi portlovchi moddalar va 30 mingta detonator talab etilgan. Barcha binolar bir vaqtning o‘zida qulab tushgan.
TRT telekanali xabariga ko‘ra, portlash ovozi shaharning ko‘plab tumanlarida eshitilgan. «Snos»dan keyin tumanni eslatuvchi ulkan chang buluti hosil bo‘lgan.
Mutaxasislar turar joylar yashash uchun yaroqsiz deb topganidan keyin rasmiylar uylarni buzib tashlashga qaror qilgan. Zilziladan keyin Malatyada jami olti mingga yaqin bino buzilgan.
Joriy yil fevralida Turkiyada ro‘y bergan kuchli zilzila (7,8 va 7,5 magnitudali) oqibatida 50 ming kishi halok bo‘lgan, qo‘shni Suriyada qurbonlar soni yetti mingga yaqinni tashkil etgandi.