Jamiyat | 18:00 / 24.05.2024
41961
2 daqiqa o‘qiladi

Marg‘ilonda fuqaro odamlar ko‘z o‘ngida pichoqlab ketildi

Gumonlanuvchi hozirda protsessual tartibda ushlangan.

Foto: Videodan kadr

Marg‘ilonda odamlarning ko‘z o‘ngida bir guruh shaxslar fuqaroga hujum qilib, uni o‘ldirishga urinishgan. Viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024 yil 21 may kuni sodir bo‘lgan.

Marg‘ilon shaharda yashovchi 18 yoshli fuqaro S.T. shaharning B.Marg‘iloniy ko‘chasida “Yangi bog‘” MFY da yashovchi, 24 yoshli fuqaro A.A.ni o‘tkir tig‘li jism bilan o‘ng orqa va yuz sohasiga urib, hayot uchun xavfli bo‘lgan tan jarohati yetkazgan.

Fuqaro A.A. hodisa joyidan qochib ketishi natijasida, S.T. jinoiy harakatlarini oxiriga yetkaza olmasdan, hodisa joyidan noma’lum tomonga yashiringan.

Shifokorlar tomonidan o‘z vaqtida ko‘rsatilgan tibbiy muolajalar natijasida A.A.ning hayoti saqlab qolingan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Marg‘ilon shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25 va 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Gumonlanuvchi S.T. Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan. Hozirda shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda hodisa yuz bergan joydagi kuzatuv kameralariga yozib qolingan video tarqaldi. Unda qora rangli mashinadan ikki yigit tushib fuqaroga hujum qilgani va ulardan biri fuqaroga pichoq urgani tasvirlangan.

Atrofdagi odamlar aralashgandan so‘ng yigitlar qora rangli mashinaga minib, hodisa joyidan ketib qolishgan.

Mavzuga oid