O‘zbekiston | 21:13 / 10.09.2020
18355
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi avlod mashinalari kuniga 20 tonnagacha paxta teradi -Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodidan reportaj

O‘zbekistonda paxta yig‘im-terim mavsumi yaqinlashmoqda. Paxta terimida majburiy mehnatdan voz kechilishi, terimda qo‘l mehnatini kamaytirish paxta terish mashinalariga talabni oshiradi. Xo‘sh, bunday talab qay darajada qondirilmoqda? O‘zbekistonda qancha miqdorda paxta terish mashinalari ishlab chiqarilyapti? Ularning imkoniyatlari qay darajada?

Shu kabi savollar yuzasidan Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodida OAV uchun press-tur tashkil etildi.

Bilamizki, paxtachilik rivojlanishining zamonaviy holati paxta yetishtirish va hosilni yig‘ishtirib olishning barcha jarayonlari qanchalik mexanizatsiyalashgani bilan belgilanadi.

Hukumat shu yil 14 yanvarda «Respublika hududlarida paxta hosili terimini mexanizatsiyalash darajasini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qaror qabul qilgan edi. Unga asosan:

  • Birinchi bosqichda (2020–2022 yillar) Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida;
  • Ikkinchi bosqichda (2023–2026 yillar) respublikaning qolgan hududlarida paxta xosilini yig‘ishtirib olishni mexanizatsiyalashni jadallashtirish belgilangan.

«Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi» AJ bu yilgi mavsumga 850 dona paxta terish mashinalarini ishlab chiqarishni va respublika hududlariga yetkazib berishni rejalashtirgan.

Shundan 550 tasi – CE-220 rusumli (Case) gorizontal shpindelli, 300 donasi – MX-1.8 rusumli vertikal shpindelli paxta terish mashinalari.

Ma'lum qilinishicha, hozirda zavoddan CE-220 rusumli paxta terish mashinalari transformer shaklida ishlab chiqarilmoqda. Paxta mavsumida ushbu modeldan paxta terish mashinasi sifatida, qolgan davrlarda universal-haydov traktori sifatida foydalanish mumkin. Ya'ni fermer bundan faqat paxta terish uchun emas, qolgan qishloq xo‘jalik yumushlarida ham foydalanishi mumkin. Modelning asosiysi yutug‘i ana shunda.

Yangi avlod paxta terish mashinasining ish unumdorligi kuniga 20 tonnagacha bo‘lib, 400 nafargacha terimchi o‘rnini bosa oladi.

Hozirda ushbu mashinalar butlovchi qismlarining 20 foizidan ortig‘i lokalizatsiya qilingan.

Ta'kidlanishicha, mashinalar fermerlarga CE-220 rusumli paxta terish mashinalari 10 yil muddatga, MX-1.8 rusumli paxta terish mashinalari esa 7 yil muddatga ustuvor ravishda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklariga yetkazib berilmoqda.

Mavzuga oid