Jahon | 18:46 / 15.11.2024
6708
6 daqiqa o‘qiladi

Abxaziya parlamenti oldida yuzlab namoyishchilar yig‘ildi

Ular Rossiya bilan investitsiya kelishuvi ratifikatsiya qilinishiga qarshi chiqmoqda. Aksiya ishtirokchilari to‘siqni buzib o‘tgan va bino hududiga bostirib kirgan. Politsiya ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llagan.

Foto: Videodan kadr

Suxumida Abxaziya parlamenti binosi oldida huquq-tartibot organlari xodimlari hamda respublika hukumatining Rossiya bilan investitsiya kelishuvi ratifikatsiya qilinishiga qarshi norozilik namoyishi ishtirokchilari o‘rtasida to‘qnashuv ro‘y berdi, deb xabar bermoqda mahalliy Respublisa va «Exo Kavkaza» telegram-kanallari.

15 noyabr tongida, deputatlar Suxumi va Moskva o‘rtasidagi investitsiya kelishuvi loyihasini ko‘rib chiqish uchun yig‘ilganida yuzlab namoyishchilar Abxaziya parlamenti binosiga kelishgan. Xabar qilishlaricha, odamlar abxaz–rus munosabatlarini mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlash belgisi sifatida aksiyaga o‘zi bilan Abxaziya va Rossiya bayroqlarini keltirishgan.

Muxolifat yetakchilaridan biri, «Abxaz xalq harakati» jamoat tashkiloti yetakchisi Adgur Ardzinbaning aytishicha, bir guruh deputatlar spikerning oldiga borib, investitsiyalar bo‘yicha bitimni ratifikatsiya qilish masalasini kun tartibidan olib tashlashni talab qilishgan. U shuningdek, respublika rahbariyatini «xalqni ikkiga bo‘luvchi barcha o‘tkir masalalarni 2025 yilgi saylovlardan keyin qoldirish»ga chaqirgan. «Agar hukumat bunga rozi bo‘lmasa, yaqin kunlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar uchun javobgarlik to‘lig‘icha Abxaziya prezidenti Aslan Bjaniya va uning atrofidagilar zimmasida bo‘ladi», — degan u.

Yakunda parlament kun tartibini tasdiqlamagan, 15 noyabr kungi sessiya bekor qilingan. Ammo namoyishchilar deputatlardan sessiya o‘tkazish va bitim loyihasini tasdiqlashga qarshi ovoz berishni talab qilishgan.

Ko‘p o‘tmay parlament binosi oldida namoyishchilar va binoni qo‘riqlash uchun jalb etilgan politsiyachilar o‘rtasida to‘qnashuvlar kelib chiqqan. Aksiya ishtirokchilari kuchishlatarlarga tuxumlar uloqtirishgan, shuningdek, bino atrofidagi to‘siqni yuk mashinasi orqali buzib o‘tib, hududga bostirib kirishgan.

Bunga javoban huquq-tartibot organlari xodimlari ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz sepishgan, shuningdek, olomonga qarata tutunli granatalar uloqtirila boshlangan. Kuchishlatarlar o‘t o‘chirish xizmati mashinalari bilan parlament hududiga kirish yo‘lini to‘sishga uringan.

Xabar qilinishicha, parlament hududida o‘q ovozlari ham eshitilgan. Suxumi shahri tez yordam xizmati bosh shifokori RIA Novosti muxbiriga parlament binosi oldidagi aksiyada ikki kishi jarohatlangani to‘g‘risida ma’lumot bergan. Ularning jarohatiga o‘qotar qurol qo‘llangani sabab bo‘lgani yoki yo‘qligi aniq emas.

Respublisa xabariga ko‘ra, namoyishchilar qarshisiga prezident Aslan Bjaniyaning qo‘riqlash xizmati boshlig‘i chiqib kelgan va namoyishchilarning talablarini unga yetkazishga va’da bergan. Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati rahbari Robert Kiut ham namoyishchilar bilan muzokara o‘tkazishga uringan. Shundan keyin namoyishchilar hukumat binolari kompleksini, jumladan respublika prezidenti administratsiyasi binosini o‘rab olishgan. Respublisa xabariga ko‘ra, aksiyada bir necha ming kishi ishtirok etmoqda.

Keyinroq norozilik aksiyasi ishtirokchilari parlament binosi ichiga ham bostirib kirishdi. Xavfsizlik xizmati ularga qarshilik ko‘rsatmagan.

Endilikda ular Rossiya bilan investitsiya bitimini ratifikatsiya qilishdan voz kechishdan tashqari respublika prezidenti Aslan Bjaniyaning iste’fosini ham talab qilishmoqda.

Abxaziya rahbari matbuot xizmati prezident administratsiyasi investitsiya bitimini ratifikatsiya qilish bo‘yicha qonun loyihasini parlamentdan qaytarib olish to‘g‘risidagi hujjatni tayyorlayotganini ma’lum qilgan.

Bungacha nimalar bo‘lgandi?

Oktyabr oyida Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov va Abxaziya bosh vaziri Kristina Ozgan Rossiya kompaniyalari respublika hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirishiga imkon beradigan kelishuvni imzolagandi.

Abxaziya hukumati kelishuv mahalliy iqtisodiyotga yordam beradi deb hisoblaydi, muxolifatdagilar esa bu hujjat «respublika manfaatlari to‘g‘ridan to‘g‘ri sotilishi»ni anglatishini ma’lum qilgan. Kelishuvga qarshilar u Abxaziyaga foyda keltirmasligini aytishmoqda. «Birinchi navbatda, bu kelishuv xorijlik oligarxlarni 25 yilgacha soliqlardan ozod etishga mo‘ljallangan. <…> Chorak asr davomida budjetga bir tiyin ham keltirmaydigan bunday kelishuvlar bizga nima uchun kerak?» — deya qayd etgan Adgur Ardzinba kelishuvga qarshi chiqqan jamoat va siyosiy tashkilotlar rahbarlari press-konferensiyasida.

Bank jamoatchiligi vakillari ham kelishuv yuzasidan xavotirlarini bildirgan. Suxumi va Moskva o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, Rossiya investitsiya loyihasi bo‘yicha hisob-kitoblar uchun Abxaziyada o‘z banki filialini tuzishi mumkin. Bankirlar rossiyaliklarning davlat ishtirokidagi kredit tashkilotlari moliyaviy va texnologik imkoniyatlari abxaz banklari imkoniyatlari bilan taqqoslab bo‘lmas darajada ekanini qayd etishgan. Ularning fikricha, bitim qabul qilinishi «raqobat muhitini vayron qilishi va Abxaziyadagi kredit tashkilotlari uchun katta zarar keltirishi, hatto bankrotlikkacha olib kelishi mumkin».

11 noyabr kuni Abxaziya parlamenti respublika hududidagi   ko‘p funksiyali komplekslar maqomini tartibga soluvchi qonunni qabul qildi, unda Rossiya-Abxaziya kelishuvi haqida ham gap ketadi. Shu kuni Davlat xavfsizlik xizmati kelishuv ratifikatsiyasiga qarshi chiqqan faollardan besh nafarini qo‘lga oldi. Bu parlament binosidagi mushtlashuvdan keyin ro‘y bergani ma’lum qilingan.

Aktivistlar qo‘lga olinishi ortidan Suxumi norozilik aksiyasi boshlandi, uning ishtirokchilari shaharga kirishdagi uchta ko‘prikni to‘sib qo‘yishdi. Faollar qo‘yib yuborilganidan keyin yo‘llar ochildi.

Mavzuga oid