O‘zbekiston | 11:11 / 30.05.2024
25396
13 daqiqa o‘qiladi

“Bog‘cha opa”larning oshayotgan maoshi, qurilishda yangi talab hamda migrantlar uchun imkoniyatlar – 1 iyundan nimalar o‘zgaradi?

Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq, 2024 yil 1 iyundan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.

Qurilishda yangi talab – zilzilaga qarshi choralar

 Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, 2024 yil 1 iyundan boshlab MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori balli seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot obektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan seysmoizolyatsiya va dempfer uskunalari bilan loyihalash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu aktiv seysmik himoyalash qurilmalarini o‘rnatish qurilish ishlariga mas’ul bo‘lgan buyurtmachi tashkilotlar tomonidan moliyalashtiriladi. 

Mazkur qaror bilan 2024 yil 1 iyundan boshlab yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III — IV toifa bo‘lgan obektlarda gaz va elektr tarmoqlarini kuchli zilzila paytida avtomatik bloklash tizimi bilan loyihalash tartibi joriy etilmoqda.

Bunda, seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III—IV toifa bo‘lgan obektlarning loyiha-smeta hujjatlari ularda kuchli zilzila sodir bo‘lganda gaz va elektr tarmoqlarini avtomatik bloklash tizimi mavjud bo‘lgan hollardagina shaharsozlik hujjatlari ekspertizasidan o‘tkazilishi belgilab qo‘yilyapti.

Bundan tashqari, 2024 yil 1 iyundan boshlab respublika hududida bo‘lib o‘tgan zilzilalar monitoringi, ularning ilmiy tahlili va faol tektonik yer yoriqlarining harakatlari orqali yaqin kelajakda kutilayotgan kuchli zilzila xavfi bor hududlarni aniqlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. 

Bunda seysmoprognostik monitoring amalga oshirilishini tashkil etish, bo‘lib o‘tgan zilzilalarning raqamli ma’lumotlar bazasini shakllantirish va qayta ishlash markaz tomonidan, zilzilalarning vujudga kelish mexanizmi, darajasi va zilzila darakchilarining turli geodinamik jarayonlarda namoyon bo‘lishi, shuningdek, yaqin kelajakda kutilayotgan kuchli zilzila xavfi bor hududlarni aniqlash esa Fanlar akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Kuchli zilzila xavfi bor hududlar aniqlanganda, bu haqidagi ma’lumotlar zudlik bilan respublika kengashiga kiritib boriladi. 

Chiqindidan qarzi borlarga “svet” yo‘q

Davlat rahbarining 2024 yil 4 yanvarda qabul qilingan “Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2024 yil 1 iyundan chiqindidan qarzi borlarga elektr energiyasi uchun to‘lov qilish bosqichma-bosqich cheklanadi.  

Ya’ni qarzdorlik vujudga kelganligi to‘g‘risida oldindan elektron to‘lov tizimlari orqali ogohlantirilgandan keyin to‘lovlar amalga oshirilmagan taqdirda abonentlar chiqindi xizmatlari bo‘yicha qarzdorlikni bartaraf etmaguniga qadar ularning elektr energiyasi uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyoti joriy etiladi. Ushbu amaliyot birinchi bosqichda Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida 2024 yil 1 iyundan boshlab chiqindi xizmatlari bo‘yicha 6 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun yo‘lga qo‘yiladi.  

Shuningdek, 2024 yil 1 iyundan boshlab maishiy chiqindilar tarkibidagi ikkilamchi xomashyoni realizatsiya qilish faqat birja orqali amalga oshiriladi. Bundan tadbirkorlik sub’yektlarining aholi tomonidan mustaqil saralangan chiqindilarni sotib olish hollari mustasno.

Qarorda 2024 yil 1 iyundan boshlab belgilangan tartibda maxsus texnikaga ega bo‘lgan sanitar tozalash korxonalari tomonidan sanoat, suyuq maishiy, yirik hajmli maishiy, qurilish, tibbiyot hamda zaharli-kimyoviy chiqindilarni olib chiqib ketish kelishilgan narxlarda alohida to‘lov evaziga amalga oshirilishi ham belgilab qo‘yilgan. 

Tazyiqqa uchraganlar himoyaga olinadi

2024 yil 10 may kuni prezidentning “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. Hujjatda 2024 yil 1 iyundan boshlab respublikada qator tartiblar joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Jumladan, 2024 yil 1 iyundan boshlab:

a) «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida bo‘lgan xotin-qizlarga himoya orderi talab etmagan holda ijtimoiy, psixologik va yuridik xizmatlar ko‘rsatish tartibi joriy etiladi;

b) xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holati ichki ishlar organlari navbatchilik qismining «102» telefon raqamlariga kelib tushgan murojaatlar asosida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ro‘yxatga olinadi;

v) tazyiq va zo‘ravonlik holati yoki ularni sodir etish xavfi aniqlangan paytdan e’tiboran 24 soat ichida quyidagilar amalga oshiriladi:

— xotin-qizlar faoli va mahalladagi profilaktika inspektori ishtirokida tazyiq va zo‘ravonlikni sodir etgan shaxs bilan suhbat o‘tkaziladi;

— profilaktika inspektori tomonidan himoya orderi rasmiylashtiriladi;

— tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlari markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch qabul bo‘limlariga joylashtiriladi;

— rasmiylashtirilgan himoya orderlari va jabrlangan shaxslarga doir ma’lumotlar «Inson» markazlariga real vaqt rejimida «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi orqali yuboriladi.

Shuningdek, tazyiqdan jabrlangan shaxslarga ruhiy inqiroz holatida birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida 2024 yil 1 iyundan boshlab Jizzax, Navoiy va Xorazm viloyatlarida shoshilinch qabul bo‘limlarida tun-u kun ishlaydigan birlamchi ko‘mak xonalari tashkil etiladi.

Mingrantlar uchun imkoniyatlar yaratiladi

Davlat rahbarining tegishli farmoni bilan xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashda qator imkoniyatlar yaratilmoqda.

Farmonga ko‘ra, 2024 yil 1 iyundan boshlab Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:

a) «Xorijda ish» mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:

— xorijiy tillar va (yoki) kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda va sertifikat olinganda — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha miqdorda;

— xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga «ishchi viza»ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda;

— yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha miqdorda kompensatsiya to‘lanadi;

v) sug‘urta tashkilotlariga — «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oila sifatida e’tirof etilgan yoki «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»dan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarning sog‘lig‘i va hayoti, shuningdek, boshqa tavakkalchiliklarini sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta mukofotini qoplash maqsadida har bir sug‘urtalangan fuqaro uchun yiliga bir marta ellik ming so‘mgacha miqdorda subsidiya to‘lanadi;

g) xorijda mehnat qilish davrida zo‘ravonlikka, majburiy mehnatga duchor bo‘lgan va kamsitilgan, mehnat hamda boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolda, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz va yashash uchun mablag‘siz qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga advokatning, yuridik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning yoki huquqni muhofaza qilish tashkilotlarining xizmatlari uchun belgilangan tartibda haq to‘lanadi.

 Bundan tashqari, 2024 yil 1 iyundan boshlab hujjatlarni onlayn talab qilib olish bo‘yicha konsullik yig‘imlari miqdori fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etganlik haqida takroriy guvohnomalar berganlik uchun davlat boji miqdoriga tenglashtiriladi.

Shuningdek, 2024 yil 1 iyundan boshlab Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga (budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno) har bir ishga olingan bunday xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi. Bunda subsidiya 2024 yil 1 iyundan 2026 yil 1 yanvarga qadar ishga qabul qilingan shaxslarga nisbatan to‘lanadi. Mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxs bilan tuzilgan va Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mehnat shartnomasi subsidiya to‘lash uchun asos bo‘lib hisoblanadi. Mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar deb xorijda uch va undan ortiq oy mobaynida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib, yashash manziliga qaytib kelganligiga bir yildan ko‘p vaqt bo‘lmagan shaxslar tushuniladi.

Hujjatda 2024 yil 1 iyundan boshlab mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar hamda ularning oila a’zolarini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan, ijtimoiy ahamiyatli kasallikka chalingan shaxslarga davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxatiga muvofiq bepul tibbiy yordam ko‘rsatish amaliyotini yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan. 

Bog‘cha tarbiyachilarining maoshi oshadi

Davlat rahbarining 2023 yil may oyida imzolagan qaroriga asosan 2024 yil 1 iyundan boshlab davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi oliy ma’lumotli pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalari umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining tegishli pedagog xodimlarinikiga tenglashtirilishi lozim.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, davlat bog‘chalarining oliy ma’lumotli tarbiyachi-metodist, tarbiyachilari 1 mln 203 ming 660 so‘m olishi belgilangan. Maktablarning oliy ma’lumotli boshlang‘ich va yuqori sinflari o‘qituvchilari esa 2 mln 90 ming 399 so‘m oladi. Shundan kelib chiqilsa, bakalavr diplomiga ega bog‘cha tarbiyachilarining maoshi 2 mln so‘mdan oshirilishi kutilmoqda.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 2024 yil 1 iyundan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovi miqdorlari oshirilmoqda. 

Boshqa o‘zgarishlar

2024 yil 1 iyundan boshlab:

  • davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining oliy ma’lumotli pedagog xodimlarining bazaviy tarif stavkalari umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining tegishli pedagog xodimlari bazaviy tarif stavkalarining amaldagi miqdorlariga tenglashtiriladi;
  • tajriba-sinov tariqasida «issiqxona gazlari savdosi» milliy tizimi yo‘lga qo‘yiladi hamda 2025 yil 1 yanvardan energetika va sanoat tarmoqlarida to‘liq joriy qilinadi;
  • Raqamli texnologiyalar xalqaro markazida eksperiment tariqasida 5 yilgacha bo‘lgan muddatga xorijiy kompaniyalar uchun qo‘llanadigan maxsus huquqiy rejim joriy qilinadi;
  • foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha oylik ma’lumot «bazaviy me’yor» va undan ortiq hajmlar kesimida iste’molchilarga yuborilishi ta’minlanadi
  • MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori balli seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot obektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan seysmoizolyatsiya va dempfer uskunalari bilan loyihalash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi
  • «mahalla yettiligi» tavsiyasi asosida Kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga Iqtisodiyot va moliya vazirligi mablag‘lari hisobidan ipoteka kreditlarini ajratish amaliyoti joriy etiladi;
  • «Yosh tadbirkor» tanlovlarini o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
  • «Ishga marhamat» monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlarining o‘qituvchilari hamda muhandis ustalarini maqomi bo‘yicha professional ta’lim muassasalari pedagoglariga tenglashtirish hamda ularga ushbu xodimlar uchun qonunchilikda belgilangan imtiyozlar va ijtimoiy himoya kafolatlari tatbiq etiladi.

Mavzuga oid