O‘zbekiston | 09:19 / 13.09.2019
38249
12 daqiqa o‘qiladi

Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda qator yangiliklar kutilyapti

Foto: Shutterstock

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 28 avgustda qabul qilingan 667-I–son Qonuni bilan amalga kiritilgan “Davlat yer kadastri to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga quyidagi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi:

13-modda quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“13-modda. Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish

Yer uchastkalaridan foydalanish huquqini, yer uchastkalarini ijaraga olish huquqini, yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini, shuningdek, yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqini, shu jumladan servitutlar to‘g‘risidagi bitimlarni va boshqa cheklovlarni hamda ushbu huquqlarning bekor qilinishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ko‘chmas mulkka (yer uchastkalari, bino va inshootlar, ko‘p yillik dov-daraxtlarga) bo‘lgan huquqlarning va ularga doir bitimlarning davlat reyestriga tegishli ma'lumotlarni kiritish orqali yer uchastkasi joylashgan tumanda (shaharda) amalga oshiriladi.

Yer uchastkalaridan foydalanuvchi, ularni ijaraga olgan, unga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qiluvchi, shuningdek, mulk qilib olgan yuridik va jismoniy shaxslar yer uchastkalariga bo‘lgan o‘z huquqini belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazishlari shart.

Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarning yuzaga kelishi, o‘zgaga o‘tishi, cheklanishi va bekor qilinishi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim. Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni ro‘yxatga olganlik uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imi undiriladi.

Yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarini davlat ro‘yxatdan o‘tkazish yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlar to‘g‘risidagi zarur hujjatlar ilova etilgan ariza kelib tushgan paytdan e'tiboran ikki kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastr davlat qo‘mitasining “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti tomonidan amalga oshiriladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarning yuzaga kelishi va boshqa shaxsga o‘tishi davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestridan elektron ko‘chirma beriladi.

Yer uchastkasiga bo‘lgan, belgilangan tartibda yuzaga kelgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan so‘ng kuchga kiradi”;

15-modda quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“15-modda. Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish asoslari

Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni belgilovchi, o‘zgartiruvchi yoki bekor qiluvchi hujjatlar ana shu huquqlarni davlat ro‘yxatdan o‘tkazish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Yer uchastkalaridan foydalanish huquqi, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi tegishincha tuman(shahar), Toshkent shahri, viloyatlar hokimlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yer berish to‘g‘risidagi qarorlari asosida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Yerlarni ijaraga olish huquqi yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi asosida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqi bunday huquqqa oid davlat orderi, oldi-sotdi shartnomalari va yer uchastkalariga bo‘lgan mulk huquqi yuzaga kelishiga asos bo‘ladigan, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hujjatlarga asosan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Binoga, imoratga va inshootga va boshqa ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulk huquqi boshqa shaxsga o‘tishi natijasida yuzaga kelgan yer uchastkasidan foydalanish huquqi, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi ana shu mulklarning oldi-sotdisi, almashtirilganligi to‘g‘risidagi tegishli shartnomalar, hadya etilganligi, vasiyat qilinganligi haqidagi yer uchastkasiga oid tegishli bitimlar asosida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Servitutlar to‘g‘risidagi bitimlar hamda yer uchastkalaridan foydalanish, ularni ijaraga olish, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish, mulk huquqlariga doir boshqa cheklashlar tegishli shartnomalar, sudning qarorlari asosida ro‘yxatdan o‘tkaziladi”;

16-modda quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“16-modda. Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish uchun asoslar

Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

davlat ro‘yxatidan o‘tkazish organida mazkur yer uchastkasining kimga tegishli ekanligi to‘g‘risida nizo borligidan dalolat beruvchi hujjatlarning mavjudligi;

davlat ro‘yxatidan o‘tkazish organida mazkur yer uchastkasi qonunda belgilangan tartibda olib qo‘yilganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlarning mavjudligi;

joyida o‘tkazilgan o‘rganishlar va tekshirishlar jarayonida yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatining aniqlanishi.

Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni va yer uchastkalariga oid bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etilganligi yoki ro‘yxatdan o‘tkazish muddatlarining buzilganligi yuzasidan belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin”;

17-modda quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“17-modda. Yer maydonlarining miqdorini va sifatini hisobga olish

Yer maydonlarining miqdori va sifati ularning haqiqiy holati va ulardan foydalanilishiga qarab, yer uchastkalari va maydonlari, ma'muriy hududiy birliklar kesimida O‘zbekiston Respublikasi hududi bo‘yicha hisobga olinadi.

Yer uchastkalari bo‘yicha yer maydonlari miqdori yer uchastkalarining o‘lchami, ularning qiymati va talab qilinadigan o‘lchash aniqligiga qarab, geodezik va (yoki) kartometrik usullarda hisobga olinadi.

Yer maydonlari miqdori yer uchastkalari doirasida asosan kartometrik usulda hisobga olinadi.

Yerlarning sifatini hisobga olish tabiiy-qishloq xo‘jaligi bo‘yicha rayonlashtirishni, tuproq va yerlarni tasniflashni, ularni agronomik, ekologik, texnologik va shaharsozlik belgilari bo‘yicha tavsiflashni, tuproqni guruhlarga ajratishni o‘z ichiga oladi.

Yer maydonlarining miqdorini va sifatini hisobga olish asosiy va joriy turlarga bo‘linadi.

Yerlarni hisobga olishning asosiy turi (yer uchastkalarini xatlovdan o‘tkazish) joyning o‘zida yer uchastkalarining va maydonlarining chegaralari, joylashgan o‘rni, holati va ulardan foydalanish xususiyatiga doir o‘zgarishlar to‘planganligiga qarab davriy ravishda o‘tkaziladi, bunda yerlarning plan-kartografik asosi tegishli masshtablarda yangilanishi, tuproq, geobotanik va boshqa xil izlanish va tadqiqotlar o‘tkazilishi shart.

Yerlarning joriy hisobi kadastr hujjatlari va ma'lumotlarining to‘g‘ri bo‘lishini ta'minlash maqsadida yuritiladi, bunda yerlarning huquqiy,miqdoriy, sifat holatlarida va ulardan foydalanish borasida yuz bergan o‘zgarishlar aniqlanadi hamda ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Davlat yer kadastrini yuritish vazifasi yuklatilgan tegishli organlarga yer uchastkalaridan foydalanuvchilar, yer uchastkalarining ijarachilari, meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qiluvchilari va mulkdorlari sodir bo‘lgan o‘zgarishlar to‘g‘risida bir oy muddatda axborot berishlari shart.

Yerlarning o‘lchami, joylashgan joyi, yer turlari va sifat holatiga oid qayd etiladigan ma'lumotlar yerni hisobga olish axborotini tashkil etadi”;

19-modda quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“19-modda. Yerlarning qiymat bahosi

Barcha toifadagi yerlarning qiymat bahosini chiqarish natura va qiymat ko‘rsatkichlari tizimi yordamida amalga oshiriladi.

Turli maqsadlarga mo‘ljallangan yerlardan foydalanish samaradorligi darajasini aniqlash, yer uchun to‘lanadigan haq va uning normativ bahosini hisoblab chiqarish, yerlarni kimoshdi savdosi asosida realizatsiya qilish paytida boshlang‘ich bahosini belgilash uchun yerlarning qiymat bahosi aniqlanadi.

Yerlarning qiymat bahosiga doir ma'lumotlar yer bahosiga oid axborotni tashkil etadi”;

20-modda quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“20-modda. Tuman (shahar) yer kadastri daftari

Tuman (shahar) yer kadastri daftari yerlarni hisobga olish va ularni baholash bo‘yicha asosiy hujjat bo‘lib, yer uchastkasining joylashgan joyi, qaysi maqsadda foydalanishga mo‘ljallanganligini, yer uchastkasidan foydalanish, yer uchastkasini ijaraga olish huquqlarini, shuningdek, yer uchastkasiga bo‘lgan meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish hamda mulk huquqlarini aniqlash uchun zarur bo‘lgan ma'lumotlarni o‘z ichiga oladi, u yer uchastkalari maydonining miqdor va sifat holati hamda qiymati to‘g‘risidagi asosiy axborot manbai hisoblanadi.

Yer kadastri daftarining ma'lumotlari yerlardan foydalanish, ularni muhofaza qilish, yerlarni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish va berish, yer uchun haq to‘lash miqdorini aniqlashda, yer tuzishda, xo‘jalik faoliyatini baholashda hamda yerlardan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishda foydalaniladi.

Yer kadastri daftari maxsus ishlab chiqilgan dasturiy mahsulot bo‘yicha kompyuterda elektron shaklida yer fondining toifalari, kichik toifalari va turlari, har bir yerdan foydalanuvchilarning yer maydonlari konturlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining “O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy-loyihalash instituti tomonidan budjet mablag‘lari yoki boshqa manbalar hisobidan yuritiladi. Yer uchastkalarining foydalanuvchilari, chegaralari, maydoni, yer turlari, sifati va qiymati to‘g‘risidagi o‘zgarishlar yer kadastri daftariga muntazam ravishda kiritib boriladi va joriy yil davomida har qanday muddatga yer to‘g‘risida aniq ma'lumotlar bo‘lishi ta'minlanadi.

Yer kadastri daftarining ma'lumotlari yil yakuni bo‘yicha qog‘oz shaklida foydalanish va saqlash uchun bosib chiqariladi, tegishli imzolar bilan rasmiylashtiriladi va maxsus yig‘majild sifatida saqlanadi.

Yer kadastri daftarining tuzilishi, mazmuni va uni yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”.

Mavzuga oid