01:33 / 12.03.2019
21500

O‘zbek adabiyotidagi falsafasizlik, hirsga yetaklayotgan qo‘shiqchilik va o‘quvchi didi. Adabiyotshunos Ibrohim Haqqul bilan suhbat

O‘zbek va jahon adabiyoti, uning muammolari, tahlillari yuzasidan qator ko‘rsatuv va suhbatlarni o‘quvchilar e'tiboriga havola etib kelayotgan Kun.uzʼning navbatdagi suhbatdoshi adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori professor Ibrohim Haqqul bo‘ldi.

Adabiyotshunos olim bilan bugungi jamiyat va adabiyot haqidagi suhbatimiz ochiq va samimiy ruhda o‘tdi. Unda Ibrohim Haqqul nafaqat o‘zbek jamiyati va o‘zbek adabiyotidagi muammolar hamda illatlarni tanqid qildi, balki bu muammolardan qutulish borasida o‘zi to‘g‘ri deb bilgan fikrlarni ham o‘rtaga tashladi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube.com

— Ustoz, Yevropa, umuman jahon adabiyotidagi barcha katta asarlarda ma'lum falsafa yotganini ko‘ramiz. Qaysi yozuvchi va qaysi asarlarni nazarda tutayotganimni sezyapsiz. Ayting-chi, shu ma'noda o‘zbek adabiyotining falsafiy asoslari nimalardan iborat, umuman o‘zbek adabiyotining yakdil bir falsafasi bormi?

— Mumtoz adabiyotimiz Navoiy, Boburlar davrida adabiyotning falsafasi aniq bo‘lgan. U paytning ijodkorlari nimaga suyanib, nimani targ‘ib-tashviq qilishni juda yaxshi bilgan. Lekin sho‘ro zamonidan keyin hammasi ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi. Bu zamonda yaratilgan adabiyotni falsafasi siyosat va mafkura bo‘lgan, kommunistik mafkura. Bu mafkura va siyosat to mustaqillik davrigachayam keldi, lekin undan keyin adabiyotni falsafasi yangilangani yo‘q.

Chunki uni yangilaydigan ijodkor yo‘q. Ba'zi narsalar o‘zgartirildi, ba'zi narsalarga boshqacha to‘n kiygizildi va bu gumanizm deyildi, falon deyildi, lekin katta falsafa yo‘q.

Shunga harakatlar bo‘lgan. Masalan, bu yo‘lda Nazar Eshonqul katta ishlar qilgan. Afsuski, mana shunday yozuvchimiz bor, lekin “oqar suvni qadri yo‘q”. Uni yoshlar bilan uchrashtirishadimi, yo‘qmi — bilmayman.

Adabiyot falsafasini anglab ishlashga intilishni Xurshid Do‘stmuhammadda ham ko‘rish mumkin. Ammo yuqorida aytganimdek, hali tom ma'nodagi yangi falsafa yo‘q.

Buni yaratish kerak. Buning uchun katta yozuvchi va shoirlarimiz yig‘ilib fikr almashishlari lozim va albatta, adabiyotni kuchini qaysi nuqtayi nazardan ko‘rsatish kerakligini tushunishlari lozim.

Falsafasiz adabiyot parokanda bo‘ladi. Shuni ham aytishim kerakki, bizni yozuvchilar ichida avom darajasida fikrlovchilari ko‘p, ularga falsafa kerak emas. Falsafani bilgan taqdirda ham unga suyanib yaxshi asar yarata olishmaydi.

Bu ishlar bilan Yozuvchilar uyushmasi shug‘ullansa, to‘g‘ri bo‘ladi, nazarimda. Qaniydi, Asqad Muxtorga o‘xshash yozuvchilar bo‘lganda, bugun bu masalalar haqida erkin fikrlashilardi.

Yana bir narsani aytib qo‘yay, o‘zini tarixi, dini, san'atini bilmay turib adabiyotda falsafa yarataman deyish yoki adabiyot falsafasi haqida fikr bildirish bu kulgili.

— Xuddi shu ma'noda bugungi o‘zbek adabiyoti Islomdan qanchalik suv ichyapti?

— Bu jiddiy savol va katta mulohaza talab qiladi. Sovet davridagi adabiyotimiz qariyb bir asr davomida Islomdan deyarli suv ichmadi. Shuning uchun u adabiyot – dindan ajralgan adabiyot, dahriylikka tayangan adabiyot.

Uni ayblash yoki qoralash emas, bu holat nega shunday bo‘lganini tushunish va tushuntirish kerak. Va adabiyot dindan ajralganda insoniyat nima fojialarga yo‘liqishi va dindan ajralgan adabiyotning odamlarni tarbiyalashda naqadar qo‘li qisqa, tili qisqa bo‘lishini aytish kerak.

Mustaqillikdan keyingi adabiyotda Islomdan suv ichishga o‘xshash harakatlar bo‘layapti. Ammo ularni ko‘pchiligini men samimiy deb bilmayman. Sababi, diniy mavzularda yozilayotgan she'r, doston va asarlarda qandaydir iddaoparastlik bor. Yozuvchining qon-u jonida bo‘lmagan, tashqaridan olib kirilgan ish bilan muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi.

Men Robindranat Tagorning bir gapini doim yodimda saqlayman: “Yozuvchining dini boshqa bo‘ladi”. Ya'ni hamma bilgan umumiy din bilan uni aloqasi bor lekin uni Olloh bilan, diniy mohiyat bilan bog‘lanishi boshqacha bo‘ladi. U dinga, Islomga yuksakdan qarab, hamma masalalarni o‘zicha hal qilgan va qolganlarga namuna bo‘ladigan yozuvchimiz hali bizda yo‘q. Bu kelajakda bo‘ladigan ish deb o‘ylayman.

— Suhbatlardan birida adabiyotdagi pirsizlik, ustozsizlikni salbiy tomonlari haqida fikr bildirgan va bugungi o‘zbek adabiyotida ham bu jarayon davom etayotganligini tanqid ostiga olgan edingiz.

Agar shunday bo‘lsa, o‘zbek adabiyotidagi pirsizlik davri qachondan boshlangan edi?

— Pirsizlik, ustozsizlik XIX asrlargacha kelgan. Ikkinchi jahon urushi, umuman 40 yillardan keyin bu masalaga nuqta qo‘yilgan.

Tasavvufda “pirsizni piri – shayton” degan gap bor. Pirsizlikni kasofati shundaki, nafsni hakalak ottiradi. Nafsga qarshi turolmaysiz. Ezgu gaplarni gapirasiz, kitobiy, oliyjanob tushunchalarni targ‘ib qilasiz, lekin ichingizdagi bo‘g‘iqlik, baribir turaveradi. Ko‘p aytamanki, bizni ulug‘ shoirlarimiz Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Erkin akalarda murshid bo‘lganda edi, nafsga qarshi tozalanganda edi, boshqa san'atkor bo‘lar edi. Shunda ular tomonidan umrining oxirida pushaymonlik bilan yozilgan she'rlar bo‘lmas edi.

Payg‘ambarimizni bir hadislari bor: “Nafsini bilgan rabbini bilur”. Bu juda to‘g‘ri gap. Aynan nafsini tanimagani va nafs haqida tasavvuri bo‘lmagani uchun ham bugungi ijodkorlarning yozganlari odamlarning qalbiga ta'sir qilmayapti.

— Rus faylasuf adabiyotshunosi Baxtinni shunday fikri bor: “Qaysidir davr adabiyotini o‘rganishda o‘sha davr madaniyati ko‘zi bilan ham qarash kerak”. Xo‘sh, agar shu tomondan yondashilsa, siz bugungi o‘zbek madaniyatini qanday baholaysiz?

— O‘sha Baxtin “Ijodkor o‘zi yashagan davr va zamonning mahbusi”, — deydi. Lekin u nimaga mahbus? Siyosatgami, mafkuragami, san'atgami, haqiqatgami? Hamma gap ana shuni aniq belgilashda. Shu jihatni aniq belgilashga urindimi ijodkor o‘z-o‘zidan shaxs sifatida shakllanishga tushadi va bu sohada yaxshi natijalarga erisha boshlaydi. Xo‘sh, natija nima bo‘ladi? Natijani bir jihati hozir siz aytgan san'atdan, musiqadan, me'morchilikdan, xullas madaniyatdan u yaxshi xabardor bo‘ladi. Uni fikr qarashi keng miqyosda bo‘ladi, ya'ni u musiqa haqidayam o‘z fikrini erkin ayta oladi, san'at haqidagi fikrlarini bemalol o‘rtaga tashlay oladi va.h.k.

Ammo bugungi o‘zbek yozuvchisiga shu nuqtayi nazardan qarab ko‘ringchi, to‘g‘risini aytish kerak aksariyatiga na me'morchilik, na musiqa va na boshqa sohalardan hatto ibtidoiy ma'lumot ham yo‘q. Shuning uchun uning ijodini keng miqyosda, madaniyat nuqtayi nazaridan tahlil qilolmaysiz. Yo‘q narsani qanday tahlil qilasiz?

O‘zbek madaniyatining bir tarmog‘i qo‘shiqchilik deylik. Qo‘shiqchilikning bugungi ahvoli juda chatoq, uni tanazzul sifatida baholash mumkin. Qo‘shiqchilikdagi 2000 yildan keyingi qariyb 15 yillik davrni esa juda mash'um davr deyish mumkin. Bunda qo‘shiqchilikdan mohiyat ketdi, hirs kirdi. Haqiqat shu darajada g‘ariblashdiki, u to‘rtta yallachinikiga aylandi. Bugungi olomonchilik shu davrgacha bo‘lgan olomonchilikdan-da yomon ko‘rinishda namoyon bo‘lmoqda. Bu esa tinglovchi saviyasini olomon saviyasiga tushirish uchun qo‘lidan kelgancha xizmat qilmoqda.

Hatto bugungi eng mashhur qo‘shiqchilar ijodi ham tinglovchini hirsiyatga, nafsoniyatga moyilligini kuchaytirib, ruhoniyatga bo‘lgan ehtiyojini yo‘qotishga xizmat qilmoqda. Shuning uchun bugungi madaniyat masalasiga juda jiddiy qarash kerak.

Bugungi yozuvchida biz aytgan madaniyat tushunchasi istalgan darajada bo‘lganda edi, ular beparvo bo‘lishmagan, tanazzulga qarab ketayotgan yo‘ldan qaytarishga urinishgan bo‘lardi.

Yaxshi eslayman, 80 yillarda qo‘shiqchilik haqida qizg‘in bahs va tortishuvlar bo‘lardi.

Afsuski, pul va manfaat bor joyda gap gapligicha qolmoqda.

Shuning uchun bu yerda asosiy gapni Madaniyat vazirligi, umuman, yo‘nalishga mas'ul idoralar aytishi, o‘z vazifasini bajarishi kerak.

— Adabiyotning o‘rni sezilishi uchun uni baholaydigan va qadrini biladigan zakiy o‘quvchi ham bo‘lishi kerak, albatta. Bugungi o‘quvchining adabiy estetik darajasini qanday baholaysiz, o‘quvchilar saviyasi adabiyotni baholashga yetarlimi? Deylik, adabiyot, xususan, she'riyatda kecha Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, A'zam O‘ktamlarni tushungan, sevib o‘qigan avlod bugun katta bo‘ldi lekin yoshlar ularni tushunishga qiynalmayaptimikan?

Buning sababi ba'zi odamlarning, aytish mumkin bo‘lsa, ijodkorlarimizning uzoq yillik qo‘shtirnoq ichidagi mehnatlari samarasimi? Badiiy did borasida fikringiz qanday?

— Qisqa qilib aytadigan bo‘lsa, o‘quvchini did va saviyasi avval ham juda baland bo‘lmagan. 80 yillarda ilgariga qarab siljish bo‘ldi, keyin yana pasayib qoldi. Bugun esa did va saviya uchun qayg‘uradigan Rauf Parfi, Shavkat Rahmonga o‘xshash ijodkorlarimiz yo‘q hisobi. Odamlar bunga ko‘nikib bormoqda. Agar saviya uchun qayg‘urilsa, adabiy tanqid qayg‘urishi kerak, ammo adabiy tanqid yo‘q hisobi. Men ko‘rmayapmanki, birodarlar, siz yozganlaringiz orqali o‘quvchini didini yerga qorishtiryapsizlar, deydigan odamni.

Ikkinchidan, Rauf Parfi, Shavkat Rahmondagi iztirob, o‘ziga nisbatan talabchanligi o‘quvchini o‘qishga, didni yuksaltirishga majbur qilardi.

Agar menga bugun Shavkat Rahmon, Rauf Parfi, Tilak Jo‘ralar chiqadimi, yoki ularning chiqishiga ehtiyoj bormi, deb savol bersangiz men yo‘q degan bo‘lardim. Ehtiyoj yo‘q.

Mazkur suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid
Top