Jahon | 20:48 / 22.02.2024
20470
9 daqiqa o‘qiladi

«Butkul yolg‘on» - Ukraina Avdiyivkadan chekinishda yuzlab askarlari asir tushgani haqidagi xabarlarga javob qaytardi

Ukraina qurolli kuchlari Avdiyivkadan chekinish vaqtida mingga yaqin ukrain harbiylari asir tushgan bo‘lishi mumkin, deb xabar bergan New York Times gazetasi harbiylarning o‘zi va g‘arbdagi mulozimlarning baholariga tayangan holda. Ukraina QK esa bu raqamlarni qat’iyan rad etmoqda.

Foto: RF mudofaa vazirligi / Reuters / Scanpix / LETA

20 fevral kuni e’lon qilingan maqolada aytilishicha, 850 dan 1000 nafargacha bo‘lgan askarlar asirga tushgan bo‘lishi mumkin yoki bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

«Ukrainaning chekinish jarayonidan xabardor bo‘lgan ikki askar 850 dan 1000 nafargacha askar asirga tushgan yoki bedarak yo‘qolgan deb hisoblamoqda. G‘arb rasmiy shaxslari ham bu miqdor to‘g‘ridek ko‘rinayotganini aytishmoqda», — deya yozgan nashr.

«Tavriya» operativ-strategik qo‘shinlar guruhi vakili Dmitro Lixovoy BBC Ukraina xizmatiga bergan intervyusida bu ma’lumotni rad etgan. «Bu holatda NYT rossiyaliklarning narrativlarini tarqatmoqda», — degan u.

Uning tushuntirishicha, Avdiyivkadagi amaliyotning so‘nggi bosqichida dushmanning ustun kuchlari bosimi ostida bir qancha ukrain harbiy xizmatchilari asir tushishgan. Ammo gap yuzlab harbiylar haqida bormaydi.

«Hozir biz „ma’lum miqdordagi harbiylar aloqaga chiqmagani“ fakti bilan ishlayapmiz. Axir avvaliga bedarak yo‘qolgan deb hisoblangan ayrim harbiy xizmatchilar vaqt o‘tib biz bilan aloqaga chiqishmoqda; ular hospitallarda yoki o‘z bo‘linmalariga qo‘shilishmoqda», — degan u.

Lixovoyning so‘zlariga ko‘ra, bu xabarlar — Rossiya bomba va snaryadlar bilan birgalikda qo‘llaydigan «axboriy tajovuzi»ning bir qismidir.

«Rossiya propagandasining yuzlab yoki minglab asirlar haqidagi xabarlari — hech narsani tasdiqlamaydigan dezinformatsiya. Yoki, ochig‘ini aytganda, butkul yolg‘on», — degan «Tavriya» guruhi rasmiysi.

U ukrain qo‘shini ham rossiyalik harbiylarni asir olganini qo‘shimcha qilgan.

NYT nimalarni yozgandi?

NYT ukrain qo‘shini olib chiqilishi yaxshi rejalashtirilmagan va tartibsiz kechgan, degan xulosaga kelgan g‘arblik mulozimlardan iqtibos keltirgandi.

Nashr askarlar bilan intervyularga havola qilgan holda ukrain qo‘shini o‘tgan haftada Rossiya qo‘shini Avdiyivkada bu qadar tez ilgarilashiga tayyor bo‘lmagani haqida yozgan.

Ukraina muntazam piyoda kuchlar chekinishi uchun vaqtdan yutish maqsadida maxsus amaliyot kuchlari va saralangan 3-alohida desant-shturm brigadasini ishga soldi. Ammo bu bo‘linmalar rossiyaliklarning harakatini sekinlashtira olmadi va ukrain harbiylarining barchasini olib chiqa olmadi.

«Tartibsiz chekinish muqarrar emasdi. Qo‘shinlarni katta yo‘qotishlarsiz olib chiqish qiyin, ammo imkon doirasidagi ish, agar bu ongli ravishda, shoshilmasdan amalga oshirilsa, deb hisoblaydi amerikalik strateglar», — deya yozgan nashr.

Ularning fikricha, Ukraina Avdiyivkadan chekinishni boshlashni juda kechiktirib yuborgan.

NYT jurnalistlari bilan gaplashgan harbiylar aloqadagi muammo ham tartibsiz chekinishga sabab bo‘lganini aytishgan.

Nashr suhbatdoshlari taxminiga ko‘ra, ayrim bo‘linmalar boshqalari chekinish haqida xabar topishidan ancha oldinroq ketib qolgan. Bu esa ichkarida qolib ketgan qismlar rossiyaliklar qurshoviga tushib qolish xavfini yuzaga keltirgan.

Ukrain harbiylari nima demoqda?

Uchinchi alohida shturm brigadasi komandiri o‘rinbosari Rodion Kudryashov BBC ukrain xizmati uchun bergan intervyusida operativ qurshovdan chiqishni «harbiy san’atdagi eng yaxshi manyovrlardan biri» deb atagan.

Brigadni so‘nggi bosqichda, ukrain kuchlariga zudlik bilan qo‘shimcha kuchlarga ehtiyoj sezgan mahalda (jumladan, ehtimoliy chekinishda qo‘llab-quvvatlash uchun) Avdiyivkaga yuborishgan.

Kudryashov chekinish qanday qiyin sharoitlarda kechganini tushuntirgan: raqib bilan kuchlar nisbati 1 ga 11 ko‘rinishida bo‘lgan, o‘q-dorilar yetishmagan, rossiyaliklar esa boshqariluvchi aviabombalar tashlab, hammayoqni olov ichida qoldirgan.

«3-brigada jangchilari ayrim holatlarda 360 daraja bo‘yicha jang qilishiga to‘g‘ri keldi», — degan u.

Ammo, uning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar ukrainlarning ayrim bo‘linmalarini qurshovga olgan bo‘lsa-da, asosiy halqani yopa olishmagan.

Chekinish og‘ir kechganiga qaramay, Kudryashov uni muvaffaqiyatli deb hisoblaydi.

«Muvaffaqiyatli rejalashtirish, harbiylarning sifatli ishi tufayli biz halqa yopilishiga yo‘l qo‘ymadik va rossiyaliklar shahar ichkarisida hosil qilgan halqalarni yorib o‘tdik», — degan u.

17 fevral kuni Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy «qurshovga tushmaslik hamda harbiy xizmatchilar hayoti va salomatligini saqlab qolish uchun» ukrain qo‘shini Avdiyivkadan olib chiqilganini e’lon qildi.

Shu kuni Ukraina QK «Tavriya» operativ-strategik guruhi qo‘mondoni Oleksandr Tarnavskiy amaliyotning yakuniy bosqichida bir qancha harbiy xizmatchilar asir tushgani haqida ma’lum qildi.

Keyinroq rossiyaliklar tomonidan sodir etilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan harbiy jinoyat dalillari paydo bo‘ldi. Shahar egallangach «Zenit» tayanch punktidan topilgan olti nafar jangchining qarindoshlari ular asir tushganidan keyin o‘ldirilganini aytishdi.

Avdiyivkadan chekingan ukrain harbiylari BBC bilan suhbatda qo‘mondonlik 110-alohida mexanizatsiyalashgan brigada jangchilarining chekinishga buyruq berish to‘g‘risidagi so‘rovlarni inkor etganini eslashgan. Nihoyat chekinishga ruxsat berilganida, kech bo‘lgandi — harbiylar qurshovda qolgandi.

«Zenit» tayanch punktida qolib ketgan jangchilarning ilk guruhi 14 fevralga o‘tar kechasi qurshovni yorib o‘tishga harakat qiladi, ammo artilleriya zarbalari ostida qoladi. Jangchilarning bir qismi halok bo‘ladi, qolgani yarador holatda ortga qaytadi. Ular orasida harbiy shifokor Ivan Jitnik ham bo‘lgan. Qurshovdan omon chiqqan harbiylardan biri Viktor Bilyakning so‘zlariga ko‘ra, Jitnik ratsiya orqali qo‘mondonlik bilan bog‘lanib, ularni qachon evakuatsiya qilishlari haqida so‘raydi, ammo unga ular mustaqil holda qurshovdan chiqishi kerakligi aytiladi. «Yaradorlarga nima bo‘ladi?» deya berilgan savolga javoban shtab boshlig‘i shunday deydi: «Yaradorlarni qoldiring».

15 fevral kuni kunduzi Jitnik o‘z singlisining turmush o‘rtog‘i Dmitro bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ladi. U muloqotni yozib olgan. Suhbat vaqtida pozitsiyaga rossiyalik harbiylar kirib kelgan. «Ular allaqachon shu yerdami, Vanya?» — deb so‘raydi Dmitro. Jitnik past ovozda javob beradi: «Ha». Shundan keyin Dmitro go‘shakning narigi tomonidan shu so‘zlarni eshitadi: «Telefonni o‘chir». Jitnikning singlisi Yekaterina BBC bilan suhbatda uning akasi RF harbiylariga qarshilik ko‘rsatmagani va avtomatini bir chetga qo‘yib, o‘zi bilan suv olishga ruxsat so‘raganini aytadi. Keyingi kuni tarqalgan videoda Jitnikning qarindoshlari o‘sha joyda o‘ldirilgan Ivana suv solingan plastik idishni ushlagancha yotganini ko‘rishadi.

110-brigada Avdiyivkadan bo‘linmalarni olib chiqish to‘xtovsiz bombardirovka, artilleriya zarbalari va dronlar hujumi ostida kechganini ma’lum qilgan. «Zenit» qurshov ichida qolgani tufayli qo‘mondonlik Rossiya tomoni bilan yaradorlarni evakuatsiya qilish va keyinchalik almashish bo‘yicha kelishish uchun muvofiqlashtirish markazi bilan bog‘langan. O‘z navbatida, «Zenit»da qolgan jangchilar o‘z hayotini saqlab qolish bo‘yicha buyruq olishgan, deyiladi 110-brigada qo‘mondonligi xabarida. BBC Ukraina xizmati yozishicha, Jitnik va uning quroldoshlariga bu buyruq yetkazilgan, ammo ular rossiyaliklar ularni tirik qoldirishiga «unchalik ishonishmagan».

Ukrain harbiylari o‘ldirilgani aks etgan video tarqalgach, Donetsk oblasti prokuraturasi urush qonunlari va urf-odatlari buzilishi haqidagi modda bo‘yicha tekshiruv ishlari boshganini ma’lum qilgan. Prokuratura vakili videoda ukrain harbiylarida qurol bo‘lmagani va ular o‘zini himoya qilish imkoniga ega bo‘lmaganiga e’tibor qaratgan. 20 fevral kuni Oliy radaning inson huquqlari bo‘yicha vakili Dmitro Lubinets Rossiya armiyasining harbiy jinoyatlarini hujjatlashtirish uchun Xalqaro Qizil xoch jamiyatiga va BMTga murojaat qilganini ma’lum qilgan.

Rossiya mudofaa vazirligi olti nafar jangchi otib tashlangani yuzasidan munosabat bildirmagan va ukrain harbiylari asir olingani to‘g‘risida ham xabar qilmagan.

Mavzuga oid