O‘zbekiston | 19:34 / 03.06.2024
4044
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident turizm sohasi tadbirkorlari ko‘targan masalalar bo‘yicha topshiriqlar berdi

Sohada QQSni qaytarish muddatini uzaytirish, eksportoldi moliyalashtirishni yo‘lga qo‘yish, subsidiya va kompensatsiyalar to‘lashni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi. O‘quvchilarni avtobusda sayohatga olib chiqishda YPX hamrohligi uchun tariflar keskin kamaytirilishi mumkin. Pensiya yoshidagi chet ellik sayyohlarning O‘zbekistonda 6 oygacha vizasiz bo‘lishi tartibini ishlab chiqish taklif etilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 iyun kuni turizm sohasidagi tadbirkorlar bilan muloqot qildi.

Muloqotda tadbirkorlar tomonidan, jumladan, quyidagi masalalar ko‘tarildi, taklif va tashabbuslar bildirildi:

  • turizm xizmatlari ko‘rsatuvchilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish;
  • turoperatorlarni madaniy meros obektlari va temir yo‘l chiptalari narxlaridagi o‘zgarishlar to‘g‘risida oldindan xabardor qilish;
  • mehmonxona boshqaruvchilarini tayyorlash va mehmonxona qurishga subsidiyalar doirasini kengaytirish;
  • pensiya yoshidagi turistlarga alohida viza tartibini joriy etish;
  • tarixiy shaxslarning uy-muzeylarini restavratsiya qilish va boshqalar.

Davlat rahbari bildirilgan fikr va takliflardan kelib chiqib, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga quyidagilar yuzasidan taklif kiritishni topshirdi:

  • xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatgan turoperatorlarga qo‘shilgan qiymat solig‘ini subsidiya sifatida qaytarish muddatini uzaytirish va uni qo‘llash tartibini aniq belgilash;
  • turizm kompaniyalariga aylanma mablag‘ uchun eksportoldi moliyalashtirishni yo‘lga qo‘yish;
  • turistlarga mo‘ljallangan, yangi ishlab chiqarilgan “Yevro-5” va undan yuqori ekologik toifa talablariga to‘g‘ri keladigan avtobus va mikroavtobuslarni bojxona boji va utilizatsiya yig‘imidan ozod etish muddatini uzaytirish;
  • so‘nggi 3 yilda tashkil topgan turkompaniyalarga xalqaro ko‘rgazmalardagi pavilon ijarasi xarajatini 50 foizini qoplab berishni yo‘lga qo‘yish;
  • xalqaro festivallarda qatnashadigan hunarmandlarga pavilon, yuklar va aviachipta xarajatining 50 foizini qoplab berish tizimini yo‘lga qo‘yish

Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan ilgari surilgan:

  • maktab va kollej o‘quvchilari avtobusda bir viloyatdan boshqasiga sayohat qilishida yo‘l-patrul xizmati hamrohligi uchun tariflarni keskin kamaytirish;
  • har yili kamida 20 ta o‘rta bo‘g‘in menejerlarini xorijda qisqa muddatli malaka oshirishga yuborish, yangi o‘quv yilidan turizm sohasidagi oliygoh va texnikumlarda “dual ta’lim”ni joriy qilish;
  • 3-4 qavatli mehmonxonalarga ham subsidiya berish, mehmonxonasi bo‘lmagan 22 ta tumanda kichik otellar barpo etishga oilaviy xonalar sonidan kelib chiqib subsidiya ajratish;
  • xalqaro tajriba asosida milliy mehmonxona brendlarini yaratish tashabbuslarini o‘rganib, tegishli choralarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, muloqotda tadbirkorlar tomonidan bildirilgan:

  • xorijiy davlatlardan keladigan pensiya yoshidagi sayyohlarning O‘zbekistonda 6 oygacha vizasiz bo‘lishi tartibini ishlab chiqish;
  • kamida 100 nafar xorijiy ishtirokchisi bo‘lgan uch kunlik biznes tadbirni tashkil qilganlarga tadbirdan olingan daromad solig‘ini 50 foizga kamaytirish, QQSning yarmini qaytarish tizimini joriy qilish;
  • Toshkentdagi Chorsu bozori va Xivada milliy koloritga ega sharq bozorini tashkil etish;
  • bolalar oromgohlarini xususiy sheriklik asosida rivojlantirish kabi fikrlarni chuqur o‘rganib, ularning yechimi bo‘yicha aniq takliflar kiritish topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev sohani qo‘llab-quvvatlash maqsadida turizmni rivojlantirish bo‘yicha jamoatchilik kengashini tuzishni taklif qildi. Bu tashabbus uchrashuvda ishtirok etgan turizm sohasi vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Mavzuga oid