03:50 / 15.08.2021
25857

O‘rtoqlik uchrashuvi. Shomurodovdan Rimda dastlabki gol va assist, «Roma»dan yirik g‘alaba

Italiya A Seriyasi startiga bir hafta qolganida Rimning «Roma» klubi mavsum oldi so‘nggi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.

Rimdagi «Olimpiko» stadionida Marokashning «Raja Kasablanka» klubiga qarshi o‘tkazilgan o‘yinda Joze Mourino Eldor Shomurodovni asosiy tarkibda maydonga tushirdi.

O‘zbekistonlik hujumchi rimlik muxlislar qarshisidagi ilk o‘yinidayoq o‘zini ko‘rsatishga erishdi. 17-daqiqada Eldor himoyachi va darvozabondan ildamroq harakat qilib, qiyin vaziyatda chiroyli zarbasi bilan hisobni ochdi – 1:0.

20-daqiqada Manchini farqni ikkitaga yetkazgan bo‘lsa, ikkinchi bo‘lim boshida Eldor Shomurodovning bosh bilan yetkazgan uzatmasini Mxitaryan golga aylantirdi – 3:0.

59-daqiqada Mourino bir yo‘la 7ta o‘zgarishga qo‘l urdi va ular qatorida Shomurodovning o‘rniga Mayoralni maydonga tushirdi. Bu o‘zgarishlar ham o‘zini oqladi – Peres 85-daqiqada farqni to‘rttaga, Mayoral esa 90-daqiqada hisobni 5:0ga yetkazib qo‘ydi.

Qayd etish joiz, Shomurodov Mourino qo‘l ostida o‘tkazgan ikki o‘yinida ham gol+assistga mualliflik qilmoqda. Rimdagi o‘yin davomida mahalliy muxlislar Eldorni olqishlab turishdi.

O‘rtoqlik uchrashuvi. 14 avgust (shanba)
«Roma» (Italiya) - «Raja Kasablanka» (Marokash) – 5:0

Rim, «Olimpiko» stadioni.
Gollar: Eldor Shomurodov 17, Manchini 20, Mxitaryan 48, Peres 85, Mayoral 90.
«Roma»: Rui Patrisiu (Fusato, 59), Rik Karsdorp, Janluka Manchini (Zalevski, 59), Kris Smolling (Kumbulla, 59), Brayan Kristante, Matias Vina (Ibanes, 59), Jordan Veretu (Rikardo Kalafiori, 59), Nikolo Dzanolo (Amadu Diavara, 59), Genrix Mxitaryan, Stefan El Shaaravi (Karles Peres, 46), Eldor Shomurodov (Borxa Mayoral, 59).

Top