Ijtimoiy tarmoqda Xorazm viloyati markazi Urganch shahridagi mahalla aholisining yo‘llar abgor ahvolda ekani, elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlar haqida videomurojaati e'lon qilingan edi.
Kun.uz muxbiri bu mahallani topib, murojaatchilar bilan uchrashib, muammoni manzilning o‘zida o‘rganishga muvaffaq bo‘ldi.
Videomurojaat Urganch shahri, «Olimpiya» mahallasining 173-kvartalida yashovchi fuqarolar tomonidan yo‘llangan. U yerda jami 214 xo‘jalikda 500dan ortiq aholi istiqomat qiladi.
173-kvartal 2011 yilda barpo qilingan. Bu yerga Urganch shahri markazida rekonstruksiya ishlari boshlangani tufayli, yeri davlat ehtiyoji uchun qaytarib olingan aholi ko‘chib kelgan va uy-joy qurib olgan. Biroq, kvartal barpo qilinganidan 8 yil o‘tgan bo‘lsa-da, aholi uchun zarur bo‘lgan qulayliklar yo‘q.
Qayd qilish joizki, bu yerda 6ta ko‘cha bo‘lib, 2-3 yil oldin dastlabki 3ta ko‘chaga asfalt yotqizilgan, ammo chekkadagi 3ta ko‘cha e'tiborsiz qolgan.
Bu ko‘chalarda yo‘l yo‘q desa ham bo‘ladi. Agar tuproq tortilgan, yozda chang-to‘zon bo‘lib yotadigan, qishda botqoqqa aylanadigan so‘qmoqlarni yo‘l deb hisoblash mumkin bo‘lsa, bor. Mahalla yo‘llari aynan shunday.

Yomg‘ir yoki qor yog‘ishi bilan mahalla yo‘llari o‘tib bo‘lmas darajaga kelib qoladi, chunki tosh yotqizilmagan, asfalt qilinmagan. Yozda esa odamlar chang-to‘zon ostida qoladi. Qor-yomg‘ir yog‘ganida bolalar maktabga borishda juda qiynaladi, yo‘lda loyga yiqilib, kiyimlarini bulg‘ab, uyiga qaytib ketgan holatlar ham bo‘lgan.

Yo‘llarning yomonligi tufayli bu mahallaga taksi bormaydi. Mahalla manzilini eshitgan taksi haydovchisi rad qiladi yoki ikki-uch barobar ko‘p yo‘lkira so‘raydi. Bunday rasvo yo‘llarda kim ham transport vositasini boshqarishni istaydi?! Hatto tez yordam mashinasi ham bu mahallaga kelmaydi. Chunki, haydovchi loyga botib qoladigan bo‘lsa, chiqib ketolmaslikdan qo‘rqadi.

Mahalla ko‘chalarida tungi yoritish moslamalari o‘rnatilmagan. Tunda atrof qorong‘i, zimiston. Bundan tashqari, uy-joylar markaziy kanalizatsiya tizimiga ulanmagan. Vaholanki, kvartalga yaqin hududdan markaziy kanalizatsiya tizimi o‘tgan.

















