Jahon | 00:35 / 18.04.2020
13323
8 daqiqa o‘qiladi

Angliyadagi inqiroz. Hukumatga qanday savollar bor?

2019 yil dekabr oyida Xitoyning Uhan shahrida paydo bo‘lgan koronavirusning yangi turi Covid-19 ko‘z ochib yumguncha butun dunyoni o‘z ta'siri ostiga oldi. Angliya bugun virusga chalinish holatlari eng ko‘p qayd etilgan Yevropa davlatlari orasida Ispaniya, Italiya, Fransiya va Germaniyadan keyingi o‘rinda joylashgan.

Raqamlar muttasil o‘sib bormoqda

2020 yil 31 yanvar kuni mamlakat shimolidagi York shahrida xitoylik juftlikda ilk bor aniqlangan virus ko‘p o‘tmay Singapurdan qaytgan Britaniya fuqarosida ham aniqlandi. Ushbu holatlardan so‘ng har kun raqamlar muttasil o‘sa boshladi.

Ayni paytdagi holatga ko‘ra, Buyuk Britaniya dunyoda eng ko‘p zararlanish holatlari qayd etilgan o‘nta mamlakat orasida oltinchi, o‘lim darajasi eng yuqori bo‘lgan davlatlar orasida esa beshinchi o‘rinni egallab turibdi. Hozirgacha mamlakatda 108 mingdan ortiq kishida virus aniqlangan, 14 ming 576 kishi esa vafot etgan.

Ushbu raqamlar bilan Angliya epidemiya markazi bo‘lgan Xitoydan o‘tib ketdi. Eng yomoni, agar virus shu sur'atda tarqalishda davom etsa, aprel oyi oxiriga borib mamlakatda kasallikka chalinganlar soni 150 mingdan, halok bo‘lganlar soni esa 20 mingdan oshib ketishi mumkin. Yuqorida keltirilgan fikrlarga asoslanib aytish mumkinki, Covid-19 ko‘plab mamlakatlar qatori Angliya uchun ham dahshatga aylandi.

«Poda immuniteti» ish bermadi

Mamlakatning bu kabi ayanchli holga tushib qolishining asosiy sababi epidemiyaga qarshi kurashda fevraldan mart oyi o‘rtalariga qadar «poda immuniteti» usulidan foydalanilganidir. Ushbu xavfli siyosat virusning nazorat ostida yoyilishini nazarda tutar, unga ko‘ra, jamiyatning 60 foizdan ortig‘i, ya'ni kamida 35 million fuqaro virusdan himoyalanishi tusmol qilingandi. Unga ko‘ra, jamiyatning asosiy qismi virus yuqtirib, unga qarshi immunitet hosil qilib, epidemiya asta-sekin bartaraf etilishi kerak edi. Milliy sog‘liqni saqlash tizimi (NHS) doirasidagi kasalxonalarda  jonlantirish bo‘limlari va nafas olish uskunalari yetarli emasligiga qaramay, ushbu siyosatdan ma'lum muddat voz kechilmay turilgani bugungi falokat ko‘lamining sezilarli darajada kengayishiga olib keldi.

Mart oyi o‘rtalariga kelib, mamlakatda virusga chalinish holatlari keskin ortib ketgani va agar kechikilsa, yuz minglab o‘lim sodir bo‘lishi mumkinligini ifoda etuvchi ilmiy xulosalar e'lon qilinishi ortidan jamoatchilik orasida keskin munosabatlar paydo bo‘ldi. Natijada Jonson hukumati o‘z fikrini o‘zgartirishga va virusga qarshi kurashda qat'iy choralar ko‘rishga majbur bo‘ldi. Ammo bu paytga kelib mamlakatga kirish-chiqishni taqiqlash, jamoat joylarini yopish, maktablarga ta'til berish kabi chora-tadbirlarni qo‘llashda vaqtdan boy berilgandi.

Inglizlarning eng ojiz nuqtasi nima?

Hukumatning epidemiyaga qarshi kurashdagi usulni o‘zgartirganidan xalq mamnun bo‘ldi, deb aytish mumkin. Zotan, bir ilmiy tadqiqot kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan va natijalari 9 aprel kuni e'lon qilingan so‘rovnomaga ko‘ra, «Sizningcha, hukumat epidemiyaga qarshi kurashda to‘g‘ri yo‘l tutdimi?» degan savolga 12-14 mart kunlari 49 foiz odam «Ha» deb javob bergan bo‘lsa, 2-4 aprelda o‘tkazilgan ayni shu mazmundagi  so‘rovnomada bu ko‘rsatkich 66 foizga ko‘tarilgan.

Buyuk Britaniyaning demografik tarkibi ham epidemiya sharoitida muhim ahamiyatga ega. Chunki mamlakat aholisining taxminan 30 foizi 55 va undan yuqori yoshdagi fuqarolardan iborat bo‘lib, bu – epidemiyaga qarshi kurashda inglizlarning eng ojiz nuqtasidir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) keksa yoshdagi odamlar va surunkali kasallikka chalingan insonlar koronavirusga ta'sirchan ekanini ta'kidlab turgan bir paytda Angliya aholisining uchdan bir qismi xavf guruhida qolayotgani hisobga olinsa, hozirgi o‘limlar soni yuqoriligi u qadar ham ajablanarli emas ekani oydinlashadi.

Sog‘liqni saqlash tizimi inqirozga yuz tutdi

Bugun mamlakatda epidemiya bilan kurashishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan sog‘liqni saqlash tizimi butkul inqirozga yuz tutdi. Zotan, ayrim shaharlarda kasalxonalar yetarli emasligi sabab dala shifoxonalari tashkil qilingani, nafaqaga chiqqan tibbiyot xodimlari qayta xizmatga chaqirilgani, ba'zi shifoxonalarda muhofaza vositalari yetishmovchiligi sabab chiqindi paketlardan foydalanilgani, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan shifoxonalarga jo‘natilgan niqoblarning qo‘llanish muddati o‘tib ketgani kabi misollar ham buni tasdiqlab turibdi.

Shuningdek, bemorlar hayotini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan jonlantirish bo‘limlari va nafas olish moslamalari miqdori talabni qondira olmasligi, Xitoydan olib kelingan test to‘plamlari yaroqsiz chiqqani tufayli kunlik testlar soni sezilarli ravishda kamayib ketganini ham bu «ro‘yxat»ga ilova qilish mumkin. Qolaversa, har gal saylov jarayonlarida kun tartibiga chiquvchi, keyin esa tamoman unutiluvchi sog‘liqni saqlash tizimi muammolari ham vaziyat shu qadar ayanchli tus olishiga sabab bo‘ldi.  

Tushkunlikning tub ildizi qayerda?

Ta'kidlash joizki, Angliya Ikkinchi jahon urushidan beri bunday dahshatli ijtimoiy va tibbiy inqiroz bilan ro‘baro‘ kelmagandi. Shu bois ham jamiyatda jiddiy tashvish va tushkunlik paydo bo‘ldi. Virus tufayli hayotdan ko‘z yumgan insonlar soni ko‘pligi, doimiy ravishda uyda o‘tirish majburiyati, ijtimoiy munosabatlar cheklangani kabi holatlar ushbu tushkunlikning tub ildizlaridir.

Bundan tashqari, raqamli platformalarda tarqatilayotgan yolg‘on xabarlar va fitna nazariyalari ham odamlarning umidsizligiga sabab bo‘lmoqda. Epidemiyaning qancha vaqt davom etishi va hayot qachon normal holatga qaytishi kabi savollarga aniq javob berilmaguncha ushbu pessimistik kayfiyat saqlanib qolishi kutilmoqda. Biroq ko‘plab xayriya tashkilotlari va ba'zi munitsipalitet hamda shahar kengashlari ushbu mashaqqatli kunlarda muhtojlarga yordam berish bo‘yicha bir qator kampaniyalarni tashkil etish orqali o‘zaro birdamlik tuyg‘usini kuchaytirishga harakat qilishmoqda.

«Boshqa bir kelajak ham bor»mi?

Angliya epidemiya sababli og‘ir zamonlarni boshdan kechirayotgan bir paytda, mamlakatdagi asosiy muxolifat yetakchisi o‘zgarganini ham nazardan qochirmaslik lozim. O‘tgan yilning dekabridagi navbatdan tashqari saylovlarda mag‘lubiyatga uchragan Ishchilar partiyasining sobiq rahbari Jyeremi Korbin mag‘lubiyat uchun javobgarlikni to‘liq o‘z zimmasiga olganini e'lon qildi va partiya rahbarligidan ketishini bildirdi.

Shu munosabat bilan 57 yoshli Key Starmer Covid-19 dahshati soyasida 4 aprel kuni «Boshqa bir kelajak ham bor» shiori bilan Ishchilar partiyasining yangi rahbari etib saylandi. Ayni paytda epidemiya sabab yuzaga kelgan vaziyat tufayli  hukumatni nishonga olmayotgan Starmer virus bartaraf etilishi hamon «poda immuniteti» va sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar uchun hukumatni ayovsiz savollar o‘qiga tutishi kutilmoqda.

Mavzuga oid