O‘zbekiston | 09:10 / 31.05.2024
6199
5 daqiqa o‘qiladi

Hokimlar uchun haftaning payshanba kuni to‘liq jismoniy tarbiya kuni sifatida belgilanadi

Sport vazirligi tizimidagi sport maktablari faoliyati yangi tartibda tashkil etiladi.

“Davlat sport maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish, yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishiga qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.

Vazirlar Mahkamasi va Sport vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari uchun har haftaning payshanba kunini to‘liq jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilash;
  • Sport vazirligi tizimidagi sport maktablari faoliyatini yangi tartibda tashkil etish.

Belgilanishicha:

  • a) tuman (shahar)larda sport sohasidagi davlat siyosatini yuritish, ommaviy va professional sportni rivojlantirish sport maktablari tomonidan amalga oshiriladi.
  • Bunda, sport maktabi 2 ta bo‘lgan tuman (shahar)larda sport sohasidagi davlat siyosatini yuritadigan sport maktabi Sport vazirligi tomonidan belgilanadi;
  • b) sport maktablari faoliyati bolalar, o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar sonini bosqichma-bosqich oshirib borishga yo‘naltiriladi hamda ular professional sportchilar zaxirasini yaratish borasida seleksiya markazi hisoblanadi;
  • v) sport maktablarida quyidagi sport turlari bo‘yicha o‘quv guruhlari tashkil etilishi mumkin:
  • Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari;
  • milliy va belbog‘li kurash hamda hukumat alohida qarorlari bilan belgilangan sport turlari;
  • g) 2025-2026 o‘quv yilidan boshlab sport maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga ustamalar sport maktabi tomonidan tuman va shaharlarda yoshlarning sportga jalb qilingan bolalar, o‘smirlar va yoshlar ulushi hamda nufuzli xalqaro va respublika sport musobaqalarida erishilgan natijalar uchun belgilanadi;
  • d) sport maktablariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish hamda ularning o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yil davomida amalga oshiriladi.

Quyidagilar sport maktablarining qo‘shimcha vazifalari etib belgilanadi:

  • mamlakatda bolalar, o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni, shuningdek sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish;
  • bolalar, o‘smirlar va yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish, shuningdek ularning sog‘lig‘ini mustahkamlashga va har tomonlama jismoniy kamol topishiga yo‘naltirilgan sport-sog‘lomlashtirish va tarbiyaviy ishlarni olib borish;
  • bolalar, o‘smirlar va yoshlarda sport bilan shug‘ullanish qobiliyatlarini aniqlash va ularni sportning alohida turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport mashg‘ulotlariga jalb qilish;
  • sport bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun malakali trenerlar tarkibini shakllantirish, sport zaxirasi va sport turlari bo‘yicha professional sportchilar zaxirasini yaratish;
  • sport maktablari o‘quvchi-sportchilari uchun sportning alohida turlari bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulot jarayonini tashkil etish, shuningdek ularni o‘qitish usullari va shakllarining uzviyligini ta’minlash;
  • hududiy sport federatsiyalari (uyushmalari) va boshqa jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 1 fevralga qadar Sport vazirligi bilan kelishgan holda o‘z hududlarida jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshiradigan vazifalari va erishilishi lozim bo‘lgan ko‘rsatkichlarini belgilashni nazarda tutuvchi yillik jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish dasturlarini tasdiqlaydi.

Hududlarda yosh istiqbolli sportchilarni saralash, tanlab olish va tayyorlash, shuningdek hududiy sport federatsiyalari (uyushmalari) bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va hududiy terma jamoalarni shakllantirish bo‘yicha ishlarni tizimli tashkil qilish maqsadida, Sport vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sport maktablari negizida hududiy sport turlarini rivojlantirish markazlari tashkil etiladi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab reyestrga kiritilgan nodavlat jismoniy tarbiya-sport tashkilotlariga davlat budjetidan sport sohasini rivojlantirishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar doirasida subsidiya berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda, subsidiya Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga jalb qilingan bolalar, o‘smirlar va yoshlar sonidan hamda Olimpiya, Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, Olimpiya va Paralimpiya sport turlari bo‘yicha jahon va Osiyo chempionatlarida erishilgan natijalardan kelib chiqib beriladi.

Mavzuga oid