O‘zbekiston | 12:28 / 12.07.2021
16023
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga KXShTga a'zo bo‘lish yuzasidan taklif kelib tushmagan - Sherzod Asadov

Foto: RIA Novosti / Mixail Voskresenski

O‘zbekiston prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov OAV uchun o‘tkazilgan an'anaviy brifingda Kun.uz muxbirining Afg‘onistondagi vaziyatdan kelib chiqqan holda O‘zbekiston tashqi siyosatida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT/ODKB)ga qayta a'zo bo‘lish ehtimoli yuzasidan bergan savoliga javob qaytardi.

«O‘zbekiston 2012 yilda «O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyati Konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilinishi munosabati bilan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidagi a'zoligini to‘xtatgan edi. Hujjatga binoan, O‘zbekiston Respublikasi harbiy-siyosiy bloklarda qatnashmaydi, shuningdek, o‘z hududida xorijiy harbiy bazalar va obektlarni joylashtirishga yo‘l qo‘ymaydi.

Bundan tashqari, «Mudofaa to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasida mudofaa sohasidagi davlat siyosatining asosiy tamoyillari qatorida «harbiy-siyosiy bloklarga qo‘shilmaslik» tamoyili ko‘rsatib o‘tilgan.

Hozirgi kunda sherik davlatlarning O‘zbekistondan KXShTdagi a'zoligini tiklash masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflari bo‘yicha ma'lumotlar bizda mavjud emas», dedi Sherzod Asadov savolga javoban.

U Afg‘onistondan o‘tgan harbiylar o‘z davlatlariga qaytarib yuborilganini ta'kidladi.

«O‘zbekiston Afg‘onistonda kuchayib borayotgan zo‘ravonliklardan xavotirda va qarama-qarshi kurashayotgan tomonlarni kuch ishlatishdan tiyilishga chaqiradi.

Joriy yilning 23 iyunidan boshlab Afg‘oniston qurolli kuchlari harbiy xizmatchilari tomonidan O‘zbekiston davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tishga 4 marta urinish bo‘ldi. Natijada, jami 150ga yaqin afg‘on harbiy xizmatchilari qo‘lga olinib, ularning barchasi o‘rnatilgan tartibda o‘z vataniga qaytarildi. Shu borada ta'kidlash joizki, O‘zbekiston kelgusida ham o‘z hududiga noqonuniy kirish holatlariga yo‘l qo‘ymaydi. 

Albatta, biz Afg‘oniston bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ushbu davlatning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyili tarafdori ekanligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz», dedi u.

Mavzuga oid