Jahon | 14:56 / 12.11.2024
3006
6 daqiqa o‘qiladi

Makron va Starmer Tramp g‘alabasidan keyin ham Ukrainani qo‘llashda «sobit» bo‘lishga va’da berishdi

Fransiya va Buyuk Britaniya Rossiya tajovuziga qarshi kurashda Ukrainani qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt davomida qo‘llab-quvvatlaydi, bu haqda fransuzlar prezidenti Emmanyuel Makron va britanlar bosh vaziri Kir Starmer Parijdagi uchrashuv chog‘ida ma’lum qilishdi.

Foto: Reuters

Starmer Fransiyaga Birinchi jahon urushi yakunlanganining 106 yilligiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etish uchun kelgandi. Dushanba kuni Parijdagi Noma’lum askar qabri yodgorligidagi marosimdan keyin ikki mamlakat rahbarlari Ukrainadagi urushga oid keyingi taktika, shuningdek, La-Mansh bo‘g‘ozi orqali noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish usullarini muhokama qilishgan.

Yelisey saroyi bayonotida aytilishicha, ikki yetakchi ham Ukrainani qo‘llab-quvatlashda sobit ekanliklarini bildirishgan.

Vashingtondan nima kutish mumkin?

Yevropa yetakchilari uchrashuvi AQShda hokimiyat o‘zgarib, Donald Tramp prezidentlikka saylanishi fonida o‘tkazildi.

Avvalroq Tramp saylanadigan taqdirda urushga bir kunda barham berishini aytgan, ammo bunga qanday erishmoqchi ekanini izohlamagandi, saylovdagi g‘alabadan keyin esa AQSh Ukrainaga hududlarini qaytarib olishda yordam bermasligini aytgandi.

Dauning-strit bayonotida aytilishicha, uchrashuv davomida kelayotgan qish oldidan qanday qilib Ukrainaning pozitsiyasini yaxshilash masalasi ham muhokama etilgan.

Kiyev Britaniya va Fransiyadan ukrain armiyasiga ularning Storm Shadow/Scalp qanotli raketalari bilan Rossiyaning ichkari hududlariga zarbalar berish uchun ruxsat so‘rab keladi. Ammo Parijdagi uchrashuv ham bu masalaga oydinlik kiritmadi.

Kiyev Britaniya va Fransiya Storm Shadow raketalari bilan Rossiyaning ichki hududlariga zarba yo‘llashga ruxsat berishini kutmoqda, ammo London va Parij yanada kattaroq eskalatsiyadan qochish uchun, bunga shoshilmayapti

Makron va Starmer Jo Baydenning qarorini kutib turibdi, u shu vaqtga qadar Amerika raketalari bilan Rossiya ichkarisiga zarbalar yo‘llashga ruxsat bermagan. AQSh ham, Yevropadagi ittifoqchilar ham bu taqiqni mojaro eskalatsiyasi xavfi bilan izohlaydi.

Ammo Oq uyga Donald Tramp kelishi bilan Yevropaning taktikasi o‘zgarishi mumkin. Bryusseldagilarning ko‘pchiligi Tramp davrida nafaqat AQShning Ukrainadagi urushga yondashuvi, balki NATO ichkarisidagi muvozanat ham o‘zgarishi mumkin deb hisoblaydi.

Makronning shaxsan taklifi bilan

Kir Starmer Parijga Sulh kunida (Fransiyada bu shunday nomlanadi) shaxsan Emmanyuel Makronning taklifi bilan tashrif buyurdi va britanlarning 1944 yil Yelisey maydonidagi marosimda ishtirok etgan Uinston Cherchilldan keyingi ikkinchi bosh vaziri bo‘ldi.

Odatda Britaniya bosh vazirlari Fransiyadagi harbiy marosimlarga D kunida — ittifoqchilar Normandiyaga desant tushirgan kunda tashrif buyuradi, ikki jahon urushi qurbonlarini xotirlash kunini esa (11 noyabr Britaniyada shunday nomlanadi) o‘z mamlakatida o‘tkazadi.

Emmanuel Makron Fransiya va Buyuk Britaniya o‘rtasida 120 yildan buyon «samimiy kelishuv» mavjudligi va bu mamlakatlar o‘rtasida yaqin diplomatik hamkorlikka yo‘l ochayotganini ta’kidlagan.

Starmer va Makron Cherchillning Parijdagi haykali poyiga guldasta qo‘yishgan, shundan keyin Triumfal arkidagi qo‘shinlar paradini kuzatgan, keyin esa Yevropa va dunyodagi vaziyatni muhokama etish uchun Yelisey saroyiga yo‘l olishgan.

Uchrashuvda Ukrainadan tashqari, Buyuk Britaniya va Yevroittifoq o‘rtasidagi munosabatlarning keyingi istiqbollari, G‘azo sektoridagi vaziyat hamda Britaniyadan boshpana olish uchun La-Mansh bo‘g‘ozini kechib o‘tayotgan noqonuniy migrantlar bilan kurashish usullari haqida so‘z yuritilgan.

Yevropa mudofaasi uchun xarajatlar

Donald Tramp bir necha marta Yevropa o‘zini o‘zi himoya qilishi kerakligi haqida gapirgan. NATOdagilar uning ikkinchi prezidentligi vaqtida AQSh hamda alyansning boshqa a’zolari o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashuviga tayyorlanmoqda

Dam olish kunlarida Washington Post gazetasi Tramp 7 noyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilib, Ukrainadagi urushni muhokama qilgani haqida xabar tarqatdi.

Kreml bunday muloqot o‘tkazilgani to‘g‘risidagi xabarni rad etib, WP xabarini «uydirma» deb atadi.

Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Hilining so‘zlariga ko‘ra, agar qo‘ng‘iroq haqidagi xabar to‘g‘ri bo‘lsa, «unda prezident Tramp Putinni Ukrainadagi vaziyat eskalatsiyasi oqibatlaridan ogohlantirib, to‘g‘ri qilgan».

BBC Breakfast dasturiga intervyusida u Britaniya Ukrainaga yordam hajmini oshirgani va Qo‘shma Shtatlardan ham shuni kutayotganini aytgan.

«Biz [Britaniya] yordam yetkazib berishni tezlashtirdik va hozir Ukrainaga har qachongidan ko‘ra ko‘proq mablag‘ ajratyapmiz va ko‘proq qo‘llab-quvvatlayapmiz», — degan Hili.

Buyuk Britaniya va Fransiyaning qo‘shma bayonotida aytilishicha, Ukrainani Rossiyaga qarshi urushda qo‘llab-quvvatlash katta ahamiyatga ega, chunki gap butun Yevropa himoyasi haqida ketmoqda.

Avvalroq Tramp NATOga a’zo mamlakatlarni o‘z mudofaasi uchun xarajatlarni oshirish va AQShga kamroq tayanishga chaqirgandi. U o‘z mudofaasi haqida qayg‘urishni istamaganlar bilan Rossiya kabi tajovuzkorlar istagan ishini qilishiga qo‘yib berishini aytgandi.

Trampning 2024 yilgi saylovoldi kampaniyasidagi polittexnologlardan biri bo‘lgan Brayan Lans BBC bilan suhbatda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy voqealarga real ko‘z bilan qarashi, jumladan, Ukraina endi Qrimni qaytarishi dargumon ekanini tan olishi lozimligini aytgan.

Yakshanba kuni Britaniya moliya vaziri o‘rinbosari Darren Jons BBC One efirida hukumat mudofaa uchun xarajatlarni YaIMning 2,3 foizidan 2,5 foiziga qadar oshirishni rejalashtirayotgani aytdi, ammo bu qanchalik tez amalga oshishi noma’lum.

Mavzuga oid