21:33 / 28.06.2017
18929

Aka-uka “mashinafurush” firibgarlar faoliyatiga chek qo‘yildi   

Buxoro viloyati Vobkent tumani, Qo‘ng‘irot QFYda yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi, 2-qismi bilan sudlangan aka-uka B va J. Xolboyevlar o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda firibgarlikni o‘zlari uchun kasb qilib olib, bir-necha nafar fuqarolarni aldab, ularning ishonchiga kirib, ularga “avtomashina olib beraman” kabi yolg‘on va'dalar berib, sodda va ishonuvchan fuqarolardan katta miqdordagi pullarni osongina egallab, bu pullarni o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborganlar. Bu haqda Kun.uz’ga Buxoro IIB xabar berdi.

Jumladan, ular G‘ijduvon tumani, Sarmijon QFY, Ko‘ljabbor qishlog‘ida yashovchi, J.Allayorov ni ishonchiga kirib, fuqaro U.Yo‘ldoshevga tegishli bo‘lgan “Epika” rusumli avtomashinani rasmiylashtirib berishni va'da qilgan holda, J.Allayorovga tegishli bo‘lgan “Lasetti” rusumli avtomashinasini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, jabrlanuvchiga 9.600 AQSh dollar moddiy zarar yetkazganlar. So‘ngra aka-uka Xolboyevlar Vobkent tumani Mo‘minobod MFYda yashovchi, A.Ismoilovning ishonchiga kirib, J.Allayorovga tegishli bo‘lgan “Lasetti” rusumli avtomashinani uning nomiga o‘tkazib berishni va'da qilgan holda, A.Ismoilovga tegishli bo‘lgan “Neksiya” rusumli avtomashinani 27.000.000 so‘mga hisoblab olib, bundan tashqari 4.000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, jabrlanuvchiga jami 37.129.360 so‘mlik moddiy zarar yetkazganlar. 

Shuningdek, aka-uka firibgarlar G‘ijduvon tumani, Soktari MFYda yashovchi  U.Shamsiyevni aldab, ishonchiga kirib, Vobkent tumanida yashovchi, nafaqadali O.Tursunovaga tegishli bo‘lgan “Epika” rusumli avtomashinani uning nomiga rasmiylashtirib berishni va'da qilib, U.Shamsiyevga tegishli bahosi 11.500 AKSh dollari bo‘lgan «Lasetti» rusumli avtomashinasini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, bu ham yetmaganday Buxoro tumani, Rabotipoyon QFYda yashovchi J.Raziqovning ham ishonchiga kirib, O.Tursunovaga tegishli bo‘lgan “Epika” rusumli avtomashinani uning nomiga rasmiylashtirib berishni va'da qilgan holda, undan bahosi 6.500 AQSh dollari bo‘lgan “Neksiya” rusumli avtomashina va 5.000 AQSh dollari miqdoridagi pullarga egalik qilib, jabrlanuvchiga jami 29.121.670 so‘mlik moddiy zarar yetkazganlar. 

Ular o‘zlarining navbatdagi rejasini tuzib Vobkent tumanida yashovchi A.Djurayevning «Lasetti» rusumli avtomashinasini 10.700 AQSh dollariga sotib berishni va'da qilgan holda, avtomashina egasiga 5000 AQSh dollari berish yo‘li bilan uni qiziqtirib, jabrlanuvchiga 5700 AQSh dollari miqdorida moddiy zarar yetkazganliklari, shuningdek, fuqaro F.Azamatovning ishonchiga kirib uning “Captiva” rusumli  avtomashinasini 16.000 AQSh dollariga sotib berishni va'da qilib ushbu avtomashinani firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib boshqa bir fuqaro, ya'ni, Z.Po‘lotovni ham aldab uning nomiga “Captiva”ni rasmiylashtirib berishni va'da qilgan holda, Z.Po‘lotovga tegishli «Lasetti» rusumli avtomashinasini qo‘lga kiritganliklari, shuningdek, Vobkent tumanida yashovchi B.To‘xtayev, Kogon tumanida yashovchi A.Astanov va Peshko‘ tumanida yashovchi I.Husenovlarning ishonchiga kirib, ularga Xitoy davlatida ishlab chiqarilgan “Chang an” rusumli yuk avtomashinasini olib berishni va'da qilgan holda, B.To‘xtayevdan 7.000 AQSh dollari, A.Astonovdan 7.800 AQSh dollari va I.Husenovdan 12.800 AQSh dollari miqdoridagi pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari, bundan tashqari, Namangan viloyatida yashovchi «Namangan avtosavdo mega servis» xususiy korxonasiga qarashli avtosalon bosh hisobchisi Yu. Ortiqovni ham aldab, ushbu MChJga tegishli bo‘lgan “Lifan LF 5028XXY” rusumli avtomashinani 22.277.454 so‘mga sotib berishni va'da qilgan holda, ushbu avtomashinani firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan. 

Yuqoridagi holatlar yuzasidan Jobir va Bobir Xolboyevlarga nisbatan O‘zbekistnon Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va ular qamoqqa olingan.

Top