21:50 / 25.09.2019
3
16184

Shovot tumanida ikki fuqaroga bir joydan yer berilgan. 4 yillik mojaro tafsilotlari

Bir fuqaroga davlat tomonidan yer ajratilib, egalik huquqi berilsa-yu, keyinchalik xuddi shu yer boshqa fuqaroga ajratilsa, yerning dastlabki egasi esa yillar davomida sudma-sud yurib, o‘z huquqini tiklash uchun behuda kuch sarflasa, bu qonunga, qolaversa adolat mezonlariga to‘g‘ri keladimi? Xorazm viloyati Shovot tumanida yuz bergan voqealarni o‘rganish jarayonida shu savollarga javob izlashga to‘g‘ri keldi.

2015 yil 2 may kuni Shovot tumani hokimligi tomonidan O‘tkirbek Nuriddinovga «O‘zbekiston» qishlog‘i hududidan baliq hovuzi tashkil qilish uchun 500 kv.m. ichki zovurdan yer ajratish haqida 658/8-sonli qaror chiqariladi. O‘tkirbekning bobosi Nuriddin aka Yusupov bu yerda baliq yetishtirib, tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida yaxshi niyat bilan ish boshlaydi.

«2015 yil may oyida Shovot tumani hokimligi menga eski, tashlandiq zaxkashni ajratib, egalik huquqi haqida qaror chiqarib berdi. «Tashlandiq holda yotibdi, obod qilaman, baliq yetishtiraman», deb o‘zim taklif berganman. Hokimlik bu tashabbusimga peshvoz chiqqan va taklifni qabul qilgandi. Ammo keyinchalik bu ishlar bilan boshimga g‘avg‘o orttirib olishimni xayolimga ham keltirmagandim», - deydi Nuriddin aka.

Nuriddin aka yoz oylarida zaxkashni kavlatib, kengaytirib, chiqindilardan tozalatadi. Baliq chavoqlarini sotib olib, zaxkashga qo‘yib yubordi. Albatta bu ishlar uchun katta miqdorda mablag‘ sarfladi.

Biroq, Shovot tumani hokimligi 2015 yilning 21 sentabr kuni boshqa bir fuqaro Murod Norboyevga xuddi shu joydan 600 kv.m. yer ajratish to‘g‘risida 1557-sonli qarorni chiqargan.

«2016 yili Murod Norboyev kelib, zaxkashni ko‘mib, qurilish ishlarini boshlab yubordi. Bu yer menga tegishli ekanini aytganimda o‘zida ham hokimlik qarori borligini bildirgandi. Shunda menga ajratilgan bu yer Murod Norboyevga ham berilganini bilib, hangu-mang bo‘lib qoldim», - deydi Nuriddin aka.

Shu vaqtdan beri 4 yil o‘tgan bo‘lsa-da, Nuriddin aka qonuniy asosda o‘ziga tegishli bo‘lgan yerda tadbirkorlik qilolmayapti. Uning arz qilmagan joyi, taqillatmagan eshigi qolmagan. Bu vaqt ichida fuqaro M.Norboyev zaxkashning bir qismini ko‘mib, qurilish ishlarini amalga oshirgan. Natijada, baliq hovuziga keladigan suv yo‘li yopilgan va hovuz suvini tozalab turish uchun mavjud bo‘lgan zaxkash ko‘mib yuborilgan. Hovuzning suvi qurib, baliq chavoqlari nobud bo‘lgan.

Qanday qilib bir fuqaroga ajratilgan va egalik huquqi berilgan yer bir vaqtning o‘zida boshqa fuqaroga rasmiylashtirib berilishi mumkin?

2017 yil noyabr oyida Qo‘shko‘pir tumani ma'muriy sudi Shovot tumani hokimining M.Norboyevga nisbatan chiqargan 1557-sonli qarorini haqiqiy emas deb topdi va yer O‘.Nuriddinovga tegishli ekanini tasdiqladi.

Ammo, Xorazm viloyati ma'muriy sudi kassatsiya instansiyasi 2018 yil 5 mart kunidagi ajrimi bilan Qo‘shko‘pir tumani ma'muriy sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, da'vogar N.Yusupovning Shovot tuman hokimining 1557-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi da'vo arizasini rad etish to‘g‘risida yangi hal qiluv qarori chiqargan. Oliy sudning 2018 yil 29 oktyabrdagi ajrimi bilan kassatsiya instansiyasining qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan. 

Taajjubli joyi shuki, bu mojaroga taalluqli bo‘lgan eng muhim va asosiy masala – bir fuqaroga ajratilgan yerning haqiqatdan ham boshqa fuqaroga ajratib berilgani masalasini hech qaysi instansiya chuqur o‘rganib chiqmagan.

«Jurnalistik faoliyatni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunga asosan bu muammo yuzasidan surishtiruv o‘tkazdik. Holatni joyiga borib o‘rgandik, soha mutaxassislarining bu boradagi fikrini o‘rganib, huquqshunoslarning izohini oldik. Shuningdek, yer maydonlarining chegarasini o‘lchash bilan shug‘ullanuvchi tashkilot – Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi Shovot tumani bo‘limidan rasmiy ma'lumotnoma oldik.

Unda 2015 yilda fuqarolar O‘.Nuriddinov (658/8-sonli qaror) va M.Norboyevga (1557-sonli qaror) ajratilgan yerning bir joyda joylashgani ko‘rsatilgan. Bu esa ham mantiqqa ham amaldagi qonun talablariga ziddir.

Qayd etish joizki, Shovot tumani hokimligi 2015 yil sentabr oyida fuqaro M.Norboyevga yer ajratish haqidagi qarorni qabul qilayotganida tegishli idora va tashkilotlarning xulosalarini, xususan bu yerning boshqa fuqaroga tegishli emasligi, ekin ekiladigan hududda joylashmagani, ekologiya va boshqa talablarga zid kelmasligi, muhim obektlarning muhofaza hududiga kirmasligi haqidagi xulosalarni olgan.

Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi Shovot tumani bo‘limi 2015 yil iyul oyida bu yer hech kimga tegishli emasligi haqidagi 421-sonli xulosani bergan. Vaziyatning haqiqiy holati va biz olgan ma'lumotnoma bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, bu xulosa yolg‘on ma'lumotlarga asoslangani, tashkilot esa bu bilan hokimlikni, huquq-tartibot idoralarini va odil sudni chalg‘itgani oydinlashmoqda.

Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi Shovot tumani bo‘limi tomonidan nima uchun yolg‘on xulosa berilgani va nega bir necha yillar davomida bu fakt yashirib kelinganini huquq-tartibot idoralari o‘rganib chiqib, baho beradi degan umiddamiz.

Bunday muammolar qonuniy yo‘l bilan qanday hal qilinadi? O‘rnatilgan tartibga ko‘ra, hokimlik tomonidan yer ajratish va egalik huquqini belgilash to‘g‘risidagi qarorlar prokuratura tomonidan doimiy tarzda monitoring qilinib, qonunga zid bo‘lgan holatlarda protest keltirilishi lozim. Natijada, hokimlik o‘z qarorini qonunga muvofiqlashtirishi yoki bekor qilishi shart. Biz o‘rganib chiqqan holatda 1557-sonli qaror bekor qilinishi va O‘.Nuriddinovning qonuniy manfaatlari tiklanishi lozimligi oydinlashmoqda. Chunki aynan bir yer uchastkasidan bir vaqtning ikki fuqaroga ajratib berilishi mumkin emas.

Endi mojaroga taalluqli bo‘lgan boshqa holatlarga to‘xtalib o‘tamiz.

Fuqaro M.Norboyev zaxkashning bir qismini ko‘mib, qurilish ishlarini amalga oshirganini yuqorida keltirib o‘tdik. Ammo, bu ishlarning qonun hujjatlariga muvofiq emasligi haqida tegishli tashkilotlar tomonidan rasman ogohlantirishlar berilgan bo‘lsada, negadir hech kim bu qurilish ishlarini to‘xtatmagan, qonunbuzarlikning oldini olmagan.

Xususan, Xorazm viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha Shovot tumani inspeksiyasi ichki zaxkashning o‘zboshimchalik bilan ko‘mib yuborilishi, uning himoya hududida qurilish ishlari olib borish mumkinmasligi haqida rasmiy xat bergan.

Shuningdek, «Chapqirg‘oq Amudaryo» Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Meliorativ ekspeditsiya tomonidan berilgan xatda ichki zaxkashning o‘zboshimchalik bilan ko‘milgani, bu esa O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2016 yil 27 yanvardagi 01-03/1-25-sonli bayoni va Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 7 apreldagi 174-qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga zid ekani, zaxkashning ko‘milgan hududlarini ochdirib, bu ishni amalga oshirgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish so‘ralgan.

Bundan tashqari, Shovot tumani «Nurjon Botir» Suv iste'molchilari uyushmasining xatida ichki zovur, qonun talablariga zid ravishda, o‘zboshimchalik bilan ko‘mib yuborilgani, zaxkashning ko‘milgan hududlarini ochdirib, bu ishni amalga oshirgan shaxslarga qonunan chora ko‘rish so‘ralgan.

Bu xatlarda ko‘rsatilgan qonunbuzarliklar shu paytgacha nega bartaraf qilinmagani bizga qorong‘i. Bu holatda nafaqat fuqaro, balki davlat manfaatlariga ham ziyon yetmoqda. Buning oldini olishi shart bo‘lgan idoralar esa hozircha jim.

Nurmuhammad Said

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top