12:48 / 26.01.2018
30056

Aliment to‘lashga majbur shaxsga xorijga chiqish bo‘yicha qo‘yilgan taqiq qanday olib tashlanadi?

Foto: Fotolia

Assalomu alaykum yaqinda alimentlar masalasida o‘zgartirishlar bo‘lgan deb eshitdim. Endilikda alimentni oldindan to‘lab chet elga chiqib ketish mumkin ekan. Shu qonun kuchga kirganmi?

O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 9 yanvardagi  O‘RQ-459-son Qonuniga asosan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 42-1-moddasi aliment to‘lashga majbur shaxsga respublikadan chiqishga qo‘yilgan taqiqni olib tashlash tartibini nazarda tutgan qoidalar bilan to‘ldirildi. Bu haqda Adliya vazirligining ijtimoiy tarmoqdagi “Huquqiy axborot” kanalida xabar berilgan.

Unga ko‘ra voyaga yetmagan bolalar ta'minoti uchun alimentlar oldindan to‘langan yoki aliment to‘lash bo‘yicha garov shartnomasi tuzilgan bo‘lsa, davlat ijrochisi to‘lov yoki garov shartnomasi to‘g‘risidagi tegishli hujjat olingan kunning ertasidan kechiktirmasdan tegishli organlarni  qarzdor jismoniy shaxsning respublikadan chiqishini cheklash olib tashlanganligi to‘g‘risida yozma shaklda xabardor qiladi. 

Bunda garov qiymati qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqining ikki yuz ellik baravaridan kam bo‘lmasligi lozim.

Mazkur qoida Qonun kuchga kirgan kundan e'tiboran olti oy o‘tgach, 2018 yil 11 iyul kunidan amalga kiritiladi.

Top