21:24 / 24.11.2016
8414

Turkiya va Rossiya Isroildagi yong‘inlar bilan kurashga jalb qilindi

Foto:MDA

Yaqindagina Isroil bilan diplomatik munosabatlarini qayta tiklagan Turkiya u yerdagi yong‘inlarni bartaraf qilish uchun katta samolyotlarni yo‘llashni taklif qildi. Bu haqida The Jerusalem Post nashri xabar berdi

Ikki mamlakat o‘tgan haftada yangi elchilarini tayinlab, diplomatik munosabatlarni qayta yo‘lga qo‘ygandi. Turkiya 2010 yilning dekabrida, mamlakatlar o‘rtasidagi diplomatik inqiroz paytida ham Karmeldagi o‘rmonda yong‘in chiqqanda Isroilga ikki samolyotini jo‘natgan edi. 

2011 yilda Isroil Turkiyadagi kuchli zilziladan so‘ng mobil uylarni yordam tariqasida taqdim etgandi. Biroq 2014 yilgi tog‘dagi halokatdan keyin Turkiya bir qator mamlakatlar qatorida Isroilning ko‘magini ham inkor qilgandi. O‘shanda 301 kishi baxtsiz hodisa qurboni bo‘lgan. 

Manbaga ko‘ra, Isroil Turkiyaning yordam tariqasida taklif qilgan samolyotlarini o‘t o‘chirishga jalb qiladi. Mamlakat bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Turkiyaning taklifini juda yuqori baholashini ta'kidladi. 

Shuningdek Netanyaxu Isroilning yordam ko‘rsatish borasidagi iltimosiga ijobiy va operativ yondashgan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yo‘llangan samolyotlar uchun minnatdorchilik bildirdi. Putin Rossiyaning ikki o‘t o‘chiruvchi gigant samolyoti darhol Isroilga jo‘natilishini ma'lum qilgan. 

Shunday qilib, Rossiya va Turkiya Isroilga o‘z samolyotlarini yo‘llab, Gretsiya, Italiya, Xorvatiya va Kipr qatoriga qo‘shilishdi. Umumiy hisobda, Isroildagi yong‘inlarni o‘chirishga 10 samolyot jalb qilindi. 

 

Top