17:09 / 31.07.2018
6079

DVQ hududiy boshqarmalari ham tegishli litsenziyalar berish huquqiga ega bo‘ldi

Foto: Pixabay

Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 3 noyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Veterinariya faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar bermoqda. 

O‘zgartirishlarga asosan, Davlat veterinariya qo‘mitasining hududiy boshqarmalariga ham tegishli veterinariya faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha litsenziya berish huquqi berildi.

Veterinariya faoliyatini litsenziyalash ilgari faqat Davlat veterinariya qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilgan.

Nizomga ko‘ra, lisenziatlar o‘zlari tomonidan ishlab chiqarilgan yoki tayyorlangan veterinariya preparatlarini sotishi mumkin. Ilgari buning uchun ham alohida litsenziya olish lozim edi.

Yana bir o‘zgartirishga muvofiq endilikda yuridik shaxslarning veterinariya yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta-maxsus ma'lumotga ega bo‘lgan xodimlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar veterinariya preparatlari, jumladan, ozuqa qo‘shimchalari va zoogigiyena vositalarini sotishi mumkinligi belgilandi. Ilgari mazkur faoliyat bilan shug‘ullanish uchun ham oliy ma'lumot talab etilgan.

Amalda bo‘lgan tartibda filial ochish tartibi belgilanmagan edi. O‘zgartirishlar bilan filial ochish tartibi ham belgilandi. Xususan, lisenziat filial ochish uchun litsenziyalovchi organlarga bu haqda ariza bilan ma'lum qilishi kerak. Filial ochish haqidagi arizani ko‘rib chiqqanlik uchun to‘lov undirilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, oldin hujjatlar litsenziyalovchi organga bevosita yoxud olinganligi to‘g‘risidagi bildirishnoma bilan pochta orqali yetkazib berilar edi. Bunga qo‘shimcha, endilikda hujjatlarni elektron shaklda ham taqdim etish mumkin.

Lisenziya berish haqidagi arizalarni ko‘rib chiqish muddati qisqartirildi. Endilikda taqdim etilgan hujjatlar o‘n kun ichida ko‘rib chiqilib (ilgari ushbu muddat yigirma besh kunni tashkil qilgan), litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida xulosa tayyorlanadi.

Top