08:13 / 31.08.2019
0
36117

Umumiy o‘rta ta'lim muassasalari milliy reytingi e'lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Xalq ta'limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2018 yil 5 sentyabrdagi PF-5538 sonli farmoni bilan Davlat inspeksiyasiga umumiy o‘rta ta'lim muassasalari faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini aniqlovchi reyting indikatorlarini tuzish hamda tasdiqlash, 2019 yil 1 yanvardan boshlab tumanlar va shaharlar kesimida tanlash asosida umumiy o‘rta ta'lim muassasalari reytingini tuzish, reyting yakunlarini ommaviy axborot vositalarida, Davlat inspeksiyasining veb-saytida keyingi o‘quv yili boshlanishidan kechiktirmay e'lon qilish vazifasi yuklatilgan.

Farmon ijrosini ta'minlash maqsadida Davlat inspeksiyasida umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida ta'lim sifatining holatini xarakterlovchi reyting indikatorlari ishlab chiqildi va Xalq ta'limi vazirligining mas'ul xodimlari hamda tizimda faoliyat olib borayotgan tajribali rahbar va mutaxassis-kadrlarni jalb qilgan holda ishchi guruh tuzilib indikatorlar va baholash mezonlari muhokama qilindi.

Muhokama jarayonida xorijiy tajribalar tahlil qilinib, xorijiy davlatlarda maktablar reytingi aksariyat holatlarda xalqaro bilimni baholash tadqiqotlari natijalariga bog‘langanligi aniqlandi.

Qabul qilingan indikatorlar asosida Respublika bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi barcha tuman (shahar)lardan 10 foiz (jami 956 ta) umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining faoliyati tahlil qilindi va 2019 yil 1 iyul holatiga ularning reyting natijalari tayyorlandi.

Eng yuqori o‘rinlarni egallagan Top-20talikka Xorazmdan 7 ta, Namangandan 4 ta, Farg‘onadan 4 ta, Buxorodan 2 tadan, Andijon, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan 1 tadan maktablar kirdi.

Eng pastki o‘rinlarni egallagan Top-20talikka Samarqanddan 10 ta, Toshkent viloyatidan 6 ta, Qashqadaryodan 2 ta, Buxoro va Navoiy viloyatlaridan 1 tadan maktablar kirdi.

Hududlar reytingida eng yuqori o‘rinlarni Namangan, Xorazm va Navoiy viloyatlari egallagan bo‘lsa, quyi o‘rinlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand va Toshkent viloyatlari qayd etildi.

Tumanlar (va shaharlar) reytingida quyidagi holat kuzatildi:

Namangan viloyatida Namangan, Pop, Uychi tumanlari; Navoiyda Qiziltepa, Uchquduq va Navbahor; Farg‘onada O‘zbekiston, Dang‘ara va Rishton; Andijonda Buloqboshi, Marhamat, Jalaquduq; Buxoroda G‘ijduvon, Jondor va Qorovulbozor;Qoraqalpog‘iston Respublikasida Qorao‘zak, Ellikqal'a va To‘rtko‘l; Toshkent shahrida Sergeli, Mirobod va Mirzo Ulug‘bek; Qashqadaryoda Shahrisabz shahri, Kitob va Koson tumani; Sirdaryoda Sardoba, Shirin shahri va Mirzaobod; Xorazmda Gurlan, Shovot va Yangibozor; Surxondaryoda Sariosiyo, Boysun tumanlari va Termiz shahri; Samarqandda Kattaqo‘rg‘on shahar, Ishtixon va Narpay; Jizzaxda Yangiobod, Paxtakor, Sh.Rashidov; Toshkent viloyatida Piskent tumani, Chirchiq va Bekobod shaharlari maktablari peshqadam bo‘ldilar.

9-sinf o‘quvchilarining bilim darajasini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat ishlarida jami 25 188 nafar o‘quvchi qatnashdi va ularning 73,1 %i ona tilidan diktantdan va 48,2 %i matematikadan yozma ishdan ijobiy baholandi.

Diktant bo‘yicha eng yuqori natijalar Navoiy, Buxoro, Namangan viloyatlarida va eng past natijalar Toshkent shahri, Samarqand va Toshkent viloyatlarida qayd etildi.

Matematikadan yozma ish bo‘yicha eng yuqori natijalar Xorazm, Navoiy, Namangan viloyatlarida va eng past natijalar Toshkent, Samarqand va Buxoro viloyatlarida qayd etildi.

Oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ulushi bo‘yicha yuqori o‘rinlarda Xorazm va Andijon viloyatlari hamda Toshkent shahri bo‘lsa, quyi o‘rinlarda Qashqadaryo, Surxondaryo va Samarqand viloyatlari maktablari aniqlandi.

Maktab o‘qituvchilari jamoasi bilan o‘tkazilgan so‘rovnomada jami 38 400 nafar pedagog xodimlar qatnashdi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top