11:17 / 19.09.2019
2
29595

«Huquqingiz buzilgani rost, lekin da'vo muddatingiz o‘tib ketibdi» - Kun.uz’da yurist vaqti

Foto: 123RF

Huquqingiz buzildi. Bunday vaziyatda qanday xatti-harakatlarni amalga oshirishni, kimga murojaat qilishni bilmay boshingiz qotadi. O‘zingiz uchun kerakli hujjatlarni tayyorladingiz, bir necha tashkilotlarga arz qildingiz. Mas'ul tashkilotlar masalani o‘rganib chiqdi va ishingizni sudga oshirishdi. Sudda sizning huquqlaringiz buzilgani ma'lum bo‘ldi. Biroq buzilgan huquqlaringiz tiklab berilmadi. Chunki ayni da'vo predmeti bo‘yicha sudga murojaat qilish uchun qonun bilan belgilangan muddat o‘tib ketgan. Ana xolos! Qonun buzilishi bor, buni hatto sud ham tan olmoqda, biroq da'vo muddati o‘tkazib yuborilgani o‘laroq buzilgan huquqlaringiz tiklanmasdan qolsaya...

Da'vo muddati nima va uning muddatlari qancha?

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik kodeksining 149-moddasiga ko‘ra, da'vo muddati - shaxs o‘zining buzilgan huquqini da'vo qo‘zg‘atish yo‘li bilan himoya qilishi mumkin bo‘lgan muddatdir.

Qonunchilikka ko‘ra, umumiy da'vo muddati – 3 yil. Biroq ayrim hollarda maxsus da'vo muddatlari qo‘llanadi. Maxsus da'vo muddatlari tegishli sohaning xususiyati va tartib-taomillaridan kelib chiqib turlicha belgilanadi.

Quyida maxsus da'vo muddatlarining ayrimlariga to‘xtalib o‘tishni lozim topdik.

Mehnat munosabatlarida da'vo muddatlari

Sudga yoki mehnat nizolari komissiyasiga murojaat etish uchun quyidagi muddatlar belgilanadi:

ishga tiklash nizolari bo‘yicha - xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilingani haqidagi buyruqning nusxasi berilgan kundan boshlab bir oy;

xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararni to‘lash haqidagi nizolar bo‘yicha esa - zarar yetkazilgani ish beruvchiga ma'lum bo‘lgan kundan boshlab bir yil;

boshqa mehnat nizolari bo‘yicha - xodim o‘z huquqi buzilganini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan boshlab uch oy.

Ushbu moddada belgilangan muddatlar uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan taqdirda, bu muddatlar sud yoki mehnat nizolari komissiyasi tomonidan qayta tiklanishi mumkin.

Xodimning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplashga doir nizolar bo‘yicha sudga murojaat qilish uchun muddat belgilanmaydi.

 

Amaliyotda uchraydigan eng ko‘p muammolardan biri ishga tiklashga oid nizolar bo‘yicha sudga ariza kiritishda da'vo muddatlariga rioya etilmaganidan kelib chiqadi. Aksariyat hollarda mehnat shartnomasi bekor qilinishini g‘ayriqonuniy deb hisoblovchi xodimlar shikoyat bilan kasaba uyushmalari, mehnat yoki prokuratura organlariga murojaat qilishadi. Ushbu organlarda murojaatlarning o‘rganilishi da'vo muddatini to‘xtatib turmasligi ko‘p xollarda xodimning zarariga ishlaydi va keyinchalik sudga kiritgan da'vosi rad etilishiga sabab bo‘ladi.

 

Oila munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha da'vo muddatlari

Oilaviy munosabatlardan kelib chiqadigan nizolarda ham da'voning turiga qarab o‘ziga xos da'vo muddatlari belgilanadi.

 

Masalan, sudga da'vo ariza bilan murojaat qilish bo‘yicha:

umumiy ko‘chmas mulkdan er yoki xotin roziligi olinmasdan tasarruf etilgan bo‘lsa, bitimni haqiqiy emas deb topish uchun – 1 yil,

tug‘ilishni yozish daftarchasida otasi yoki onasining belgilanishi bo‘yicha sud tartibida e'tiroz – 1 yil,

aliment talab qilishda sobiq xotin homiladorlik davrida va o‘rtada bola tug‘ilgan kundan boshlab – 3 yillik muddatlar belgilangan.  

 

Shuningdek, fuqarolar bilib qo‘yishi lozim bo‘lgan boshqa da'vo muddatlari ham borki, har bir inson hayotida xech bo‘lmasa bir marta duch kelishi tabiiy. Masalan bular:

- Turar joylarni almashtirishni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi talab almashtirish amalga oshirilgan kundan boshlab – 6 oy,

- soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning ortiqcha to‘langan summalarini hisobga olishni yoki qaytarishni so‘rash bo‘yicha – 5 yil,

- yuk tashishdan kelib chiqadigan talablar bo‘yicha da'vo qo‘zg‘atish – 1 yil,

- mas'uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas'uliyatli jamiyatlar umumiy yig‘ilishining qarori ustidan 2 oy ichida ariza berilishi lozim.

Mazkur da'vo muddatlari o‘tkazib yuborilgan taqdirda sud javobgarning da'vo muddatini qo‘llash haqidagi talabiga muvofiq arizani rad etish haqida qaror chiqarishi mumkin bo‘ladi.

Da'vo muddatini hisoblash

Da'vo muddati shaxs o‘zining huquqlarini buzilganini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan vaqtdan boshlab o‘tishni boshlaydi. Da'vo muddatini qo‘llashga faqatgina sudlar haqlidir. Sud da'vo muddatini taraflardan birining da'vo muddatini qo‘llash to‘g‘risidagi talabi (iltimosi) bo‘yicha qo‘llashi mumkin. Muddatlarni o‘tib ketgani yoki o‘tgan vaqtni uzrli deb topish bo‘yicha sud hujjatlarni to‘liq tekshiradi. Sud muddat uzrsiz sababga ko‘ra o‘tkazilgan deb topsa, da'voni rad etadi. Muddatlar uzrli sabablarga ko‘ra o‘tkazib yuborilgan taqdirda, bu muddatlar sud tomonidan qayta tiklanishi mumkin.

Da'vo muddati belgilanmagan masalalar

Amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra muayyan turdagi masalalar bo‘yicha sudga da'vo kiritishda da'vo muddati belgilanmaydi. Masalan:

— shaxsiy nomulkiy huquqlar (intellektual mulk va boshqalar) va boshqa nomoddiy boyliklarni talab qilish masalalari,

— omonatchilarning o‘z omonatlarini berish to‘g‘risida bankka qo‘yadigan talablariga,

— fuqaroning hayotiga yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni to‘lash haqidagi talablar (so‘nggi 3 yil to‘lab beriladi),

— jinoyat tufayli yetkazilgan zararni to‘lash haqidagi talablar (fuqaroviy da'vo qo‘zg‘atish yo‘li bilan),

— mamlakat mustaqilligi e'lon qilinishidan oldin uning chegaralaridan tashqariga olib chiqib ketilgan tarixiy, madaniy va ilmiy-badiiy qiymatga ega bo‘lgan mol-mulkni hamda boshqa qimmatbaho obektlarni qaytarib berish haqidagi va boshqa talablarga taalluqli emas.

O‘z huquqlarini sud orqali himoya qilmoqchi bo‘lgan hamyurtlarimizga da'vo ariza kiritishlaridan avval aynan shu nizo bo‘yicha da'vo muddati o‘tib ketmaganini aniqlab olishlarini maslahat bergan bo‘lar edik. Zero, da'vo muddatining o‘tkazib yuborilishi da'vo arizasining muqarrar rad etilishi va oxir oqibatda to‘langan davlat boji ham qaytarilmasligiga sabab bo‘lishi mumkin.

Bahodir Ahmedov

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top