O‘zbekiston Respublikasi bosh qomusiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, uning 113-moddasida hamma sudlarda ishlar ochiq ko‘rilishi, ishlarni yopiq majlisda tinglashga qonunda belgilangan hollardagina yo‘l qo‘yilishi haqida belgilab qo‘yilgan. Qonunda belgilangan hollar qaysilar?
Jinoyat protsessual kodeksining (JPK) 19-moddasida sud raisi ishni yopiq ko‘rishda qaysi protsessual harakatlarni amalga oshirishi kerakligi tushuntirilgan. Ishni yopiq sud majlisida ko‘rish barcha protsessual qoidalarga rioya qilgan holda amalga oshiriladi. Bu haqda ajrim chiqariladi. Ishni yopiq majlisda ko‘rish to‘g‘risidagi sudning ajrimi butkul muhokamaga nisbatan yoki uning alohida qismlariga nisbatan chiqarilishi mumkin. Bu ajrim sud majlisiga yig‘ilganlarga taalluqli bo‘lib, jinoyat protsessi ishtirokchilariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ya'ni, sud ishi yopiq ko‘rilishiga ma'lum talablar qo‘yilgan. Mazkur talablar bajarilgach, sud ish yopiq ko‘rilishi bo‘yicha ajrim chiqaradi, unda sabablari ko‘rsatiladi va bu faqatgina sud majlisiga yig‘ilganlarga tatbiq etiladi.
Protsess ishtirokchilari sudga iltimosnoma kiritishi natijasida (asoslantirilgan), odatda jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar (nomusga tegish, jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish, besoqolbozlik, ayolni jinsiy aloqa qilishga majbur etish), farzandlikka olish bilan bog‘liq ishlar, davlat siri bilan bog‘liq va boshqa ishlar yopiq sud majlisida ko‘riladi.
JPKning 19-moddasida o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning jinoyatlari to‘g‘risidagi ishlarni, shuningdek fuqarolarning shaxsiy hayoti haqidagi ma'lumotlarni yoki ularning sha'ni va qadr-qimmatini kamsitadigan ma'lumotlarni oshkor qilmaslik maqsadida hamda jabrlanuvchining, guvohning yoki ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning, xuddi shuningdek ular oila a'zolarining yoki yaqin qarindoshlarining xavfsizligini ta'minlash taqozo etilgan hollarda boshqa ishlarni sud ajrimi bilan yopiq sud majlisida ko‘rishga yo‘l qo‘yilishi aytilgan.
Mazkur kodeksda barcha sudlarda jinoyat ishlari oshkora ko‘rilishi, bundan davlat sirlarini qo‘riqlash manfaatlariga zid keladigan hollar, shuningdek jinsiy jinoyatlar to‘g‘risidagi ishlar ko‘rilayotgan hollar mustasnoligi belgilangan.
Davlat sirini nimalar tashkil qiladi? Bu bo‘yicha «Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida»gi qonunda tushuntirib qo‘yilgan.
Davlat tomonidan qo‘riqlanadigan va maxsus ro‘yxatlar bilan chegaralab qo‘yiladigan alohida ahamiyatli, mutlaqo maxfiy va maxfiy-harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va boshqa ma'lumotlar O‘zbekiston Respublikasining davlat sirlari hisoblanadi.
Davlat sirlari O‘zbekiston Respublikasining mulkidir.







