15:18 / 05.11.2019
0
8863

«Ma'naviyat fidoyisi» ko‘krak nishoni ta'sis etildi

O‘zbekistonda «Ma'naviyat fidoyisi» ko‘krak nishoni ta'sis etildi. Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi tegishli qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Jurnalistlar ijodiy uyushmasining «Ma'naviyat fidoyisi» ko‘krak nishonini O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi bayrami arafasida topshirish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Belgilab qo‘yilishicha, «Ma'naviyat fidoyisi» ko‘krak nishoni bilan mukofotlash Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazining qarori asosida amalga oshiriladi.

«Ma'naviyat fidoyisi» ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ko‘krak nishoni bilan respublikada ma'naviy-ma'rifiy ishlarni amalga oshirish, yuksak ijtimoiy-ma'naviy muhitni shakllantirish borasida fidokorona mehnat qilgan va samarali natijalarga erishgan fuqarolar taqdirlanadi.

Ko‘krak nishoni bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

Hududiy davlat organlari, tashkilotlar va jamoat birlashmalari har yili 1 iyunga qadar ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflarni tegishlicha Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlariga taqdim etadi.

Respublika davlat organlari, tashkilotlar va jamoat birlashmalari har yili 1 iyunga qadar ko‘krak nishoni bilan taqdirlash bo‘yicha takliflarni Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markaziga taqdim etadi.

Nomzod bo‘yicha taqdim etilgan takliflarga ilova sifatida nomzod haqida ma'lumotnoma, so‘nggi uch yil davomida u tomonidan jamiyatda ma'naviy-ma'rifiy ishlarni amalga oshirish, yuksak ijtimoiy-ma'naviy muhitni shakllantirish borasida amalga oshirilgan ishlar taqdim etiladi.

Ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti beriladi.

Biryo‘la to‘lanadigan pul mukofoti Markazning budjet va budjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi. 

Bir shaxs ko‘krak nishoni bilan bir marta taqdirlanadi. Ko‘krak nishoni davlat mukofotlaridan keyin ko‘krakning chap tomoniga taqiladi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top