14:00 / 15.12.2019
0
37990

Qishda boshqa klubga o‘tishi kutilayotgan 5 futbolchi

Chempionlar ligasi va Yevropa Ligasida guruh bosqichi yakunlandi. Ayrim klublar bahorgi o‘yinlargacha qishki transferlarda tarkibni kuchaytirib olish uchun harakat boshladi, ayrim futbolchilar mavsumning birinchi qismidagi vaziyatdan kelib chiqqan holda klubini o‘zgartirishga taraddudlanmoqda.

Quyida yaqin vaqtlar ichida klubini o‘zgartirishi kutilayotgan 5 nafar futbolchi haqida keltiriladi.

Mario Manjukich

Foto: Tullio M. Puglia/Getty Images

Yangi mavsum boshlanishidan oldinoq «Yuventus» ustozi Mauritsio Sarri jamoasida hujumchilar yetarli ekani va xorvatiyalik Mario Manjukichni boshqa klubga sotishga tayyorligi haqida ma'lum qilgandi. Yozda ushbu xorvatiyalik futbolchiga xaridor topilmadi, u 24 sentabr kunidan buyon turinliklar klubining zayavkasidan o‘rin olmadi. Ungacha esa Manjukich o‘yinlarni zaxira o‘rindig‘idan kuzatayotgandi.

ESPN nashri avvaliga Mario «Manchester Yunayted»ga o‘tishi haqida xabar tarqatdi, ammo 20 noyabr kuni shu nashrda «MYu» boshqa bir bolqonlik hujumchi Edin Jyekoni sotib olishni rejalashtirayotgani to‘g‘risida xabar berdi. Sport Bild nashrining tasdiqlashicha, Dortmundning «Borussiya» klubi Manjukichni safiga qo‘shib olishga qarshi emas. Ushbu tajribali futbolchining (u ayni vaqtda 33 yoshda) transfer qiymati 8-10 mln yevroga teng, yana bir plyus esa u joriy mavsumda «Yuventus» safida Chempionlar ligasida ishtirok etmagan va u dortmundliklarga pley-off o‘yinlarida yordam berishi mumkin. Turinliklar klubining Rojdestvo bayramiga ham chaqirilmagan futbolchida faoliyatini Qatar chempionatida davom ettirish varianti ham bor.

Dris Mertens

Foto: Francesco Pecoraro/Getty Images

Hozirda «Napoli»da xaos hukmron, futbolchilar va klub prezidenti o‘rtasidagi ziddiyat avjiga chiqmoqda. Muammoni Karlo Anchelottining iste'fosi ham hal qila olmadi, klub Jyennaro Gattuzo boshqaruvidagi ilk o‘yinda Neapolda «Parma»ga yutqazdi va bu vaziyatdan bezor bo‘lgan yetakchi futbolchilar klubni tark etish haqida o‘ylamoqda. Jumladan, 2013 yildan buyon klub safida to‘p surayotgan Dris Mertens ham. La Gazzetta dello Sport nashrining yozishicha, klub rahbariyati va futbolchi 2020 yil mayiga qadar tuzilgan shartnomani uzaytirish borasida kelishuvga erisha olmadi. Belgiyalik futbolchiga birdaniga uchta klub da'vogar bo‘lib turibdi: Istanbulning «Galatasaroy», Dortmundning «Borussiya» va Milanning «Inter» klublari. Mertensning o‘zi boshqa chempionatga yo‘l olish niyatida emasligini aytgan va shu tufayli milanliklarning imkoniyatlari ustunroq baholanmoqda. Qolaversa, «Inter» 32 yoshli hujumchiga yiliga 4 million yevro miqdorida maosh to‘lashga tayyor. Hozirda Mertensning transfer narxi 25 million yevro turadi.

Pol Pogba

Foto: Alex Livesey/Getty Images

Yozda Pogba bilan bog‘liq xabarlarga transfer oynasi yopilishi arafasida nuqta qo‘yilgandi. Pol «Real»ga o‘tishni juda istagan, ammo «MYu» rahbariyati juda katta pul so‘ragani uchun madridliklar muzokaralarni to‘xtatishgandi.

Hozir bu tarix yana takrorlashi mumkin, ammo Pogbani o‘z safiga qo‘shib olish «Real»ga qiyin bo‘ladi. Madridliklarga juda jiddiy raqobatchi — Turinning «Yuventus» klubi paydo bo‘lgan. «Yuventus» haqida hamisha ishonchli xabarlar tarqatadigan, ushbu nashr bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lgan Tuttosport nashri ma'lumotiga ko‘ra, «byankoneri» yaqin vaqtlar ichida muzokaralarning birinchi bosqichiga kirishadi. Shu kunlarda klub sport direktori Fabio Paratichini Manchesterda ko‘rishgan, «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi Ole-Gunnar Sulsher esa hamon Pogba safga qaytib, maydonga tusha boshlashidan umid qilmoqda. Fransuz futbolchisi 30 sentabr kunidan buyon to‘piq suyagidagi jarohat tufayli maydonga tushmayapti, ammo aytishlaricha u allaqachon tuzalgan, lekin «Manchester Yunayted» safida boshqa o‘ynashni istamayapti. Pogbaning transfer narxi 100 mln yevro atrofida, ammo ikki top-klub unga ko‘proq to‘lashga tayyor.

Erling Holand

Foto: Michael Regan/Getty Images

19 yoshli futbolchi mavsum kashfiyotiga aylandi. U Chempionlar ligasidagi 6 o‘yinda 8 golga mualliflik qildi, birinchi turda «Genk»ga qarshi o‘yinda 37 daqiqa ichida het-trik qayd etganida u haqida butun dunyo gapira boshladi. Ayni vaqtda norvegiyalik bu futbolchiga Yevropa grandlari ov boshlagan, «Yuventus» uning agenti Mino Rayola bilan aloqaga chiqqan, «RB Leypsig» o‘zining farm-jamoasi bo‘lmish «Zalsburg» bilan osongina kelishishni rejalashtirmoqda, «Bavariya» ham uni nazardan qochirmayapti, «Borussiya» Dortmund esa unga yorqin kelajak va'da qilmoqda. Lekin Holand uchun kurashda asosiy favorit «Manchester Yunayted» hisoblanmoqda.

Chunki «qizil iblislar»ning bosh murabbiyi Ole-Gunnar Sulsher Norvegiyada «Molde» klubida Holandga ustozlik qilgandi. Daily Mirror nashri ma'lumotiga ko‘ra, «MYu»ning yetakchi skautlaridan biri Marsel But «Zalsburg»ning YeChL guruh bosqichi doirasida «Liverpul»ga qarshi kechgan o‘yinini tribunada o‘tirib kuzatgan. Top-klublar harakatga tushgach Sulsherning sabri chidamay norvegiyalik shogirdi bilan uchrashish uchun Avstriyaga uchgan va uni yana o‘zi bilan hamkorlik qilishga undagan.

Markaziy hujumchilarga xos tarzda bo‘yi baland, texnika va tezligi ham joyida bo‘lgan ushbu iste'dodli futbolchi YeChLdagi yorqin o‘yinlaridan tashqari, Avstriya chempionatida ham 14 o‘yinda 16 gol urib, 6 golga assistentlik qilgan. Futbolchining «Zalsburg» bilan shartnomasida 20 million yevro miqdorida tovon puli belgilangan, Transfermarkt.de portaliga ko‘ra esa uning transfer narxi 30 mln yevroga teng. Ammo bildirilayotgan qiziqishlardan kelib chiqqan holda bu baho bir necha barobar o‘sishi mumkin.

Zlatan Ibrahimovich

Foto: Sean M. Haffey/Getty Images

Shvetsiyalik futbolchi 38 yoshga chiqdi va ko‘pchilik «Los-Anjyeles Gelaksi» uning faoliyatidagi so‘nggi klub bo‘lib qolishini aytayotgandi. U esa har bir o‘yinda aql bovar qilmas futbol tryuklarini ijro etishda davom etdi va amerikaliklar Ibrahimovichning har bir o‘yinidan rohat olishdi. 14 noyabr kuni hujumchi «Gelaksi»ni tark etishini e'lon qildi va barcha u faoliyatini yakunlashini ham e'lon qilishini kutdi. Ammo bunday bo‘lmadi.

Avvaliga Zlatan o‘zini Ispaniyada kutishayotgani haqida gapirdi, ammo bu shunchaki bukmekerlar reklamasi ekani ma'lum bo‘ldi. Keyin u «Milan»ga qaytayotgani aytdi, ammo futbolchining agenti Mino Rayola Ibrahimovich qaysi klubga o‘tishini bilmasligini bildirib, barchani chalg‘itib yubordi. Keyinroq Daily Express Zlatan «Everton» bilan shartnoma imzolashi, liverpulliklar klub unga yiliga 4 mln. funt sterling miqdoridagi shartnoma taklif etayotgani haqida xabar tarqatdi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top