22:41 / 11.03.2020
0
9771

«Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni ta'sis etildi

«Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari, xorijiy mamlakatlar parlamentlari vakillari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari rahbarlariga berilishi mumkin.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Oliy Darajali Do‘stlik» ordenini ta'sis etish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 30 sentyabrda qabul qilingan hamda Senat tomonidan 2019 yil 11 oktyabrda ma'qullangan.

Qonunga ko‘ra, «Oliy Darajali Do‘stlik» O‘zbekiston Respublikasining ordenlari tarkibiga kiradi. «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni ko‘krakning o‘ng tomoniga yoki orden zanjirida taqiladi.

Qonunga ilova qilingan «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, orden bilan xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari, xorijiy mamlakatlar parlamentlari vakillari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari hamda ularga tenglashtirilgan boshqa tashkilotlarning rahbarlari va vakillari taqdirlanadi.

Shuningdek, atoqli davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, ta'lim va tarbiya, sog‘liqni saqlash, ma'naviyat, madaniyat va sport sohalarining ko‘zga ko‘ringan ulkan namoyandalari, insonparvarlik ruhidagi ezgu ishlari bilan nom qozongan metsenatlar, biznes hamjamiyatining taniqli vakillari ham mazkur orden bilan mukofotlanadi.

«Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlashda yuqorida qayd etilgan shaxslarning O‘zbekiston bilan o‘zaro do‘stlik, har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini barqaror rivojlantirishda, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni hal etishda yuksak siyosiy iroda namoyon etgani, faol tashabbuslarni ilgari surgani va ko‘p qirrali hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga yangicha ruh, chuqur va amaliy mazmun bag‘ishlagani hamda O‘zbekiston Respublikasi oldidagi alohida e'tirof etilgan yuksak xizmatlari inobatga olinadi.

Shuningdek, «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni bilan:

  • O‘zbekiston Respublikasi bilan chet davlatlari o‘rtasida har tomonlama manfaatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, o‘zaro hurmat va ishonchni kuchaytirishdagi shaxsiy hissasi;
  • xorijiy mamlakatlarning xalqlari bilan do‘stlik, hamjihatlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash borasida ko‘rsatgan alohida xizmatlari;
  • umuminsoniy va milliy ma'naviy qadriyatlarni, tarixiy merosimizni asrab-avaylash, o‘rganish va keng targ‘ib etish, turli xalqlar madaniyati va san'atini yanada boyitishdagi faol ishtiroki;
  • tashqi iqtisodiy faoliyatni kengaytirish, yirik ijtimoiy-iqtisodiy va investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, innovatsion g‘oya va texnologiyalarni yaratish hamda turli sohalarga tatbiq etishda erishgan salmoqli natijalari;
  • ilm-fan va ma'rifat, madaniyat, san'at va adabiyot, ta'lim, sog‘liqni saqlash va sport sohalarini, shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish borasidagi katta yutuqlari;
  • inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlashdagi ko‘p yillik va fidokorona mehnati;
  • kuchli va adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish, fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatimizni demokratik yangilashdagi roli va ahamiyatini oshirish, jamiyat va davlat o‘rtasidagi tizimli va samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari;
  • ekologik muammolarni hal etish, sayyoramiz va mamlakatimizda qulay atrof-muhitni ta'minlash, inson genofondini saqlash, bioxilma-xillik va tabiiy boyliklarni asrab-avaylash, hozirgi va kelgusi avlodning ekologik xavfsizligi haqida g‘amxo‘rlik qilishga qaratilgan ko‘p yillik samarali faoliyati;
  • xalqaro miqyosdagi ulkan jamoatchilik, gumanitar va xayriya faoliyati uchun mukofotlanadi.

Mazkur orden bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar taqdirlanishi mumkin. Bunda «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti hisoblanadi.

Nizomga ko‘ra, «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi hamda farmoni bilan amalga oshiriladi. Ordenni va mukofotlash to‘g‘risidagi tegishli hujjatni topshirish O‘zbekiston Prezidenti tomonidan yoki uning topshirig‘iga binoan boshqa mutasaddi rahbarlar tomonidan tantanali vaziyatda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Prezidentini «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tashabbusi bilan amalga oshiriladi.

Nizomda qayd etilishicha, «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti yoki esdalik sovg‘alarini oladi, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlardan foydalanadi.

Ushbu qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top