12:59 / 07.04.2020
138847

Xorijda koronavirusga chalingan o‘zbekistonliklar haqida ma'lumot berildi

7 aprel holatiga ko‘ra, jahonning 9 mamlakatida jami 23 nafar o‘zbekistonlikka koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Foto: Foto: Spencer Platt / Getty Images

Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Avazbek Hojimetov ayni vaqtda xorijdagi qancha o‘zbekistonlik koronavirus bilan kasallangani haqida ma'lumot berdi.

«Xorijdagi fuqarolarimiz orasida ham epidemiyaga chalinish holatlari yuz bermoqda. Bizda mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, Avstriya (1), Armaniston (1), AQSh (10), BAA (1), Koreya Respublikasi (1), Pokiston (5), Rossiya (1), Tailand (1), Qozog‘istonda (2) bo‘lib turgan jami 23 nafar fuqarolarimizda ushbu kasallik aniqlangan, ulardan 3 nafari vafot etgan.

Diplomatik vakolatxonalarimiz xorijda kasallangan fuqarolarimiz va ularning yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi, zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda», degan vazirlik rasmiysining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Hojimetov xorijdagi o‘zbekistonliklar tomonidan mamlakatda koronavirusga qarshi kurash uchun ko‘rsatilayotgan yordamlarni ham e'tirof etib o‘tgan.

«Shunday sinovli paytda xorijdagi vatandoshlarimiz tomonidan «O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga salmoqli mablag‘ ajratildi. Ularning bu kabi amallari uchun cheksiz minnatdorlik izhor etamiz.

Tashqi ishlar vazirligi tizimi xodimlari, mamlakatimizning xorijdagi barcha diplomatik vakolatxonalari ham ushbu hayrli ishga o‘z hissalarini qo‘shish maqsadida ish haqlarining bir qismini mazkur fondga beg‘araz yordam tariqasida o‘tkazdilar», deydi u AOKAda o‘tkazilgan brifingda.

Bundan avvalroq AQShning Nyu-York shtatida yana bir o‘zbekistonlik koronavirusga chalinish oqibatida vafot etgani va bu mamlakatda koronavirus qurboniga aylanganlar soni 3 nafarga yetgani xabar qilingandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top