10:39 / 24.04.2020
42035

1197 va xayriya markazlarining boshqa telefon raqamlari nega javob bermayapti? – Vodiy viloyatlaridagi holat

Ma'lumki, Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, 1 apreldan joriy qilingan yangi karantin choralari doirasida yakka tartibdagi xayriya aksiyalari vaqtincha to‘xtatilgan edi.

Yangi tartib bo‘yicha ehtiyojmand kishilarga xayriya yordamlarini manzilli tarzda yetkazish Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi qoshida tashkil qilingan Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi orqali amalga oshiriladigan bo‘ldi.

Markaz tashkilotchiligida ijtimoiy yordam mahsulotlari mahallalardagi kam ta'minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, keksalar va nuroniylar, doimiy ish bilan band bo‘lmagan aholi vakillari, shuningdek, karantin tufayli kunlik ishga chiqa olmayotgan fuqarolarning oilalariga yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.

Xayriya markazi bilan 1197 qisqa raqamiga har kuni soat 9:00dan 17:00gacha qo‘ng‘iroq qilgan holda bog‘lanish mumkin.

Bundan tashqari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Toshkent shahri va viloyatlar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmalarining «Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari» telefon raqamlarini ham e'lon qildi. Fuqarolar xayriya mablag‘lari masalasida mana shu raqamlarga bog‘lanishlari kerak.

Xo‘sh, vodiyning uch viloyatida mazkur 1197 telefon raqami orqali ijtimoiy yordam olish imkoni bo‘lyaptimi?

Namangan viloyati, Uchqo‘rg‘on tumani Yashik qishlog‘ida yashovchi Elmurod Imomov aynan shu mavzuda murojaat qildi.

«Har yili kunlar isigach, Qozog‘iston va Toshkent viloyatiga chiqib ishlab kelar edik. Shu orqali oilamizni tirikchiligi o‘tardi. Koronavirus tufayli yo‘llar berkildi. O‘zimizda karantin tufayli ish yo‘q. Bizga ham ijtimoiy yordam bo‘ladimi? Hokimiyatga rosa ko‘p bordik. Hozir bizning tumanda karantin yanada kuchayib, hokimiyatga ham bora olmay qoldik. Ko‘chalarimizga «blok» qo‘yilgan.  1197 va sizlar tomoningizdan e'lon qilingan boshqa raqamlarga ulanishning ilojisi yo‘q. Raqamga kun bo‘yi tersak ham tushib bo‘lmayapti. Biz nima qilaylik? Kimdan yordam so‘raymiz», deydi u.

Yana bir uchqo‘rg‘onlik fuqaro Mansurjon Ashurov o‘z «Damas» avtomashinasida yo‘lovchi tashib tirikchilik qilishini, karantin tufayli kunlik daromad qila olmayotganini bildirdi.

«Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi xayriya markazining 1197 telefon raqamiga juda ko‘p marotaba qo‘ng‘iroq qildim. Nega olishmayotganini bilish uchun boshqa raqamlarga ham ulanishga urindim. Biror marta bog‘lana olmadik. Nega ishlamaydigan telefon raqamlarini e'lon qilishadi. Chaqiradi-chaqiradi, lekin birov ko‘tarmaydi. Ishga chiqa olmayapmiz. Menga ham ijtimoiy yordam juda zarur», deydi M. Ashurov.

Tahririyatimizga shu mavzuda ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda. Biz Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarining Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari bilan bog‘lanishga urinib ko‘rdik.

Foto: Namangan viloyati hokimligi Axborot xizmati
Foto: Namangan viloyati hokimligi Axborot xizmati

Namangan viloyati Xayriya markazining koll-markazidan tashqari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan e'lon qilingan telefon raqamlarga qo‘ng‘iroq qilib ulanishning iloji bo‘lmadi.

Biz raqamlarga uch kun davomida turli vaqtlarda ko‘p bora bog‘lanishga urinib ko‘rdik. Ehtiyojmand aholi ko‘mak kutayotgan yoki xayriyachi mablag‘ o‘tkazishi uchun bog‘lanishi lozim bo‘lgan telefon raqamlar kun bo‘yi band ko‘rsatdi yoki chaqirdi, lekin ko‘tarishmadi.

Andijon viloyati Xayriya markazining e'lon qilingan telefon raqamlari bilan ham xuddi shunday holat kuzatildi. 1197 qisqa raqamiga biror marta tushib bo‘lmadi yoki chaqirsa ham ko‘tarishmadi.

Xayriya mablag‘lari masalasida fuqarolar bog‘lanishi zarur bo‘lgan beshta raqam bilan bog‘lanishga urinib ko‘rganimizda ulardan uchtasi «Raqam o‘chirilgan» rejimida ekanligini bildik. Faqat bitta raqam bilan uzoq urinishlardan so‘ng aloqa bog‘ladik va operator yoki mutasaddi mazkur raqam homiylar uchun ekanligini aytdi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi Axborot xizmati
Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi Axborot xizmati

Farg‘ona viloyatida ham 1197 raqamiga bog‘lanish qiyin bo‘layotgani haqida fuqarolardan kelgan murojaatlar ko‘p. Xayriya mablag‘lari masalasida fuqarolar bog‘lanishi zarur bo‘lgan oltita telefon raqamidan bittasidan «Raqam noto‘g‘ri terilgan» javobini eshitgan bo‘lsak, beshtasi o‘chirilgan bo‘lib chiqdi. Bitta raqam bilan esa uzoq urinishlardan so‘ng bog‘landik va xodim xayriya mablag‘lari, murojaatlar qabul qilishini bildirdi.

Xulosa o‘rnida

Ko‘rinmas balo va ofat bo‘lgan koronavirus pandemiyasi xavfi tug‘ilgan paytda hukumat tomonidan iqtisodiyotni salbiy ta'sirlarsiz olib chiqib ketish, aholining ijtimoiy muhofazasi uchun bir qator ishlar olib borilmoqda.

Yakka tartibdagi xayriyalar vaqtincha to‘xtatilib, muvofiqlashtirish markazlari orqali amalga oshirilishi ham shular jumlasidandir.

Biroq ko‘mak so‘rab 1197 raqami orqali koll-markaziga qilinayotgan ko‘plab qo‘ng‘iroqlar javobsiz qolayotgani ham bor gap. Viloyatlardagi koll-markazlarda operatorlar soni 10 nafar atrofida.

Aholisi 2-3 milliondan ziyod bo‘lgan viloyatlar uchun koll-markazda xizmat qiluvchi operatorlar soni ozlik qilyapti yoki ishga mas'uliyatsizlik bilan qaralmoqda.

Fuqarolarning xayriya mablag‘larini jalb qilish masalasida bog‘lanishi kerak bo‘lgan raqamlarning deyarli ishlamasligi esa g‘alati holat. Axir, telefonlar o‘chirilgan bo‘lsa, xayriya qilmoqchi bo‘lgan fuqaro kim bilan qanday bog‘lanadi?

Ijtimoiy tarmoqlarda yakka tartibda xayriya tashkil qilib, yuzlab muhtoj oilalar holidan xabar olayotgan bloger yoki ko‘ngillilarning katta hajmda ish olib borayotganidan xabardormiz.

Xayriya markazlarining televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali imkoniyatga ega tadbirkor va fuqarolarni xayriya qilishga chaqiradigan targ‘ibot ishlari olib borilishi ham sust.

Viloyat markazlari mutasaddilari xuddi shunday koll-markazlar tumanlarda ham tashkil qilinganini aytishdi. Karantin paytida qiynalgan aholi uchun tumanlarda shunday imkoniyat bo‘lsa, OAV orqali tashviqot qilish yoki tuman markazlariga telefon raqamlari yozilgan bannerlar ilish mumkin-ku? Hozir tumanlarning qiynalgan aholisi ham 1197 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishga urinyapti xolos.

Biz aholi murojaatlariga ko‘ra, vodiyning uch viloyatidagi holat bilan tanishdik. Navbatda esa boshqa hududlar turibdi.

Elmurod Ermatov, Sarvarbek Nazarov

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top