Dunyo miqyosida ko‘plab odamlar har xil qiyinchiliklarga duch kelib turadi. Bular iqlim ofatlari, kasalliklar, kambag‘allik, yana tinchlikka raxna soluvchi boshqa muammolar bo‘lishi mumkin. Shunday vaziyatda volontyorlar odamlarning joniga ora kiradi, ularni qo‘llab-quvvatlab qiyinchilik vaziyatida hech qanday ta’masiz yordam beradi. Biz bunday ko‘ngilli odamlarni volontyorlar deb ataymiz.

Qiziq faktlar

Dunyo bo‘yicha 1 mlrddan oshiq odam volontyorlar hisoblanadi. AQShda esa har to‘rtinchi odam volontyorlik qiladi. Rasmiy va norasmiy manbalarga ko‘ra, ayollar erkaklarga qaraganda ko‘proq volontyorlik bilan shug‘ullanadi.

Ayniqsa, koronavirus pandemiyasidan keyin volontyorlik qilish tizimi o‘zgarib ketdi. Pandemiya boshlangan 2020 yildan 2022 yilgacha onlayn volontyorlik qilish foizi 32 foizdan 51 foizga oshgan.

Volontyorlik nima degani?

Volontyorlar — ko‘ngillilar biror foyda olish maqsadida emas, balki ezgu maqsadlar yo‘lida jamoat ishlarini bajarish, notijorat tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun turli vazifalarni bajarishga kirishgan kishilardir. Ular bu maqsad yo‘lida o‘z vaqtlari va energiyalarini pul olmasdan sarflaydi.

Masalan, qaysidir hududda sel toshqini bo‘lib odamlarning yashash joylari xarobaga aylangan bo‘lsa, volontyorlar tozalash ishlariga yordam berishi mumkin. Yoki o‘tkaziladigan turli foydali tadbirlarni tashkillashtirib berishi mumkin. Ularning turli yo‘nalishlarda odamlarga foydasi tegadi. 

Volontyorlik qanday vujudga kelgan?

Volontyorlik tarixi 12-asrdagi Buyuk Britaniya bilan bog‘lanadi. Bu davrda volontyorlar tomonidan boshqariladigan 500 dan ortiq kasalxonalar bor edi. Lekin tarixda bundan oldin ham odamlarga ko‘ngilli tarzda yordam berish tizimi bo‘lganini inkor qilib bo‘lmaydi. Ko‘ngilli tarzda qilinadigan ishlar, asosan, din va diniy idoralar bilan bog‘liq tarzda amalga oshirilgan.

"Volontyor" so‘zining paydo bo‘lishi esa 17-asrga borib taqaladi, bu so‘z fransuz tilidan olingan. Uning faol ishlatilishi 18-asrda odamlarning harbiy xizmatga ko‘ngilli tarzda qo‘shila boshlashi bilan ommalashadi. Bugunga kelib esa "volontyor" so‘zi harbiy xizmat bilan emas, ko‘proq jamoat ishlari bilan bog‘liq.