15:52 / 02.05.2020
18787

Oliy sud Plenumi karantinning sud ishlarini ko‘rishga doir ta'siri bo‘yicha qaror qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishining oldini olishga qaratilgan choralar joriy etilishi munosabati bilan qonun hujjatlarini qo‘llashning ayrim masalalari haqida” qarori qabul qilindi.

Foto: KUN.UZ

Unda belgilangan eng asosiy jihatlardan biri – bu karantin amal qilishi davrida da'vo muddati O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 156-moddasi birinchi qismining 1 va 2-bandlariga asosan to‘xtatilishini sudlarga tushuntirishdir.

 Bunda sudlar shunga e'tibor qaratishi lozimki, agar karantin da'vo muddatining oxirgi olti oyida joriy etilgan yoki amal qilishi davom etib turgan bo‘lsa, da'vo muddatining o‘tishi to‘xtatiladi.

 Da'vo muddatining to‘xtatilishiga asos bo‘lgan karantin bekor qilingan kundan boshlab da'vo muddatining o‘tishi davom etadi, bunda muddatning qolgan qismi olti oygacha, agar da'vo muddati olti oydan kam bo‘lsa, da'vo muddatiga qadar uzaytiriladi.

 O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 333-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra, basharti, qonunda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda majburiyatni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan shaxs faqat majburiyatni lozim darajada bajarishga yengib bo‘lmaydigan kuch, ya'ni favqulodda va muayyan sharoitlarda oldini olib bo‘lmaydigan vaziyatlar (fors-major) tufayli imkon bo‘lmaganligini isbotlay olmagan holdagina, javobgar bo‘ladi.

 Qarorda shu munosabat bilan sudlar majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi masalani hal etishda (neustoyka undirish, zararlarni qoplash, shartnomani bekor qilish va boshqalar) majburiyatlarni bajarmaslik sabablarini aniqlashi, agar majburiyatni bajarish yoki lozim darajada bajarish karantin joriy etilishi tufayli mumkin bo‘lmaganligi aniqlanganda, talabni qanoatlantirishni rad etishi lozimligi belgilandi.

 Shuningdek, sudlar fuqarolik, jinoyat, ma'muriy, iqtisodiy ishlar bo‘yicha ish yuritishni karantin joriy etilishi munosabati bilan to‘xtatishga haqli emasligi va ularni o‘z vaqtida, karantin shartlarida belgilangan ehtiyot choralariga rioya qilgan holda ko‘rib chiqishi, bunday choralar ko‘rishning hamda protsess ishtirokchilari ishtirokini amalda ta'minlashning imkoniyati bo‘lmaganda, ishni ko‘rishni ma'lum muddatga qoldirish to‘g‘risida ajrim chiqarishi lozimligi ta'kidlandi.

 Qarorning yana bir e'tiborga molik jihati shuki, unda karantin joriy etilgunga qadar qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlari, shuningdek, karantin davrida chiqarilgan va karantin joriy etilishi munosabati bilan apellyatsiya tartibida shikoyat qilinmagan (protest keltirilmagan) sud qarorlari karantin amal qilishi bekor qilingandan so‘ng ijroga qaratilishi nazarda tutildi.

 Iqtisodiy sudlarga Prezident Farmoniga muvofiq, karantin joriy etilgan paytdan boshlab va 2020 yil 1 oktyabrgacha bo‘lgan davrda chet eldan xorijiy valutadagi tushum tushishi kechiktirilishiga yo‘l qo‘ygan eksport (import) qiluvchilarga moliyaviy jarimalar qo‘llash to‘g‘risidagi arizalar kelib tushganda bunday arizalarni qabul qilish rad etilishi, agar ariza ish yuritishga qabul qilingan bo‘lsa, ish bo‘yicha ish yuritish tugatilishi lozimligi, Farmon qabul qilingunga qadar qo‘zg‘atilgan chet eldan xorijiy valutadagi tushum tushishi kechiktirilishiga yo‘l qo‘ygan eksport (import) qiluvchilarga moliyaviy jarimalar qo‘llash to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ish yuritish esa 2020 yil 1 oktyabrga qadar to‘xtatilishi uqtirildi.

 Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020 yil 3 apreldagi PF-5978-sonli Farmoni qoidalarini inobatga olgan holda, agar 2020 yil 1 oktyabrga qadar bo‘lgan davr mobaynida kredit qarzdorligini undirish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda qarzdor tomonidan kredit bo‘yicha to‘lovlar karantinning amal qilish davrida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelganligi sababli kechiktirilganligi va shu sababli qarzdor kechiktirish huquqiga ega ekanligi aniqlanganda, arz qilingan talabni qanoatlantirish rad etilishi lozimligi sudlarga tushuntirildi. Bunday qaror joriy etilgan karantin rejimi qarzdorlarning faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatganligi aniqlanganda, qarzdorlarning muddati o‘tib ketgan kreditlariga jarima sanksiyalarini undirish va undiruvni garov ta'minotiga qaratish to‘g‘risidagi da'volar bo‘yicha ham qabul qilinishi belgilandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top