09:21 / 21.06.2020
38949

«Sayyohlarga minglab dollar shunchaki berib yuborilmaydi» – Aziz Abduhakimov 3 ming dollar haqidagi shov-shuvlar haqida

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda pandemiya sharoitida turizmni jonlantirish uchun qilinayotgan sa'y-harakatlar, nima uchun O‘zbekistonga kelib koronavirus yuqtirib olgan sayyohlarga 3000 dollar berilishi e'lon qilingani, galdagi rejalar haqida so‘zlab berdi.

«Maqsadimiz – turizmni jonlantirish»

«Kuchaytirilgan sanitariya-epidemiologik xavfsizlik rejimi talablariga qat'iy rioya qilgan holda turizm sohasini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qaroriga muvofiq O‘zbekistonda koronavirus yuqtirib olgan sayyohlarga 3 ming dollar miqdorida kompensatsiya to‘lab berilishi haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Istardimki, yurtdoshlarimiz bu qaror bilan yaxshiroq tanishishsin.

Chunki qarorda mamlakatimizda turizmning qayta oyoqqa turishi uchun suv va havoday zarur bo‘lgan bir qator chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu ko‘pchilikning e'tiborini tortgan «3000 dollar masalasi»dan ancha muhimroqdir. Chunki bu chora-tadbirlar ertaga ko‘zlangan natijasini beradigan bo‘lsa, aholimizning daromadi ko‘payadi, yangi ish o‘rinlari yuzaga keladi, buning oqibatida davlat g‘aznasiga tushum ortadi. Maqsadimiz – hozirgi qiyin sharoitda turizmni jonlantirish.

O‘zbekistonga kelib koronavirus yuqtirib olgan sayyohlarga 3 ming dollar miqdorida kompensatsiya to‘lab berilishiga izoh berishdan oldin bitta narsani - turizm eng avvalo PR ekanini eslatib o‘tmoqchiman. Ya'ni O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini butun dunyoda targ‘ibot qilishimiz kerak. Shu ma'noda prezident qarorida ko‘zda tutilgan bu tadbir aslida o‘ziga xos «PR yurish» edi. Hozirgi vaqtda dunyoda sayyohlarni jalb qilish uchun O‘zbekiston tomonidan ko‘rilgan ushbu chora juda katta rezonansga sabab bo‘lmoqda, xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholanmoqda. Demak, O‘zbekistonni PR qilish uchun qo‘yilgan ushbu qadam o‘zining natijalarini bera boshladi.

«Nima uchun aynan 3000 dollar?! »

O‘zbekistonga keladigan sayyohlar koronavirusga chalinib qolguday bo‘lsa, nima uchun aynan 3000 dollar to‘lanishi kerakligi, bu miqdor qayerdan olingani ko‘pchilikni qiziqtirishi shubhasiz. Aslida buni oshkor qilmoqchi emasdik, mayli, muhokamalar shunchalikka borib yetibdi, jamoatchilik bilishi uchun buning sababini tushuntirib beraman.

Xabaringiz borki, Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga chalingan bir nafar bemorni davolash uchun davlat 32,3 mln, kasalligi og‘ir kechayotgan har bir bemor uchun esa 64,4 mln so‘m xarajat qilinayotgani ma'lum qilgandi. Ushbu xarajatlar to‘liq budjetdan qoplanmoqda. 32 mln so‘mni dollarga o‘giradigan bo‘lsak, 3000 dollardan oshadi. Mana qayerdan olindi bu miqdor!

Nafaqat O‘zbekiston fuqarolari, balki chet el davlati fuqarosining mamlakatimiz hududida koronavirusga chalingani aniqlangudek bo‘lsa, u indamasdan qo‘yib yuborilmaydi, avval davolanib, keyin yurtiga qaytishiga yoki safarini davom ettirishiga ruxsat beriladi. Ayna paytda koronavirus aniqlangani uchun bir qancha xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari, qo‘shni va xorijiy davlat fuqarolari O‘zbekistondagi karantin zonalarida saqlanmoqda yoki shifoxonalarda davolanmoqda.

Demoqchimanki, biror-bir xorijlikning koronavirus infeksiyasini yuqtirgani O‘zbekiston hududida ma'lum bo‘lsa, shundog‘am uni davolagan bo‘lardik. Bu degani uning davolanishi uchun kamida 32 mln so‘m sarflangan bo‘lardi. Aslida bu butun dunyoda kuzatilayotgan tabiiy jarayon, nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa davlatlar ham koronavirusga chalingan chet el fuqarolarini imkon qadar davolashmoqda. Buni ayni damda xorijda bo‘lib turgan yurtdoshlarimiz ham tasdiqlashlari mumkin.

Mana shunday vaziyatda, karantin cheklovlari sekin-asta yumshayotganidan foydalanib, o‘ziga xos usulda dunyo jamoatchiligining e'tiborini O‘zbekistonga qaratishni istagandik, xolos. Bu bizning o‘ziga xos nou-xaumiz bo‘ldi va bu harakat o‘z natijasini bera boshladi.

«Sayyohlarga 3000 dollar shunchaki berib yuborilmaydi»

Avvalambor, O‘zbekistonga keladigan sayyohlarning koronavirus infeksiyasini yuqtirmasliklari uchun zarur barcha profilaktik choralar ko‘rilishini alohida ta'kidlab o‘tishni istardim. Prezident qarorida ham masalaning bu jihati belgilab qo‘yilgan.

Sayyohlar boradigan joylar mutasaddi tashkilotlar tomonidan epidemiologik jihatdan tekshiruvdan o‘tkaziladi, dezinfeksiya qilinadi. Sayyohlar belgilangan barcha sanitar-gigiyena talablariga rioya qilingan muassasalargagina olib boriladi.

Biroq qarorni to‘liq o‘qimasdan, uning mazmunidan yaxshi xabardor bo‘lmasdan ayrim yurtdoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlarda «Hozirgi murakkab sharoitda shu kerakmidi, har bir sayyohga naqd 3 minglab dollar berib yuboraverilsa, g‘aznada pul qolmaydi-ku, undan ko‘ra o‘sha pulni karantin davrida ishsiz qolib qiynalgan xalqqa tarqatish kerak», degan mazmunda izohlar qoldirishmoqda. Ularga shunday degan bo‘lardim: Xotirjam bo‘ling, mamlakatimizga tashrif buyuradigan sayyohlarga minglab dollar pul shunchaki berib yuborilmaydi.

Yuqorida aytib o‘tganimday, bu ishga aynan karantin davrida doimiy daromadidan ayrilgan, ma'lum muddat ishsiz qolgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida qo‘l urildi. O‘zbekistonga keladigan birgina sayyoh ortidan qancha odam non yeyishi, qozon qaynatishi mumkinligini o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring!

Endi eng yomon ssenariyni ham tasavvur qilaylik. Xudo ko‘rsatmasin, PR-kampaniyamizga qiziqib O‘zbekistonga kelgan sayyohda koronavirus aniqlandi. Unda nima bo‘ladi? Unga kompensatsiya to‘lab beriladi, bu haqda gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Lekini bor. Bunday vaziyatda, ya'ni koronavirusga chalingani ma'lum bo‘lgan har qanday odam xohlasa-xohlamasa O‘zbekistonda davolanadi. Davolanish uchun o‘sha pulni sarflashiga to‘g‘ri keladi. Chunki davlat kasallikni yuqtirgani uchun tovon puli bergandan keyin uni davolash borasidagi majburiyatidan soqit bo‘ladi.

Shunday qilib, sayyohga kompensatsiya sifatida berilayotgan 3 ming dollarni davolash xarajatlari uchun davlat yana o‘ziga qaytarib oladi. Ya'ni mantiqan o‘ylaganda birorta sayyoh o‘zi bilan bu 3000 dollarni yurtiga olib keta olmaydi, oxirida yana o‘zimizga tashlab ketadi, davlat yutqazmaydi.

Shu jihatdan olib qaraganda, bu maxsus PR-texnologiyalar orqali mavjud vaziyatdan oqilona foydalanishva karantindan so‘ng sekin-asta dunyoga ochilayotgan O‘zbekistonga sayyohlarni jalb etish niyatidamiz.

«Xorijlik sayyohga koronavirus yuqishiga mahalliy tadbirkorlar sabab bo‘lib qolsa...»

Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan tadbirkorlik sub'yektlarida belgilangan sanitariya talablariga rioya etilmasligi oqibatida koronavirus aniqlansa, bu obektlar va shaxslarni karantinga olish bilan bog‘liq xarajatlar mazkur sub'yektlar hisobidan qoplanishi ma'lum qilingan edi. O‘zi aslida mamlakat miqyosida karantin cheklovlari yumshatib borilmoqda. Lekin afsuski, ko‘p joylarda yurtdoshlarimiz buni boshqacha tushunishmoqda, zimmasidagi majburiyatlarni bajarishmayapti, natijada kasallik ayrim hududlarda qayta avj olmoqda.

Endi ko‘pchilikning e'tiroziga sabab bo‘lgan yuqoridagi qarorga to‘xtaladigan bo‘lsak, karantin cheklovlari yumshatilib, kimningdir faoliyatiga ruxsat berildi degani bu kasallik tugaganini anglatmaydi. Aksincha, faoliyatini qayta boshlagan sub'yektlar zimmasiga muayyan sanitariya talablariga rioya etish vazifasi yuklatilgan. Bordiyu ana shu qoidalarga amal qilmaslik natijasida kimlargadir koronavirus infeksiyasi yuqib qolgudek bo‘lsa, zimmasidagi majburiyatlarga mas'uliyatsizlik bilan qaragani, ko‘pchilikning salomatligiga xavf tug‘dirganining tovonini to‘lashga majbur. Bunday bo‘lmasligi uchun sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish kifoya.

«Xorijlik sayyohga koronavirus yuqishiga mahalliy tadbirkorlar sabab bo‘lib qolsa, nima bo‘ladi?» degan savolning javobi ko‘pchilikni qiziqtirayotgani shubhasiz. Shuni ishonch bilan aytishim kerakki, bunday bo‘lmaydi. Yuqorida aytganimday bunday bo‘lishining oldini olish maqsadida zarur barcha choralar ko‘riladi, barcha imkoniyatlar ishga solinadi. Karantin davrida O‘zbekistonga keladigan sayyohlar duch kelgan joyga ovqatlanishga, tunashga olib borilmaydi, ularning virus yuqtirmasligi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz.

«O‘zbekistonga ko‘proq sayyohlarni olib kelishimiz kerak»

Rejalarimiz, o‘ylab qo‘ygan ishlarimiz ko‘p. Xalqaro turizm bozorida yuqoriroq pog‘onalarga chiqmoqchimiz, O‘zbekistonga ko‘proq sayyohlarni olib kelmoqchimiz.

Pandemiyadan keyin sekinlik bilan bo‘lsa-da, xalqaro turistik bozorlar ochila boshladi, ko‘plab davlatlar xalqaro parvozlarga ruxsat berib, chegaralarini ochmoqda. Biz ham bu borada ko‘plab mamlakatlar bilan ikki tomonlama muzokaralarni olib bormoqdamiz. Jumladan, Isroil, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy bilan parvozlar tiklanish arafasida. Ayni paytda ular bilan masalaning ayrim jihatlarini kelishmoqdamiz. Bir so‘z bilan aytganda, xalqaro parvozlar uchun ochilishga tayyorlanyapmiz.

Qachondir pandemiya tugaydi, ammo u qachon tugashini kutib o‘tirmasdan shu sharoitda ishlashni o‘rganishimiz kerak.

Shu o‘rinda bloger va vlogerlar, ommaviy axborot vositalari vakillaridan O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlarini keng targ‘ib qiladigan, chet elliklarda mamlakatimizga nisbatan qiziqishni kuchaytiradigan materiallar, videolarni ko‘proq tayyorlash va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatishlarini so‘rab qolardim. Ularning yordamiga har qachongidan ko‘ra muhtojroqmiz.

Ayni paytda dunyo mamlakatlari sayyohlarni o‘ziga jalb qilish uchun turli targ‘ibot usullaridan foydalanmoqda. Masalan, Yaponida hukumati ichki va tashqi turizm yo‘nalishidagi har bir sayyoh uchun 185 dollardan pul to‘lashga tayyorligini ma'lum qilgan. Biz ham boshqalardan qolishmasligimiz, aksincha, qolganlarnikidan qiziqroq, afzalroq takliflar bilan sayyohlarni O‘zbekistonimizga chorlashimiz kerak bo‘ladi.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Top