22:55 / 20.07.2020
30269

AQSh Davlat departamenti Qodirovni qora ro‘yxatga kiritdi - U pulemyot ko‘tarib javob berdi

Mayk Pompeo Checheniston rahbarini inson huquqlarini buzish, jumladan qotilliklarda ayblagan. Ramzon Qodirov va uning oilasiga AQShga kirish taqiqlandi.

Ramzon Qadirov. Foto: Chechen Respublikasi rahbari adiministratsiyasi

AQSh Davlat departamenti Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Checheniston Respublikasi rahbari Ramzon Qodirovni «inson huquqlarini qo‘pol ravishda poymol etgani» uchun qora ro‘yxatga qo‘shgan. Bu haqda davlat kotibi Mayk Pompeo xabar bergan.

«Departament o‘n yildan ko‘proq muddat avval Qodirov tomonidan qiynoqlar va sudsiz qatl qilishlar bilan bog‘liq inson huquqlarining ko‘p sonli buzilishlariga doir ishonchli ma'lumotlarga ega», — deb qayd etgan Pompeo.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar Checheniston rahbarining rafiqasi Medni Qodirova va qizlari Oysha va Xadichaga ham ta'sir qiladi. AQSh o‘zi bilan maslakdosh davlatlar xuddi shunday sanksiyalar joriy qilishlariga erishmoqchi.

Davlat departamenti bayonotida Qodirov koronavirus pandemiyasini yoritayotgan ikki jurnalistga ham tahdid qilgani aytilgan. Bundan tashqari, AQSh tashqi siyosat idorasi «Rossiya federal hokimiyatining pandemiyaga qarshi choralari tanqidiy ruhda yoritilayotgan maqolalarni senzuraga tortayotganligi»ni qoralagan.

Sanksiya haqidagi xabarlarga javoban Ramzon Qodirov o‘zining Telegram kanalida javob qaytargan. U qurol to‘la xonada qo‘lida ikkita pulemyot ko‘targancha tushgan suratini joylagan. Illyustratsiya ostiga tagso‘z ham bitilgan: «Pompeo, biz jangni qabul qildik! Endi yanada qiziqroq bo‘ladi!»

Ramzan Kadyrov. Foto: t.me/Kadyrov_95

«Kalibr» sport majmuasining sportcha otish mashqlari bo‘yicha murabbiyi Sergey Soldetskiyning RBKga aytishicha, Qodirov qo‘llarida Kalashnikovning modernizatsiya qilingan pulemyotlarini ushlab turibdi.

Checheniston yetakchisiga nisbatan sanksiyalar joriy etilganini Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova allaqachon izohlagan. «Bunga mos javob berish qiyin bo‘ladi, lekin nimadir o‘ylab topamiz», — deb yozgan u Facebook’da.

2019 yil aprelda AQSh Checheniston hukumati raisi Muslim Xuchiyevga ham mamlakatga kirishni taqiqlab qo‘ygan edi. Amerika hukumati uni mahalliy qiynoqlarga daxldor deb hisoblaydi. Xuchiyevning rafiqasi Sapiyat Shabazova ham cheklov ostiga tushgan.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi o‘shanda «bu qadam tashabbuskorlari Rossiyaning ushbu hududi vakillariga nisbatan yana asoslanmagan ayblovlarni ishga soldi», deb bayonot bergan edi. Qodirov o‘shanda AQShga kira olmaslikdan Xuchiyevga «issiq ham, sovuq ham» bo‘lmasligini aytgan edi.

O‘sha yilning dekabrida inson huquqlari buzilishi yuzasidan sanksiyalar Grozniy shahri bo‘yicha IIV boshqarmasi boshlig‘i Aslan Irasxanovga nisbatan ham qo‘llanilgan edi. AQShdagilar avvalroq Ahmat Qodirov nomidagi patrul-post bo‘linmasi qo‘mondoni lavozimida ishlagan Irasxanov 27 kishining o‘limiga javobgar deb hisoblashadi. 

Top