«Novaya gazeta Yevropa»: Ramzan Qodirovga «oshqozon osti bezi nekrozi» tashxisi qo‘yilgan
Kremldagilar Checheniston rahbarligiga yangi odam qidirayotgani aytilgan. Asosiy nomzod - maxsus topshiriqli bo‘linma komandiri Apti Alaudinov.
2019 yil yanvarida Checheniston rahbari Ramzon Qodirovga «oshqozon osti bezi nekrozi» tashxisi qo‘yilgan. Bu haqda «Novaya gazeta Yevropa» materialida aytiladi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Qodirov pankreonekroz rivojlangan — bu kasallikda oshqozon osti bezining bir qismi quriydi.
«Novaya gazeta Yevropa» bu ma’lumotni qayerdan qo‘lga kiritganiga aniqlik kiritmagan. Bu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i yo‘q, chechen hukumati bu xabarga munosabat bildirmagan.
Nashrga ko‘ra, 2019 yildan beri Qodirov bir yilda kamida ikki bor Moskvadagi prezident ishlari boshqarmasi tasarrufidagi Markaziy klinik shifoxonada «muntazam ravishda, jumladan jarrohlik» muolajalarini oladi. O‘sha yil fevralida Qodirov respublika boshqaruvini bosh vazir Muslim Xuchiyevga topshirib, o‘zi grippga chalinganini aytgandi. Shu bilan birga, ikki kun davomida o‘ziga kapelnitsa qo‘yilganini bildirgandi. 2020 yil yanvarida Qodirov «vaqtincha ishlay olmasligi» tufayli yana Checheniston rahbari vakolatlarini vaqtincha topshiradi.
«Novaya»ning tasdiqlashicha, 2020 yil yozida koronavirus bilan kasallangan Qodirov «endokrin tizimi bilan bog‘liq jiddiy muammolar <…> tufayli zo‘riqib qoladi».
Materialda aytilishicha, 2022 yil bahorida Checheniston rahbarining salomatligi «keskin yomonlashib boradi». Natijada, deb yozadi nashr, buyrak yetishmovchiligi va o‘pkada suv turib qolishi Qodirovda nafas qisishini yuzaga keltiradi, u «gapirishga qiynaladigan, imillab yuradigan va chechen iqlimi uchun juda issiq kiyinadigan» bo‘lib qoladi.
2023 yil sentabr oyi o‘rtalarida telegram-kanallarda (xususan, muxolifatdagi chechen telegram-kanali NIYSO’da) Qodirovning sog‘ligi yomonlashgani va u go‘yoki «komaga tushib qolgani» to‘g‘risida xabarlar tarqaladi. Xabarlarda Checheniston rahbari Markaziy klinik shifoxonaga yotqizilgani aytilgan. «Novaya gazeta Yevropa»ning shifoxonadagi manbasi tasdiqlashicha, Qodirov bu yerga «„Dormikum“ trankvilizatori me’yoridan ortiq qabul qilinishi oqibatida paydo bo‘lgan» o‘tkir nafas yetishmovchiligi bilan olib kelingan. Bu preparat «jarrohlik amaliyotidan oldin bemorlarni tinchlantirish uchun» qo‘llanadi, chunki faol modda (midazolam) «tinchlantiruvchi va uxlatuvchi ta’sirga ega». «Novaya» ma’lumotiga ko‘ra, preparat go‘yoki kuchli og‘riq, uyqusizlik va jonsaraklikdan aziyat chekkan Qodirov uchun «samarali dori»bo‘lib chiqqan. Preparatni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish nafas olishda muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Nashr manbasi so‘zlariga ko‘ra, Qodirov shunday holatda Markaziy klinik shifoxonaga yotqizilgan. Checheniston rahbari sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan, tibbiy koma holatiga tushirilgan.
2023 yil 20 sentabrida Qodirovning telegram-kanalida u «tirik va sog‘ligi» haqida post joylanadi. Unda respublika rahbari Markaziy klinik shifoxonaga kelgani, ammo bundan maqsad bu yerda davolanayotgan amakisi Magomed Qodirovni ziyorat qilish bo‘lgani ma’lum qilingan. Qodirovning matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan videoda Checheniston rahbari palatada shifoxona koykasida yotgan amakisining oldida o‘tirgani aks etgan. 6 oktyabr kuniyoq Qodirov va uning amakisi Grozniydagi masjid ochilishi vaqtida olingan videoga tushib qoladi. «Novaya»ning qayd etishicha, bu videoda Magomed Qodirov «juda tetik» ko‘ringan, Checheniston rahbarining «mazasi yo‘qligi» bilinib turgan.
2023 yil sentabrda Markaziy klinika shifoxonasi Qodirovning holatini barqarorlashtirishadi va «uning nisbatan layoqatli holatga qaytaradi», deb tasdiqlagan «Novaya». Shifoxonadagi manbaning so‘zlariga ko‘ra, Qodirovning miyasi magnit-rezonans tomografiya (MRT) tekshiruvidan o‘tkaziladi, uning natijasi «Qodirovning yaqinlarini tushkunlikka tushiradi». Nashr Davlat dumasi deputati Adam Delimxanovga (Qodirovning yaqin kishilaridan) aloqador manbadan iqtibos keltiradi, u respublika rahbarining qarindoshlari tashxisni qanday qabul qilishgani haqida gapirgan: «Rahbar oldingidek bo‘lmaydi, [yangi] kasallik [unga] jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Agar u hozir tuzalib ketsa ham, u endi na tirik, na o‘lik bo‘ladi». Nashr qanday «yangi kasallik» haqida gap borayotganiga aniqlik kiritmagan.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Qodirovning salomatligi mavzusiga e’tiborni kamaytirish maqsadida Rossiya hukumati Checheniston rahbarida barchasi joyida ekanini ko‘rsatishga qaratilgan «piar-kampaniya» boshlaydi. Unda RF prezidenti Vladimir Putin ham qatnashib, omma oldida Qodirov bilan bir necha uchrashuv o‘tkazadi. 2023 yil sentabrida Qodirovning Moskvaga «ishchi tashrifi doirasida» FVV rahbari Aleksandr Kurenkov bilan o‘tkazgan uchrashuvi videosi namoyish etiladi. «Novaya»ning tasdiqlashicha, uchrashuv Markaziy klinik shifoxona bosh vrachi kabinetida bo‘lib o‘tgandi. Bir necha kun o‘tib jurnalist Kseniya Sobchak o‘ziga Qodirov videoaloqa orqali qo‘ng‘iroq qilgani haqida xabar beradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘ng‘iroq vaqtida Checheniston rahbari keshyu yong‘og‘ini yeb turgan. «Agenstvo»ning taxmin qilishicha, ataylab bu detaldan foydalanilgan, chunki shifokorlar buyrak yetishmovchiligi mavjud bo‘lgan odamlarga yong‘oq iste’mol qilmaslikni tavsiya etishadi (Qodirovda buyrak yetishmovchiligi borligi haqida o‘shanda «Exa Moskva» sobiq bosh muharriri Aleksey Venediktov ham xabar bergandi).
Piar-kampaniya doirasida «federal piarchilar RF prezidenti administratsiyasi bilan kelishgan holda» Qodirovga uning 15 yoshli o‘g‘li Adam Nikita Juravelni qanday kaltaklagani aks etgan videoni e’lon qilishni maslahat qilishgan. Video Qodirovning kanalida 25 sentabr kuni paydo bo‘ladi. Shundan keyin Adam Qodirovga turli medallar topshirish tadbirlari boshlanib ketadi. «Novaya»ning qayd etishicha, shuning evaziga «Ramzan Qodirovning xastaligi mavzusi tezlik bilan axboriy kun tartibidan chiqadi».
Sentyabr oyi oxirida Qodirov Chechenistonga qaytadi, shundan keyin respublika rahbari turli rasmiy tadbirlarda qatnashgani to‘g‘risida ko‘p sonli xabarlar tarqatiladi. Checheniston axborot vaziri Axmed Dudayev «Checheniston Respublikasi rahbarining o‘n kunlik faoliyatidagi 50 punkt» haqida xabar berib, buni «provokatorlar va safsatabozlar uchun eng yaxshi javob» deb ataydi.
«Novaya gazeta Yevropa»ning ta’kidlashicha, aynan 2023 yil sentabrida RF prezidenti administratsiyasi «Chechenistonda hokimiyat o‘zgarishiga to‘g‘ri keladigan vaziyat uchun ssenariy ishlab chiqish»ga kirishgan. Nashr Qodirovning vorisi Checheniston IIV rahbarining sobiq o‘rinbosari, «Axmat» maxsus topshiriqli bo‘linmasi komandiri Apti Alaudinov bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. 2024 yil aprelida u RF mudofaa vazirligi Harbiy-siyosiy ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari etib tayinlangan.
«Novaya gazeta Yevropa» maqolasi e’lon qilinishidan bir necha soat o‘tib Qodirovning telegram-kanalida respublika rahbari «regionning Ukrainadagi maxsus harbiy amaliyotdagi ishtiroki masalalari bo‘yicha» yig‘ilish o‘tkazgani to‘g‘risida post paydo bo‘ldi. Postga ilova qilingan video to‘rt daqiqadan oshiq davom etgan. «Agenstvo»ning e’tibor qaratishicha, Qodirovni yirik planda jami 40 soniyaga yaqin ko‘rsatishgan, ammo kamera biror marta Checheniston rahbarining yuzini uch soniyadan ko‘p vaqt ushlab turmagan. Yirik plan ko‘rsatilganda Qodirov bir holatda qotib o‘tiradi va suhbatdoshlariga qaramaydi.
Mavzuga oid
14:56 / 17.11.2024
Ijrosini 11 yil kutgan “hukm”: 18 yoshli chechen qizni zo‘rlab o‘ldirgan rossiyalik zobit taqdiri haqida
15:10 / 12.11.2024
Zarema Musayevaga nisbatan yangi jinoiy ish ochildi
12:27 / 06.11.2024
«Memorial» Chechenistonda erkaklar ommaviy qo‘lga olinayotganini ma’lum qildi
18:15 / 02.11.2024