16:02 / 23.07.2020
3575

Ekspert: Migrantlarni chet elda uyushgan holda yollash, ishga joylashtirish, o‘qitish, hayoti hamda sog‘lig‘ini sug‘urtalashni belgilovchi maxsus qonunchilik mavjud emas

O‘zbekistonda mehnat migratsiyasi tashkillashtirilmagan, chunki mamlakatda migratsiya sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning zarur tashkiliy-huquqiy mexanizmlari, migrantlarni chet ellarda uyushgan holda yollash, ishga joylashtirish, o‘qitish, hayoti hamda sog‘lig‘ini sug‘urtalash va hokazolarni belgilovchi maxsus qonunchilik mavjud emas. «Huquqiy muammolarni o‘rganish markazi» NNT direktori Shamil Asyanov «O‘zbekistonda yoshlar mehnat migratsiyasini tartibga solish istiqbollari» mavzusida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy videokonferensiya chog‘ida shunday fikrlarni bildirdi. 

Bugungi kunda XMTning hisob-kitoblariga ko‘ra, xalqaro muhojirlar soni dunyo bo‘ylab 272 mln. kishiga yetgan va ularning uchdan ikki qismi mehnat migrantlari hisoblanadi. Bu dunyo aholisining 3,5 foizidir. 2019 yilda muhojirlarning pul o‘tkazmalari 689 mlrd. AQSh dollaridan oshgan.

Qayd etilishicha, 70 mln.dan ortiq aholi yashaydigan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun asosiy masalalardan biri bu – yoshlar migratsiyasidir. Migratsiya nuqtai nazaridan mintaqaning barcha mamlakatlarida umumiy xususiyatlar kuzatiladi. Masalan, Qozog‘iston ish beruvchi davlat bo‘lsa, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston asosan ishchi kuchi yetkazib beradigan davlatlar hisoblanadi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, har yili 600 mingdan ziyod bitiruvchilar mehnat bozorida barqaror ish o‘rinlarini yaratishni talab qilmoqda va ularning aksariyati ish qidirayotganligi ushbu sohadagi ishlar yetarli darajada olib borilmayotganini ko‘rsatadi.

Ushbu vaziyatdagi asosiy vazifalardan biri tartibli mehnat migratsiyasini tashkil qilishdir. 2018 yilda O‘zbekiston Respublikasidagi mehnat migrantlari umumiy sonining 52 foizi 16-30 yoshdagi fuqarolar bo‘lgan.

Videokonferensiyada ish beruvchi tomonidan mehnat migrantlari huquqlari buzilishining oldini olish, mehnat migratsiyasi jarayonlarining faollashuvi va unda yoshlar ishtiroki tobora ortib borayotgani, 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning migratsiya jarayonidagi faol ishtiroki, mamlakat iqtisodiy ko‘rsatkichining o‘sishi, aholi bandligini vaqtincha ta'minlashga ijobiy ta'sir qilishi bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.

Ma'lum sabablarga ko‘ra, mamlakatda tashqi mehnat migratsiyasi yuqori darajada saqlanib qolinmoqda. Misol uchun, O‘zbekistondagi ish haqi boshqa ish beruvchi mamlakatlardagi ish haqiga nisbatan past. 2017-2018 yillarda O‘zbekistonda eng yuqori o‘rtacha ish haqi gaz va neftni qayta ishlash sanoatida kuzatilgan (400 AQSh dollar), sog‘liqni saqlash va ta'lim sohalarida esa o‘rtacha ish haqi past (150-170 dollar). Qishloq xo‘jaligi sohasida ishchilar uchun ish haqi 100 dollargacha. Shunday qilib, migrantlarning daromadi mahalliy aholining o‘rtacha daromadidan ikki yoki uch baravar ko‘pdir.

Mavzuga oid
Top