17:51 / 02.09.2020
11649

Astmaga chalinganlar sport bilan shug‘ullanishi mumkinmi?

Sport va jismoniy faollik trend maqomidan tushib, odatiy hayot tarzimizga aylanib borayotganiga ancha bo‘ldi. Xo‘sh, astmatiklar sport bilan qanday shug‘ullanishadi? Nojo‘ya oqibatlar yuzaga kelmasligi uchun mashg‘ulotlar qay tartibda olib borilgani ma'qul? Quyida shu va shu kabi savollarga shifokorlarning javoblari keltiriladi.

Avvalo, «sport» va «jismoniy tarbiya» tushunchalarini ajratib olish zarur. Olimpiya o‘yinlari rekordlari emas, balki aynan jismoniy faollik salomatlikka foydali ta'sir ko‘rsatadi. Ammo bunda ham chegarani bilish kerak.

1-ziddiyat. Jismoniy faollik – astmani davolovchi eng yaxshi dori

Jismoniy faollik mushak karkasini mustahkamlaydi va shu tufayli astma bilan og‘rigan bemorning o‘zini yaxshi his qilishiga turtki bo‘ladi – baquvvat mushaklarga ega astmatik yengilroq nafas oladi.

Agar bemor harakatlanib turmasa, davolanishda o‘sish kuzatilmaydi.

Biroq jismoniy faollik astmadan davo sifatida qabul qilinmagan – u davolash kursining bir qismi xolos, ammo muhim qismi. Astmatiklar harakatlanishi kerak, jismoniy yuklama sog‘lom odamlarniki kabi bo‘lishi lozim. Toqqa chiqish, suvga tushish, tog‘ chang‘ilarida uchish mumkin va kerak.

Sovuqda muntazam mashg‘ulotlar bemor holatini sezilarli darajada yaxshilashiga ajoyib misol bo‘la oladi. Figurali uchish bilan shug‘ullanadigan bolalar muz ustida ko‘p vaqt o‘tkazishadi va sovuqqa moslashishadi. Ammo bu ham jismoniy mashqlar astmani davolaydi degani emas, ular faqat nafas olishdagi noqulaylikni yengishga va mushaklarni kuchaytirishga yordam beradi. 

2-ziddiyat. Astmada jismoniy faollik mutlaqo taqiqlangan

Jismoniy faollik astma bilan og‘rigan bemor uchun faqat bitta holatda - bo‘g‘ilish xuruji paytida taqiqlangan. Xurujni jismoniy faollik bilan yengib o‘tishning iloji yo‘q. Tananing tobi qochib turgan vaqtda inson o‘zini nafas olish va harakat qilishga majburlashi mumkin emas. Bunday holatda jismoniy yuklama bemor o‘zini yanada yomonroq his qilishiga sabab bo‘ladi.

Qolgan vaqtlarda jismoniy harakat foydali bo‘ladi. Jismoniy mashqlar hajmini o‘lchash uchun an'anaviy birlik - qadamlar soni mavjud. Astmatiklar uchun ortib ketishi taqiqlangan ma'lum bir me'yor belgilanmagan, ammo quyi chegara mavjud: kuniga 7000 qadam - astma bilan kasallangan bemor bunga osonlikcha toqat qilishi kerak. Ushbu faollik davolanishga yordam beradi.

Agar mashg‘ulotlar paytidagi ehtiyotkorlik haqida gapiradigan bo‘lsak, maxsus choralar talab qilinmaydi. Jismoniy mashqlar paytida astmatiklar o‘zlarini har qanday vaqtda bo‘lgani kabi tutishlari kerak: bo‘g‘ilish xurujini keltirib chiqaradigan omillardan saqlaning,  xurujni to‘xtatadigan dorini o‘zingiz bilan olib yuring va muntazam ravishda dori-darmonlarni qabul qiling. Astmani davolovchi dori-darmonlar nafas olish yo‘llarida lokal tarzda harakat qiladi va jismoniy yuklamaga chidash qobiliyatiga ta'sir qilmaydi - ular qon va ichki organlarga kirmaydi, mushaklar va suyaklarga daxl qilmaydi. 

Preparatni to‘g‘ri qo‘llash uchun kukunli ingalyatorlar, speyserli yoki speysersiz dozalangan aerozolli ingalyatorlar va nebulayzerlar qo‘llanadi. Qurilmani tanlash dori turiga va bemorning imkoniyatlariga bog‘liq. Bolalar har doim ham nafas olish va preparatni qo‘llash mutanosibligiga erisha olishmaydi, ularga aerozolli ingalyator yoki nebulayzerdan foydalanish tavsiya etiladi. Ushbu uskunalar muolaja paytida tabiiy nafas olishga, dori-darmonlar tezroq yetkazib berilishiga va muolaja vaqti qisqarishiga imkon beradi. Kompressorli ingalyatorlar o‘zini oqlagan. Ular suyuq dori mayda zarrachalarga bo‘linishini ta'minlaydi va dori og‘izga o‘rnashib qolmay, nafas olish yo‘llariga kiradi. Astmani nazorat qilish uchun pikfloumetrlardan foydalaniladi. Ushbu uskunalar bemorlarga har kuni o‘zlarining holatini kuzatib borish, yaqinlashib kelayotgan zo‘rayishni o‘z vaqtida sezish va davolash yoki mashg‘ulot rejimini o‘zgartirish imkonini beradi.

Astma va faol hayot tarzini qanday birlashtirish mumkin?

Astmatiklar uchun professional sport tavsiya etilmaydi, ammo mashg‘ulotlar zarur. Barcha odamlar singari, astmatiklar ham iqlim omillariga e'tibor berishlari kerak. Haddan tashqari issiq yoki sovuqda jiddiy jismoniy yuklama olish yaramaydi – bu holatlarda havo yo‘llari tez qurib qoladi. Astma bemorlari bronxlaridagi balg‘am ko‘proq yopishqoq bo‘ladi – bu esa ekstremal iqlim sharoitida bezovtalik va yo‘talni keltirib chiqarishi mumkin.

Hamma biror sababga ko‘ra unutib qo‘yadigan yana bir omil bor – uyqu. Har qanday odamda jismoniy faoliyat odatdagi uyqu davomiyligi, o‘rtacha yetti soat bilan birga olib borilishi kerak.

Astmatiklarning uyquga talabi yuqori bo‘ladi. Xurujlarning aksariyati ertalab, bemor alohida noqulaylik his qilayotgan paytda sodir bo‘ladi. Bu davolanishda xatolarga yo‘l qo‘yilganini anglatmaydi, ammo bemor uyqu paytida nimadan nafas olayotganiga ahamiyat qaratishi kerak. Uy jihozlarida gipoallergen qoplamalar bo‘lishi, uy hayvonlarining egasi bilan uxlashiga yo‘l qo‘ymaslik, yotoqxonadagi havo yaxshi namlangan va tozalangan bo‘lishi kerak.

Astma bilan og‘rigan, ammo doimiy ravishda jismoniy mashqlar qilishni va faol turmush tarzini olib borishni istagan har bir kishiga umumiy tavsiya: his-tuyg‘ularingizga quloq soling, qulay sharoitlarda mashq qiling va dori-darmonlarni e'tiborsiz qoldirmang. Shunda mashg‘ulotlar sizga foyda keltiradi.

Top